Ijodiy guruhning dastlabki manzili Bog‘dod tumani markazida joylashgan avtoshohbekat bo‘ldi. Tuman markazidagi haydovchilar asosan «Damas» avtomashinasidan yo‘lovchi tashishda foydalanishadi. Haydovchilarga mikrofon tutganimizda ular bugungi kunning eng og‘riqli masalalaridan biri – «zapravka»lardagi navbatlar haqida gapirib berdi.
«Metan to‘ldirish «zapravka»lardagi muammolarni borsangiz ko‘rasiz. Buni so‘z bilan ta'riflab bera olmayman. O‘zim avtomobilimga gaz to‘ldirish uchun bir kunda 3 soatdan 5 soatgacha navbatda turaman. Ikki ming so‘mlik yo‘nalishda qatnayman. Yo‘nalish uchun har oy litsenziya olaman – oylik to‘lovi 350 ming so‘m. Endi o‘ylab ko‘ring: metanda 5 soatgacha navbatda tursam, kunimning yarmi o‘tadi.
Metan to‘ldirib chiqib, ikki marta borib kelamanmi-yo‘qmi, qorong‘u tushadi. Shu taraflari ozgina qiyinchilik tug‘diradi. Agar gazda muammo bo‘lmasa, bunday qiyinchiliklar ham bo‘lmaydi. Lisenziya olish uchun oylik to‘lovni ham bajaraman, undan orttirib ro‘zg‘orimni ham tebrataman. Yozda yaxshi bo‘lib ketadi. Lekin qishda muammo», – deydi haydovchilardan biri.
Kishi qay yurtga bormasin, o‘sha hududning bozori-yu, mozorini ziyorat qiladi. Bog‘dodda haftaning payshanba va yakshanba kunlari katta bozor bo‘ladi. Qolgan kunlari esa tuman aholisi kundalik xaridni tuman markazidagi kichik bozorchada amalga oshiradi.
Hozir narx-navolar barqarorligini ta'minlash hududiy rahbarlarning muhim vazifalaridan biriga aylangan. Ayniqsa go‘sht narxi dolzarb.
«Qo‘y go‘shti olmoqchi edik. 68 ming so‘mdan bermoqda. Mol go‘shti narxi bilan hali qiziqib ko‘rmadik», – deydi Bog‘dod tumani markazidagi go‘sht do‘konidan xarid qilayotgan ayollar.
Go‘sht sotuvchini ham suhbatga tortdik.
«Novvos go‘shtlarini 60 ming so‘mdan, qo‘y go‘shtini 70 ming so‘mdan sotyapmiz. O‘zim qassobman. O‘zim so‘yib, o‘zim sotaman», – deydi u.
Ulardan bugungi kunda joylarda arzonlashtirilib sotilayotgan yarmarkalarda go‘sht narxi nisbatan arzonroq-ku, deb so‘raganimizda, ular buni quyidagicha izohladi:
«Ular endi naviga qarab sotilmoqda. Sigir go‘shtini 50 mingdan sotishmoqda, g‘unajin go‘shti 55 ming so‘mdan, novvos go‘shtini 60 mingdan sotishmoqda. Go‘shtning ta'mida farqi bor».
Qassob-tadbirkor bilan suhbatimizni yakunlab, meva bozoriga o‘tamiz. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan mandarin narxi bilan qiziqdik.
«Mandarin narxi – 50 ming so‘m. O‘zimiz 48 ming so‘mdan olib kelyapmiz. Qolsa, ikki ming so‘m foyda qoladi», – deydi sotuvchi ayol.
Aholi qishda uyini isitish uchun o‘tin va ko‘mirdan foydalanadi. Bu mahsulotlar uchun esa hududlarda alohida savdo shoxobchalari tashkil etilgan. Tuman hududidan o‘tadigan Farg‘ona yo‘lining ikki chetida ko‘mir sotadigan tadbirkorlar faoliyat yuritadi. Bog‘dodliklarning aksariyati ko‘mir mahsulotlarini shu yerdan xarid qiladi.
Mahsulotlar maxsus qoplarga tortib, joylanib, xaridorlar olib ketishi uchun qulay qilib qo‘yiladi. Yo‘l chetidagi ko‘mirni maxsus qoplarga joylayotgan tadbirkorlarni suhbatga tortdik. Narxlar bilan tanishdik.
«Ko‘mir narxi 700 so‘mdan boshlanadi. Turiga va holatiga qarab 900, 1000, 1200 so‘mgacha bor. Bitta qopga 50 kilo ko‘mir joylanadi. 50 kilolik qopdagi ko‘mir bitta xonadonga 5-6 kungacha yetishi mumkin», – deydi tadbirkor.
Kun.uz'ning murojaatlar bo‘limiga Bog‘dod tumanidan ham murojaatlar kelib tushmoqda. Muammolarning aksariyatini tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv va yo‘l bilan bog‘liq muammolar tashkil etadi.
Tuvadoq qishlog‘idan yuborilgan murojaatni o‘rganish uchun qishloq sari yo‘l oldik. Bu yerda mahalla ahli nomidan murojaat yo‘llagan fuqaro Alijon aka Erkaboyev bizni kutib oldi.
Murojaatchining aytishicha, hududda elektr energiyasidagi uzilishlar bartaraf etilmayati.
«Svet»ning rejasiz, ogohlantirishsiz uzib qo‘yilishi odamlarning sabrini sinamoqda. Bu – odamlarning ustidan ochiqdan-ochiq kulish emasmi? Sababi noma'lum. Tuman elektr tarmoqlariga telefon qilsak, doimo band. Adashib tushib qolsak ko‘tarmaydi yoki ko‘tarib qo‘yib qo‘yadi», – deya Alijon aka telefoni yordamida tuman elektr tarmoqlari korxonasiga bir kunda qilingan chaqiruv qo‘ng‘iroqlarini ko‘rsatdi.
Hisoblab chiqdik. Barcha chaqiruvlar soni 150dan ortiq. Eng qizig‘i, telefondagi chaqiruvlarga tuman elektr tarmoqlari korxonasi dispetcherlik bo‘limidan hech qanday javob berilmagan.
«O‘zimiz-ku bir amallamoqdamiz. Biroq, uyda qari ota-onalarimiz bor, ko‘pchilikda go‘daklar bor. Ular qiynalyapti. Aynan kechki ovqat vaqtida, ertalab nonushta ustida o‘chirib qo‘yiladi».
Mahalla ahlining fikricha, qishloqqa bir kunda berilsa 1–2 soatgacha elektr energiyasi beriladi. Qolgan vaqtlar esa ular toksiz o‘tirishga majbur. Elektr energiyasisiz mahallada istiqomat qiladigan maktab o‘quvchilarining dars tayyorlash jarayonlari bilan qiziqdik.
«Sharoit borlar akkumlyator qo‘yib uyini yoritadi, kimdir dvijok qo‘shadi. Masalan, menda ikkalasi ham yo‘q, farzandlarim telefon yorug‘ida dars tayyorlaydi», – deydi Alijon Erkaboyev.
Tuvadoqliklarni qiynab kelayotgan muammolardan yana biri – ichki yo‘llar. Suhbatdoshimizning aytishicha, qish faslining yog‘in-sochin kunlarida mahalladagi o‘quvchilarning aksariyati maktabga bormaydi.
«Farzandlarimizni bu yo‘llarda maktabga yuborgani qo‘rqamiz. Mahalla ahli ikki bor pul yig‘ib, ko‘chalarga shag‘al to‘ktirdik. Yaqinda mahalla oqsoqoli kelib, «mahalla yo‘llarini hamkorlikda qilamiz, avtoulovga yonilg‘i quyib bersalaring, ulovni o‘zim topaman, yana shag‘allashtiramiz», degan edi. U ham gapligicha qolib ketdi. Orada qish kirib kelib hamma o‘zini tashvishi bilan o‘zi bo‘lib ketdi».
Biz qishloq ahlidan mazkur masala bo‘yicha tuman hokimligi, sektor rahbariga murojaat qilgan-qilmaganini so‘radik. Alijon akaning bildirishicha, hokimlikka borgan, mas'ullarga murojaat qilgan. Biroq masala mana bir necha yildirki, hal etilmasdan kelinmoqda.
«Sektor rahbarini tanimaymiz. U kim, nima ish qiladi, bexabarmiz. Biror marotaba mahallaga kelib aholi bilan uchrashmagan. Lekin mahalla oqsoqolini ko‘rib turamiz», – deydi u.
Bog‘dodga bir kunlik safarimizning batafsil tafsilotlari bilan yuqoridagi ko‘rsatuv orqali tanishishingiz mumkin.
Maqola so‘ngida ikki asosiy taassurotimizni aytib ketsak. Birinchisi – qishloqlarimizda elementar sharoitlarning yo‘qligi (ortiqcha izohga hojat yo‘q). Ikkinchisi esa, muammolarga qaramay, hayot qaynayapti – tirikchilik g‘amidagi odamlarning ertangi kunga umidi katta. Ularga biroz sharoit qilib berilsa bas.
Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Shohuyor Qayumov