Fitna nazariyalariga ishonadiganlar bilan qanday muomala qilish kerak?

Jamiyat 11:03 / 27.12.2020 10932

Deylik, bayram arafasida oila davrasida ovqatlanib o‘tiribsiz. Shu payt stol atrofidagilardan biri koronavirusga qarshi emlash orqali inson tanasiga mikrochip o‘rnatilishi mumkinligi haqida gap ochib qoldi yoki yana kimdir «Koronavirus o‘zi yo‘q narsa» deb qoldi. Boshiga tushmaguncha odamzod ishonmaydi-da. Xo‘sh, bunday vaziyatda ularga qanday javob qayratish lozim? BBC shu kabi savollarga javob izladi.

1. Tinchlaning

Garchi noto‘g‘ri fikrlarga qarshi chiqish muhim bo‘lsa-da, agar bahs janjalga aylanadigan bo‘lsa, undan hech bir naf va ma'no yo‘q. Qolaversa, yuqori haroratda kechuvchi bunday munozaralar oxir-oqibat fitna nazariyalarini yanada mustahkamlaydi.

Psixolog Jovan Bayford fitna nazariyalari odatda kuchli hissiy ta'sirga egaligini ta'kidlaydi: «Fitna nazariyalari faqat to‘g‘ri va yoki yanglish tushunchalar bilangina bog‘liq emas. Ular dunyo ishlariga nisbatan bo‘lgan nafrat va g‘azab bilan «sug‘oriladi».

Qolaversa, bu yil epidemiya, AQSh siyosati va dunyodagi boshqa muhim voqealarni izohlashga ehtiyoj ortgani sababli fitna nazariyalari yanada kuchayib ketdi.

Angliya janubidagi Uayt orolida yashovchi 38 yoshli Ketrin bu holatni bevosita boshdan kechirayotganlardan biri. Ilgari odamlarga zarar yetkazish uchun vaksinalar ishlatilgani haqidagi fitna nazariyalariga ishongan Ketrin bu fikrlarni chetga surib qo‘ydi: «Har qanday vaziyatda ham xotirjamlikni saqlash juda muhim. Shuni yodda tutingki, kim bilan suhbatlashishingizdan qat'i nazar, u ham xuddi siz kabi o‘z ishonch va e'tiqodi uchun jon kuydiradi va uni qabrgacha himoya qila olishga qodir».

Shifokorlarning maslahatini ham unutmang: baqirish koronavirusning tarqalish xavfini oshiradi. Bu esa «past» ovoz bilan gaplashish kerakligiga yana bir sabab.

2. Takabbur bo‘lmang

«Do‘stlaringiz va oilangiz bilan kechadigan suhbatlaringizda ularni masxara qilish o‘rniga, ularga nisbatan xayrixohlik bilan munosabatda bo‘ling», deydi dezformatsiya bilan kurashadigan «First Draft» tashkiloti vakili Kler Vardl.

Vardlning qoidasi shu: «Qarashlari uchun hech kimni omma oldida uyaltirmang. Bu, ehtimol, teskari natija berishi mumkin».Psixolog Jovan Bayfordning «Agar fitna nazariyalari haqida bahslashmoqchi bo‘lsangiz, boshqalarning fikriga kibr bilan munosabat bildirmang. Umumiy til topishga harakat qiling» degan gapi ham yuqoridagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuni esda tutingki, odamlarning fitna nazariyalariga ishonish sabablari ko‘pincha ularning xavotirlari, tashvishlari bilan bog‘liq. Ushbu his-tuyg‘ularni tushunishga harakat qiling, ayniqsa, 2020 yil ortda qolayotgan bir pallada…

3. Tanqidiy fikrlashga undang

Fitna nazariyalariga ishonadigan odamlar ko‘pincha shunday deyishadi: «Men buni o‘zim o‘rganib chiqdim».

Ammo muammo shundaki, ularning tadqiqotlari ko‘pincha Youtube’dagi «shov-shuvli» videolarga, Facebook’dagi odamlarning tasodifiy kuzatuviga yoki Twitter’dagi soxta akkauntlarga asoslangan bo‘ladi.

Biroq Bayfordning fikricha, fitna nazariyalarida hukmronlik qiladigan skeptitsizm ratsional fikrlashning kaliti ham bo‘lishi mumkin: «Fitna nazariyalariga ishonadigan ko‘pchilik insonlar o‘zlarini sog‘lom skeptiklar yoki o‘z-o‘ziga ta'lim beruvchi tadqiqotchilar deb bilishadi. Fikringizni siz qadrlaydigan va baham ko‘radigan narsa sifatida taqdim eting. Maqsadingiz ularni kamroq shubha qiladigan odamga aylantirish emas. Maqsadingiz ular shubha qilayotgan narsalarni o‘zgartirishdir».

