DXX Andijon viloyati boshqarmasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “Turonbank” ATB Andijon filiali Qo‘rg‘ontepa bank xizmatlari ofisining mas'ul va moddiy javobgar shaxslari o‘zlarining moddiy javobgarligidagi Qo‘rg‘ontepa bank xizmatlari ofisi ichida bo‘lgan “UZKARD” bankomatiga joylashtirib qo‘yilgan jami 191 mln 540 ming so‘m miqdoridagi pullarni olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlangan. Bu haqda Departamentning hududiy boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Bundan tashqari, “Turonbank” ATB Andijon filiali Qo‘rg‘ontepa bank xizmatlari ofisi naqd pul mablag‘larining qoldig‘i bank mutaxassislari tomonidan o‘rganilganida, bank kassasiga 2020 yil 17 dekabr kuniga qadar jami 47 mln 282 ming so‘m miqdorida pul mablag‘lari kirim qilinganligi haqidagi hisobotlar kiritilgan. Biroq bank kassasida mazkur kirim qilingan naqd pullarning 36 mln 48 ming so‘mi mavjud emasligi aniqlangan.
Mazkur holatlar bo‘yicha “Turonbank” ATB Andijon filiali Qo‘rg‘ontepa bank xizmatlari ofisi mas'ul va moddiy javobgar shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, «Turonbank»ning Zangiota filiali sobiq xodimi jinoiy yo‘l bilan fuqarolarning bankka omonatda saqlashga topshirgan 100 ming AQSh dollarini o‘zlashtirib ketgani ma'lum bo‘lgandi.