«Tuzalsam, katta bo‘lsam hammani samolyotimda uchiraman»
5 yashar Ruslanning quvnoqligi dilni yayratadi. Tanasidagi dard esa uni og‘riqlarga bog‘lab qo‘ygan. Surxondaryoning olis Tezoqar qishlog‘idan kelgan bolakayga shifokorlar oqqon tashxisi qo‘yishgan.
«8 oy avval o‘g‘limning issig‘i tushmasdan, oyoq-qo‘llari og‘rib Surxondaryoda kasalxonaga borganimizda revmatizm deb noto‘g‘ri tashxis qo‘yishgan ekan. 4 oy davolandik, «davolab bo‘lmaydi» deyishgach Toshkentga keldik.
Sal kechikibmiz: oqqon tashxisini qo‘yishdi. Oyoq-qo‘llari ishlamay qolgandi, hozir ancha yaxshi. Bor-budimizni sotdik, endi ilojsizlikdan xalqimizdan yordam so‘rayapmiz», deydi Ruslanning onasi Nargiza Ravshanova.
Orzulari bir dunyo bolakay kelajakda uchuvchi bo‘lishni istaydi. «Oyog‘im og‘rib yurolmay qolganim uchun shu yerga keldim. Shu opalarim meni davolashdi. Tuzalsam, katta bo‘lsam, hammani samolyotimda uchiraman», deydi u.
Ruslan Sheraliyevga oid ma'lumotlar:
Uzkard: 8600 0417 6174 6222 (Otasi Gayirov Latifjon nomida)
Visa: 4097 8211 0071 1659
Sberbank: 4817 7601 8610 6658 (qarindoshi Bekzod Amirov nomida)
Telefon: +998991412441 (onasi)
«Katta qizimni 16 yoshida berib qo‘ydim, kichik qizim ham 16 yoshida kasalga chalinib o‘tiribdi»
Yoshlikning eng gullagan davrlarini tengdoshlari qatori yayrab o‘tkazishni orzu qilgan 16 yoshli Mashhura Olisheva ayni davrni to‘shakka mixlangancha o‘tkazmoqda. Asli sirdaryolik bu qizga o‘tkir leykoz tashxisi qo‘yilgan.
«Mol-hollarimizni, qo‘ylarimizni sotdik. Yaqinlarimiz ham qo‘llaridan kelgancha yordam berishdi. Endi saxovatpesha xalqimizdan yordam so‘rashga majbur bo‘lyapmiz. Iltimos, bolamning oyoqqa turib ketishiga yordamingizni ayamang», deydi Mashhuraning onasi Sayyora opa.
Mashhura Olishevaga oid ma'lumotlar:
Agrobank: 8600 0417 0592 0016 (Otasi Mamaraimov Fayzulla nomida)
Visa: 4278 3100 2049 6378
Sberbank: 4276 4421 9441 4770 (Ukasi Mamaraimov Jo‘rabek nomida)
Telefon: +998994774382 (otasi)
«Bolasining bu kasalga chalinishini hech bir ona ko‘tarolmaydi»
Navbatdagi bemorimiz 5 yoshli Behro‘z Toshmamatov. Kasallik sabab Surxondaryodan kelib davolanayotgan bu bolakayning ahvoli ancha jiddiyligiga guvoh bo‘ldik.
Behro‘zning onasi Malohat Saidova bu kasallik yozda boshlanganini aytdi.
«Avgustning o‘rtalarida to‘satdan ahvoli og‘irlashib, reanimatsiyaga tushib qoldi. Keyin Toshkentga olib keldik. Bor mablag‘imizni ishlatib, shu kungacha yetib keldik. Bundan buyog‘iga qiynalib qoldik.
Olayotgan dorimiz reaksiya bergani uchun boshqa doriga o‘tishmoqchi. Bu dorining bittasi 500 dollar atrofida turar ekan», deydi u.
Onaning aytishicha, oila boshlig‘i 2-guruh nogironi bo‘lgani sabab hech qayerda ishlamaydi. Behro‘zning dorilariga esa 35-40 mln so‘m atrofida mablag‘ zarur.
Behro‘z Toshmamatovga oid ma'lumotlar:
Agrobank: 8600 0417 3035 0858 (Otasi Lolayev Nurali nomida)
Visa: 4278 3100 2039 9283
Sberbank: 4817.7602.1446.3667 (Amakisi Lolayev Sherqo‘zi nomida)
Telefon: +998909159855 (otasi)
Azizlar, biz savobtalab xalqmiz. Yaxshilar yordamidan umid qilayotgan bu bolalar shifo istashadi. Imkoni borlar ozmi-ko‘pmi mablag‘lari bilan, imkoniyati yo‘qlar duolari bilan ularni qo‘llaylik. Zero, hech birimizning farzandlarimiz xastalanmasin.
Gulmira Toshniyozova,
Tasvirchi Doniyor Yakubov