Aynan ushbu usul Belfastda yashovchi va 11 sentyabr bo‘yicha fitna nazariyalarining ashaddiy kuzatuvchisi bo‘lmish Filga yordam berdi: «Ko‘pincha men rasmiy ma'lumotlardan shubhalanadigan ko‘plab mutaxassislarning mavjudligini ta'kidlar edim. Bu men uchun juda ishonarli tuyulardi. Axir, ular nima uchun yolg‘on gapirishsin, deb o‘ylar edim».

Biroq keyinchalik Fil o‘z shubhasini nafaqat «rasmiy manbalar»ga, balki muqobil ekspertlarga ham yo‘naltira boshladi. U ilmiy uslubga va skeptikaga chuqurroq yondashdi. Natijada muayyan mutaxassis ishongan har qanday ma'lumot har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi, degan to‘xtamga keldi: «Siz har qanday fikrni himoya qiluvchi mutaxassislarni topishingiz mumkin».

Kler Uordl esa fitna nazariyalarini ilgari surayotgan odamlar nimaga erishmoqchi ekanligiga e'tiborni qaratishni tavsiya qiladi: «Masalan, buning ortida sog‘liq uchun qo‘shimcha preparat sotadiganlarning moliyaviy daromadi yoki ular erishmoqchi bo‘lgan obro‘-e'tibor turgan bo‘lishi mumkinligi haqida bir o‘ylab ko‘ring».

4. O‘rtaga savol tashlang

Ma'lumotni tasdiqlash muhim, ammo fitna nazariyalarini ehtiros bilan himoya qiladiganlar qarshisida bu to‘g‘ri yondashuv bo‘lmasligi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, savollar da'vo va iddaolardan ko‘ra samaraliroqdir.

«Dezinformatsiya yaratuvchilarining taktikasiga e'tibor qaratish – bu noto‘g‘ri ma'lumotni yo‘q qilishning yanada samarali usulidir», deydi Kler Vardl.

Odamlarni o‘zlari ishongan narsalarini shubha ostiga qo‘yishga undang. Masalan, ular ishonch bildirgan ba'zi ma'lumotlar bir-biriga zidmi? Ular himoya qiladigan nazariya mantiqiy asosga egami? Ular qarshi dalillar mavjudligi haqida o‘ylab ko‘rishganmi?

«Savollar berish orqali odamlarga o‘z xatolarini payqashga imkon berasiz, ishongan narsalariga nisbatan shubha uyg‘otasiz va bu bilan ularning muqobil qarashlarni ham ko‘rib chiqishlariga yordam bergan bo‘lasiz», deydi o‘tmishda fitna nazariyalariga ishongan Fil.

5. Natijaga tez erishishni kutmang

Ehtimol, bir yaxshi suhbat «haqiqatni anglab yetish» lahzasini keltirib chiqaradi, deb o‘ylashingiz mumkindir. Ammo bu fikrga ishonib qolmang. Chunki fitna nazariyalari ostida qolgan odamning ulardan xalos bo‘lishi uchun ko‘p vaqt ketishi mumkin.

«Siz nimaga erishishingiz mumkinligi haqida realist bo‘ling. Fitna nazariyalari ularga ishongan insonlarda ustunlik hissini uyg‘otadi. Bu esa o‘ziga o‘zi qadr-qimmat berishning muhim manbayidir. Shuning uchun ham ular o‘zgarishlarga qarshi turishadi. Bu odatiy hol», deydi psixolog Jovan Bayford.

Ma'lumotlarni tekshirish bo‘yicha ishlaydigan Kler Vardlning fikricha, muammo faqat ichki «men» bilangina bog‘liq emas. Zotan, ortda qolayotgan yil ko‘pchilik uchun qo‘rqinchli bo‘ldi. Bu qo‘rquv va xavotirlar esa fitna nazariyalarining ildiziga suv quydi.

«Barchaning hayoti ostin-ustun bo‘lib ketgani va hamma izoh izlayotganini unutmang. Fitna nazariyalari, odatda, muayyan masalaga oydinlik kiritadigan oddiy, kuchli hikoyalardan iborat. Haqiqat esa murakkab va tartibsizdir. Miyamizning haqiqatni qayta ishlashi qiyin kechadi», deydi Uordl.

Biroq mutaxassislar garchi tezkor natijaga erishmasangiz-da, aslo taslim bo‘lmaslikni tavsiya qilishadi. 

Ko‘proq yangiliklar: