«O‘zimizga bog‘liq» - Shodmonov koronavirusning yangi shtammlari chiqsada, kasallik avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkinligi haqida gapirdi

Jamiyat 20:53 / 24.12.2020 6301

«Jalb etilgan budjet mablag‘lari, kredit mablag‘lari, homiylik yordamlari evaziga kovid-poliklinikalari, taqsimlash markazlari, mobil brigadalar tashkil etilib, 73ta raqamli rentgen apparati, og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun 3000ta funksional krovat, 2200ta sun'iy nafas oldirish apparati, 150ta PZR apparati va boshqa jihozlar olindi.

Mahalliy ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilib, PZR testlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilib, o‘z ehtiyojimiz to‘liq ta'minlanmoqda. Himoyalanish vositalaridan faqat niqob va qo‘lqop bilan ta'minlanishning o‘zi 10 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda individual himoyalanish vositalari ishlab chiqarish va yetkazib berish 100 foiz yo‘lga qo‘yilib, bu mahsulotlar eksport ham qilinmoqda», dedi Alisher Shodmonov XPK sessiyasida.

Sobiq vazir bundan keyin bu kasallik yana avj oladigan bo‘lsa qanday yo‘l tutilishi haqida ham gapirib o‘tdi.

«Agarda kasallar soni ko‘payib, koronavirusga qarshi olib borilayotgan kurashda qiyinchiliklar yuzaga kelsa, Vazirlar Mahkamasidagi maxsus komissiya buni ko‘rib chiqadi.

Hozirda mamlakatimizdagi bor ehtiyot choralari, himoya choralarini ushlaydigan bo‘lsak, biz koronavirusning necha xil shtammi bo‘lishidan qat'i nazar, bu kasallik ko‘payishiga yo‘l qo‘ymasligimiz mumkin. Bu bizning o‘zimizga bog‘liq», dedi u.

Alisher Shodmonov butun dunyoda jihozlar yetishmovchiligi kuzatilgani, shifokor bemorni tanlashga majbur bo‘lgani haqida ham aytib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda O‘zbekistonda bu kasallikni qanday davolash mumkinligi, qo‘llanadigan dori preparatlari, davolovchi apparatlar haqida biror ma'lumot bo‘lmagan.

«Ilk bemor aniqlanishidan 1,5 oy oldin davlat rahbari tomonidan farmoyish imzolangan va shunga asosan respublika maxsus komissiyasi tashkil etilgandi. Yurtimizda barqaror vaziyatni saqlab qolishga erishish uchun o‘z vaqtida cheklovlar o‘rnatildi va moddiy-texnik baza yaxshi shakllantirildi. 30 ming o‘rinli karantin zonalari, shifoxonalar va kislorod stansiyalari qurildi. Hozirda yana 100ta kislorod stansiyasi keltirilyapti. 25 ming o‘rin shay qilinib, yana 25 mingta o‘rin zaxira qilinib shuning 10 foizi reanimatsiyaga ajratildi va har biri kislorod nuqtalari bilan ta'minlandi.

Bu sharoitda jihoz kerak edi. Butun dunyoda jihozlar yetishmovchiligi kuzatildi. Juda ko‘p mamlakatlarda bemorlar qator turibdi, shifokor qaysi biriga berishda tanlashga majbur bo‘lyapti: qaysi birini saqlab qolsa bo‘ladi yoki kimga yordam bera olmaydi», deya ta'kidladi rektor.

Ko‘proq yangiliklar: