Senatning o‘ninchi yalpi majlisida adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bu borada farmatsevtika sohasidagi muammolarga to‘xtaldi.
«Mamlakatimizdagi boy dorivor o‘simliklar fondi potensialidan unumli foydalanilmayapti. Xalqaro tibbiyot amaliyotida foydalanilayotgan 350 turdagi dorivor o‘simliklardan 71tasi (20 foiz) respublikamizda yetishtirish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, ulardan atigi 10tasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bois, dorivor o‘simliklarni ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida prezidentimiz farmoni (PF–6044, 24.08.2020 y.) bilan ushbu faoliyat uchun litsenziyalar bekor qilindi. Bu albatta dastlabki qadam. Kelgusida mutasaddi idoralar ushbu masalaga alohida e'tibor bilan yondashadi deb umid qilamiz.
Aksariyat viloyatlardagi ijtimoiy dorixonalar zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan to‘liq hajmda ta'minlanmagan.
Surxondaryo, Toshkent, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida joylashgan ijtimoiy dorixonalaridan aksariyat kerakli dorilarni topib bo‘lmaydi.
Ayrim hududlarda (Toshkent va Surxondaryo viloyatlari) ijtimoiy dorilar qimmat va har xil narxlarda sotilmoqda.
Antibiotiklar iste'mol qilish hajmlari ortib ketmoqda. Misol uchun, 2018 yildan 2020 yilning birinchi yarim yilligigacha 230 mln AQSh dollarlik 300 mln donaga yaqin antibiotiklar import qilingan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining AWaRe indeksida O‘zbekiston antibiotik iste'moli umumiy 50-60 foizni tashkil etuvchi 20ta davlatlar qatoriga kirgan. Mazkur holatning o‘z vaqtida nazoratga olinmasligi kelgusida uning salbiy oqibatlari bilan kurashishga majbur qiladi», deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.