Kogonda davlat dasturi asosida berilgan yer olib qo‘yildi. Tadbirkor ko‘rayotgan zarar bilan hech kimning ishi yo‘q

Jamiyat 19:44 / 22.12.2020 11082

Kun.uz 7 dekabr kuni Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi yosh tadbirkor Behzod Toshevning ohaktoshdan qog‘oz ishlab chiqarish loyihasi to‘sqinlikka duch kelayotgani haqida tanqidiy maqola e'lon qilgan edi.

Maqolada «Yoshlar kelajagimiz» davlat dasturi doirasida berilgan yer prokuratura protesti asosida bekor qilingani haqida yozilgandi. Prezident farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturida yerlarni yosh tadbirkorlarga taqdim etishda istisno tariqasida tuman hokimlariga ruxsat berilgani inobatga olinmagani va qator boshqa kamchiliklar xususida so‘z yuritilib, yer olib qo‘yilar ekan, tadbirkorga loyihani amalga oshirish uchun boshqa yer taqdim etilmagan.

Maqola e'lon qilinganidan ikki kun o‘tib, respublika Bosh prokuraturasi mazkur masalada barchasi qonun doirasida bo‘layotgani haqida munosabat bildirdi.

Sayt muxbiri Bosh prokuraturaning munosabatida aytilgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida yana Kogon tumanida bo‘lib, tadbirkor Behzod Toshev bilan uchrashdi. U Bosh prokuratura bayonoti yuzasidan o‘z fikrlarini quyidagicha bayon qildi.

«Bosh prokuratura bayonoti bilan tanishib chiqdim. Avvalambor, shuni aytmoqchimanki, bayonotda tuman prokuraturasi protesti va viloyat kadastri xulosasidagi gaplar ko‘chirib olingan holda taqdim etilgan.

Beda ekib, qoramol boqayotganim aytilyapti. Bizga yer berilgan vaqtdagi rasmlarni nega so‘rashmagan? Biz yerni olgunimizcha bu yer tashlandiq bir ahvolda bo‘lib yotgandi.

Yana hech qanday qurilish ishlari amalga oshirilmagan, deyilgan. Balandligi 3,5 metr, uzunligi aylanasiga 400 metrlik devor o‘zi paydo bo‘lgani yo‘q. Binoni qurish uchun hujjatini yig‘ishning o‘ziga 6–7 oy vaqtimiz ketgan. Bundan tashqari, tuman hokimligi va prokuraturasidan ishimizga to‘sqinlik qilinsa, qanday qilib qurilish qilishimiz mumkin?

Shu yerda 19 ishchi ishladi. Ularga: «Bularning qarori bekor bo‘lgan, ishlamang, pullaringni bermaydi», degan gaplar aytilgan. Bir tomonda protest keltirilgan bo‘lsa, nizoli joy bo‘lgani bois yana qanday qurilish ishini amalga oshirishimiz mumkin?

Bayonotda sud qaror chiqargani aytilgan. Avval ham aytdim, ikki safar hokimlik vakillari kelmadi – sud qoldirildi; bizda ta'ziya bo‘lib, qatnasha olmagan kunimiz esa sud bizni eshitmasdan qaror chiqarib yuborgan. Viloyat sudi bu qarorni ma'qulladi.

Yana bir gap. Tuman sudi boshqa vaj bilan qaror chiqargan, bular esa protestda ekin yeri ekanini vaj qilmoqda. Yana Vazirlar Mahkamasidan xulosa bo‘lishi kerakligi aytilgan. Axir yerni menga «Yoshlar kelajagimiz» davlat dasturi doirasida, prezident farmoni asosida berishgandi-ku. VMning qarori kerakligini aytishganda, balki olishga harakat qilardim, chunki shuncha xulosani olgandim.

Men majburiyatimga kirgan barcha ishlarni qilgandim. Ular: «Biz ko‘p marta yer taklif qildik», deyishyapti. Lekin aksincha, ular ko‘p marta yerni buzishga harakat qilishdi. Menga protestdan keyin yer ko‘rsatilmagan. Yer kerak bo‘lsa, auksiondan olasan, deyishmoqda», – deydi Behzod Toshev.

Xullas, qator savollar ochiq qolmoqda.

Tadbirkor bu yerni o‘zboshimchalik bilan o‘rab olgani yo‘q. U hokim qaroridan tashqari yana o‘nlab vakolatli idoralarning roziligini olgan edi. Tadbirkorga boshqa joydan yer ajratish masalasi na hokimlik, na prokuratura mas'ullarini tashvishga solmoqda. Ular faqat yerni qaytarib olish bilan ovora.

Qahramonimiz yeri tortib olinishining asl sabablari haqida kadr ortida batafsil gapirib berdi.

Aytishicha, uning loyihasi «eskilar» va «yangilar» o‘rtasidagi ko‘rinmas adovat urushining «qurboni»ga aylangan. Prokuratura esa «taxtlar o‘yini»da salbiy qahramon rolini rejissyor aytganidek ijro etmoqda, xolos.

Faqat bu haqda ochiq yoza olmaymiz, sababi oddiy: qo‘limizda dalilimiz yo‘q. Ammo voqealar rivoji tadbirkorning fikrlari naqadar o‘rinli ekanini ko‘rsatmoqda.

Haqiqat shuki, adolat tiklanishi uchun kurash hali davom etmoqda. Tadbirkorning bor umidi Oliy suddan. Uning nazorat tartibida kiritgan shikoyati yaqin kunlarda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Kuzatishda davom etamiz.

Ko‘proq yangiliklar: