Sohada «tartibga solish gilotinasi» usulini qo‘llash orqali ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi.
- Gilotina – mavjud tartib-qoidalarni tubdan qisqartirish masalasi bo‘lib, inson sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlarini litsenziyalashdan chiqarib tashlash, xavflilik darajasi past bo‘lgan faoliyatlarni tartibga solishning muqobil usullariga o‘tkazilishida aks etadi.
Lisenziya berish tartibi qayta ko‘rib chiqilib, 115ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi. 14 turdagi faoliyatlar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirildi. Masalan, kredit byurosini ochish uchun litsenziya olishda kamida 10ta tijorat banki bilan kredit almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talabi bekor qilindi, ayrim faoliyat turlari uchun ustav fondi miqdoriga qo‘yiladigan minimal talablar olib tashlandi hamda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlashtirishni ixtiyoriy etib belgilandi.
Vazirning ta'kidlashicha, bularni yo‘lga qo‘yish orqali yagona standart, yagona talab asosida ish olib boriladi: byurokratiyadan voz kechiladi. Natijada tadbirkorlar o‘zini nima kutayotganini biladi va shunga qarab ishni rejalashtira oladi. Har bir davlat organidagi amaliyot bir xillashadi.
«Tenglikni ta'minlash maqsadida davlat unitar korxonalari ham faoliyatning litsenziyalanadigan turlari bilan shug‘ullanganda litsenziya olishi shart bo‘ldi. Ilgari ularda davlat korxonasi bo‘lganligi uchun litsenziyasiz faoliyat yuritish imkoniyati bor edi.
Ma'lumot o‘rnida aytmoqchimanki, hozirda «Lisenziya» axborot tizimini ishlab chiqish ishlari yakunlanmoqda. Bu tizim 2021 yilning 1 yanvaridan ishga tushiriladi. Bu orqali avvalo biz uchun yangi institut bo‘lgan xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish jarayonlari to‘liq elektronlashtirilmoqda», dedi Ruslanbek Davletov.
Lisenziya va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni qisqartirish natijasida tadbirkorlik sub'yektlarining yiliga qariyb 40 mlrd so‘m mablag‘lari iqtisod qilinib, o‘z ixtiyorida qoldiriladi.