«Maktablar ochilishi bemorlar soni ko‘payishiga olib kelmadi» – vazir o‘rinbosari

Jamiyat 20:20 / 24.12.2020 3780

«Xalq ta'limi tizimida 700 mingdan ortiq pedagog va boshqa xodimlar faoliyat olib boradi. Albatta, bularning har birining hayoti, salomatligi biz uchun juda muhim. SSV bilan birgalikda maktablar ochilishidan oldin barcha o‘qituvchilardan koronavirus bor-yo‘qligini aniqlash uchun test olindi. So‘ngra ular grippga qarshi bepul emlandi.

Bundan tashqari, respublikadagi barcha pedagog-o‘qituvchilarga kasallikning yengil va alomatsiz shakllari va gumon qilinganda uyda davolash uchun zarur dori vositalari jamlanmasi — «COVID-box» bepul yetkazib berildi.

Shu o‘rinda kasallanish statistikasini olib ko‘radigan bo‘lsak, maktablarning ochilishi bemorlar soni ko‘payishiga xizmat qilmadi. Aksincha, maktablar ochilgandan so‘ng kasallanish ko‘rsatkichlari kamayib bordi.

Noyabr-dekabr oylarida maktablarda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarning 0,2 foizida kasallanish holatlari kuzatildi. Aytmoqchi bo‘lganim, ishga chiqishidan oldin o‘qituvchilar ommaviy ravishda testdan o‘tkazilib, kasallik alomatlari aniqlangan shaxslar qolganlardan ajratib olingani, pedagoglar to‘liq grippga qarshi emlangani va ular «COVID-box»lar bilan ta'minlangani uchun maktablarda koronavirus keng tarqalishining oldini oldi», deya Usmon Sharifxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bugungi kunda respublikadagi 6,2 mln o‘quvchining 90 foizi maktabga qatnab bilim olmoqda. Mutasaddi faqatgina katta shaharlarda yashovchi ota-onalar farzandlarining onlayn ta'lim olishiga ro‘yxushlik bildirayotganini ta'kidladi.

«Maktablarni ochish bo‘yicha nafaqat XTV, balki SSV, respublikadagi barcha vazirlik va idoralar uzoq vaqt davomida bosh qotirdi. O‘sha davrga kelib aksariyat ota-onalar besh oydan beri farzandlari bilan uyda karantinda qolib ketgandi.

Ularga quloq soladigan bo‘lsak, kimdir maktablarni ochishni so‘ragan edi, kimdir COVID-19 va boshqa kasalliklardan qo‘rqib an'anaviy ta'lim tiklanishiga qarshi chiqqandi. Hozir orqaga qarab eslasam, albatta bu davrda qaysidir qarorni qabul qilish ma'lum bir toifa odamlarning e'tiroziga yoki tushunmovchiligiga olib kelishi tabiiy edi.

Shuning uchun ota-onalarning fikrlari o‘rganildi, ular o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. So‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning 70 foizdan ortig‘i maktablarning an'anaviy shaklda ish boshlashini yoqlab ovoz berdi. Maktablar sentyabr oyi davomida bosqichma-bosqich ochila boshladi va 1 oktyabrga qadar respublikadagi 10 ming 800ta maktab o‘z eshiklarini ochdi.

Biroq ota-onalarning ko‘pchiligi bolasini maktabga yuborishga cho‘chishdi. 1 oktyabrga borib an'anaviy ta'lim olayotgan o‘quvchilar qamrovi 70 foizga yetdi. Hademay, maktablarda 2-chorakni yakunlaymiz. Hozirga kelib respublika miqyosidagi 6,2 mln o‘quvchining 90 foizi maktabga qatnab bilim olmoqda. Ba'zi viloyatlardagi tumanlarda bu ko‘rsatkich 95 foizgacha yetadi, biroq yirik shaharlarda, jumladan, Toshkent shahrida ota-onalarning ko‘pchiligi farzandlarining masofaviy ta'lim olishini ma'qul ko‘rishmoqda. Ammo onlayn shaklda o‘qiyotgan o‘quvchilarning soni borgan sari kamayib bormoqda», degan vazir o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: