Gazli gazni qayta ishlash zavodi ochildi: aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berishda o‘zgarish bo‘ladimi?

Jamiyat 13:19 / 28.12.2020 19808

Dastur doirasida jurnalistlar Gazli gazni qayta ishlash zavodining tantanali ochilish marosimiga guvoh bo‘lishdi.

Gazli gazni qayta ishlash zavodini ishga tushirish ramziy tugmasi bosildi. Ushbu jarayonda Buxoro viloyati jamoatchiligi, soha faxriylari bevosita ishtirok etdi.

Shundan so‘ng zavod faoliyati bilan tanishildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Gazli gazni qayta ishlash zavodida avvallari konlardan kelayotgan xomashyo gazi qayta ishlangan. Gaz oltingugurt birikmalaridan tozalanib, «O‘ztransgaz» AJning hududiy boshqarmalariga yetkazib berilgan. Ushbu hudud Uchqir gazni oltingugurtdan tozalash kompleksi deb yuritilgan.

2020 yilda Gazli gazni qayta ishlash zavodida bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirildi. 2020 yil 9 yanvardagi «2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq gazni quritish qurilmasi va yillik quvvati 80 ming tonna gazdan propan-butan aralashmasi ajratib olish va 37,5 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarish qurilmalari qurib, ishga tushirildi. Shu sababli Uchqir oltingugurtdan tozalash kompleksiga Gazli gazni qayta ishlash zavodi maqomi berildi.

Bugungi kunda gazdan propan-butan aralashmasi ajratib olish qurilmasining birinchi bosqichi ishlatishga topshirildi. Ya’ni birinchi bosqichda gaz kondensati ishlab chiqarilsa, qolgan uskunalarni ishga tushirish bilan bosqichma-bosqich suyultirilgan gaz ishlab chiqarishga o‘tib boriladi.

Zavodning ochilish marosimida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov so‘zga chiqdi. Mazkur zavodning ishga tushirilishi soha rivoji, qolaversa, xalqimizning tabiiy gaz va gazdan olinadigan mahsulotlarga bo‘lgan talabini qondirishda muhim ahamiyat kasb etishi ma’lum qilindi.

«Joriy yilda to‘rtta loyihani ishga tushirishni rejalashtirgan edik. Mana, bugun to‘rtinchi loyihaning amalga oshganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Shuningdek, GTL zavodining ham qurilish ishlari yakunlanish arafasida.

Shu o‘rinda 2021 yilda «O‘zbekneftgaz»ning oldida turgan eng muhim vazifalarga to‘xtalmoqchiman. Xususan, gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish va aholiga uzluksiz yetkazib berishni maqsad qilganmiz. Suyultirilgan gazning hajmini oshirib, tabiiy gaz yetib bormayotgan hududlarga yetkazib berish masalasi turibdi. Bu bo‘yicha davlat rahbarining bir qator topshiriqlarini olganmiz. Kelayotgan yilda juda katta vazifalarni o‘zimiz uchun belgilab oldik.

«O‘zbekneftgaz» rahbari sifatida vatandoshlarimizga aytmoqchimanki, bizning zaxiralarimiz yetarli. Xudo xohlasa, biz gazni qazib olish, ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha katta topshiriqlar olganmiz. Xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun tizim bilan birgalikda ishlaymiz, degan umiddaman va rahbar sifatida o‘z mas’uliyatimni sezib turibman»,dedi Mehriddin Abdullayev.

«O‘zbekneftgaz» rahbari umuman, Gazli gazni qayta ishlash zavodining ishga tushirilishi natijasida 80 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz olinishini ma’lum qildi. Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarini qo‘shimcha tarzda suyultirilgan gaz bilan ta’minlash imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, aholiga berilayotgan tabiiy gaz tarkibidan oltingugurt ajratib olinadi va uning sifatiga ijobiy ta’sir qiladi.

Shu o‘rinda tarixga nazar tashlasak, Gazli hududida yirik gaz koni o‘tgan asrning elliginchi yillarida ochilgan bo‘lib, dastlabki gaz zaxirasi deyarli 500 mlrd kub metrni tashkil qilgan. 1962 yilda konni o‘zlashtirish boshlanib, tabiiy gaz Buxoro-Ural gaz quvuri orqali Rossiyaga jo‘natilgan.

Hozirgi vaqtda Gazli mintaqasining mavjud gaz zaxirasi 182 mlrd kub metrni tashkil qiladi. 2017-2020 yillar davomida ushbu hududda olib borilgan geologiya qidiruv ishlari natijasida 8 ta yangi gaz kondensati konlari ochildi (To‘maris, Janubiy Kulbeshkak, Andakli, Shorqum, Shortak, Sharqiy Xatar, O‘rtaqum, Janubiy Oqqum).

2020 yilda tabiiy gaz qazib chiqarish 33,6 mlrd kub metrni, gaz kondensati 1 million 415 ming tonna, neft 204 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Buning uchun 121 ta yangi quduq burg‘ilandi va ishga tushirildi, 600 ta quduq mukammal va joriy ta’mirlandi, 42 ta texnologik obekt qurildi.

Ma’lum bo‘lishicha, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan kelgusi yilda ham uglevodorod qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. 2021 yilda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi 33,9 mlrd kub metrni tashkil etishi kutilyapti.

Gazli «uyg‘ondi». Sohadan nafaqaga chiqqan faxriylarning ta’biricha, bu hududda ochilgan, topilayotgan kon va quduqlar xalqimizning yaxshi kunlariga, farovonligiga xizmat qiladi.

Jurnalist Isomiddin Po‘latov

Ko‘proq yangiliklar: