Undirilgan mablag‘ning bir qismi muhtojlarga yo‘naltiriladi, alimentlar maxsus platforma orqali nazorat qilinadi – MIB direktori bilan suhbat

Jamiyat 15:48 / 01.12.2020 6958

Majburiy ijro byurosi tashkil etilgan vaqtdan buyon doimo jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelgan. Muqaddam kommunal sohadagi muammolarga yechim topib, asosan to‘lovlar bilan shug‘ullanib kelgan bu idora, endilikda sud va boshqa organlar hujjatlarini qat'iy va samarali bajarishi lozim bo‘lmoqda.

Prezident tomonidan joriy yilning 24 noyabr kuni «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6118-sonli farmoni qabul qilindi.

Xo‘sh, ijro ishlari bo‘yicha amaldagi ishlar qanday ketmoqda? Endilikda MIB faoliyatida nimalarni kuzatamiz? Kun.uz yangi farmonga oid o‘zgarishlar yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori Hasan Kabirjonov bilan suhbatlashdi.

– Hasan Murotovich, yangi lavozimda ish boshlashingiz sohaga oid yangi farmon qabul qilinishiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, byuro faoliyatida bu yil ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi, joriy yilning 1 avgust kunidan kommunal sohadagi to‘lov vazifalaringiz boshqa idoralarga o‘tdi, xodimlar soni ham ancha qisqardi. Bu byuro faoliyatiga qanday ta'sir qildi?

– Haqiqatan ham, sohamizda bu yil ko‘pgina o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Joriy yilning 18 iyun kuni davlatimiz rahbarining «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan sohamizdagi gaz va elektr uchun to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha vazifa va funksiyalar Energetika vazirligi zimmasiga o‘tishi, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilgan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlarni undirish mexanizmi amalga oshirilishi nazarda tutildi.

Shunga muvofiq, xodimlar sonida ham qisqarishlar bo‘ldi. Ammo faoliyatimiz davom etmoqda. Yo‘nalishimiz endilikda aniq hamda sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta'minlash vazifa-funksiyalarini bajaradi.

– Yangi farmondan so‘ng faoliyatingizda qanday o‘zgarishlarni kutsak bo‘ladi?

Majburiy ijro byurosi organlari esa, sud hamda boshqa organ hujjatlarini ijro etadi va amalda odil sudlovni ta'minlashga xizmat qiladi. Biroq, ishlarimizni jadallashtirish bilan birga, kamchiliklarni ham bartaraf etish muhim masala bo‘lib qolmoqda.

Kengroq yondashadigan bo‘lsak, yodingizda bo‘lsa, 17 noyabr kuni prezident raisligida sud hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Majburiy ijro byurosiga bir qator aniq hamda muhim topshiriqlar berilgan edi.

Shu bois, 24 noyabr kuni «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6118 sonli farmon imzolandi.

Bu farmon byuro organlari faoliyatini tartibga soluvchi va samaradorligini mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi.

Farmon bilan 2020 yil 1 dekabrdan boshlab jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zarar, davlat bojlari, jinoiy va ma'muriy jarimalar, davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlar hamda davlat daromadiga o‘tkaziladigan olib qo‘yilgan mol-mulkni sotishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha sotilgan mol-mulklarning mablag‘lari - alohida g‘aznachilik hisob-raqami bilan proporsional tartibda teng ravishda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Respublika va hududiy kengashlar tashkil etiladi, Respublika Kengashi raisi Bosh prokuror, joylarda esa hokimlar hisoblanadi. Kengashlar joylardagi majburiy ijro harakatlarida yuzaga kelayotgan muammolarning sabab va shart-sharoitlarini o‘rganib, bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Yaxshi bilamizki, majburiy ijro harakatlari doimo ziddiyatlar va nizoli ravishda olib boriladi, bu kabi holatlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha aynan joylarda xalq deputatlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari jalb etiladi.

Endilikda, ijro harakatlarini masofaviy olib boradigan 15ta tumanlararo ixtisoslashgan bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bu bo‘limlar alohida turdagi va murakkab bo‘lgan ijro ishlarining ijrosini ta'minlaydi, bu bo‘limlar asosan boshqarmalarda faoliyat olib boradi va tuman-shahar bo‘limlari ish yurituvidagi ishlarni o‘z zimmasiga oladi. Bu esa, xodimlarning murakkab toifadagi ishlar bilan band bo‘lib qolmasligi va ish hajmini yengillashtirishga imkon beradi.

– Yangiliklarning biri sifatida MIB faoliyatidagi ayrim mol-mulklarning sotilishi elektron platforma tarzida yo‘lga qo‘yilayotgani xabar qilindi.

Ha, byuroda xatlangan mol-mulklar savdo tashkilotlarida saqlanadi va savdo yarmarkalariga olib chiqib sotilishi ham yo‘lga qo‘yilgan. Tovarlar ma'lum bir vaqt o‘z egasini topmasa, u belgilangan tartibda arzonlashtiriladi.

Yangicha tizimda tovar moddiy boyliklarning sotilishida aholiga yana ham qulaylik tug‘dirish uchun kelasi yil mart oyidan boshlab, xatlangan mol-mulklar shaffof va ochiq hamda qulay narxlarda sotilishining elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlarida sotilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Sodda qilib aytganda, ko‘pgina rivojlangan xorijiy davlatlarda keng qo‘llanayotgan internet savdo do‘konlarida mol-mulklar sotilishi tizimi aholi uchun qulaylik ham mahsulotning o‘z qiymatida tez fursatlarda pullanishi imkonini beradi.

– MIB davlat ijrochilarining ish hajmi yuqoriligi haqida bir necha bor ta'kidlangan edi. Ijro ishlarining bir tekisda olib borilmasligi ham shunga borib taqalardi. Farmon qabul qilindi, endi bu borada nima o‘zgaradi?

– Adliya vazirligi va Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2011 yil 4 martdagi «Sud ijrochilarining ish hajmi me'yorlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Ushbu qarorda sud ijrochilarining ish hajmi me'yorlari ijro ishi yuritishlar bo‘yicha sud ijrochilari tomonidan bajariladigan ishlarning vaqt me'yorlari asosida belgilangan, unda sud ijrochisi bir oyda barcha ijro harakatlarini amalga oshirganida o‘rtacha 18,9ta ijro ishi yurituvini tamomlashi mumkinligi hisoblab chiqilgan.

Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, byuro davlat ijrochilariga bugungi kunda bu yuklama 130taga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, yil boshida har bir davlat ijrochisi ish yurituvida o‘rtacha 547ta ijro hujjati mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kun holatiga ushbu ko‘rsatkich 355tani tashkil etmoqda.

Farmondan kelib chiqib - Byuro organlaridagi ish yurituvdagi ijro hujjatlarining toifalangan va taalluqliligi ham belgilandi.

Byuroning markaziy apparati mas'ul xodimlari - bazaviy hisoblash miqdorining 100 000 baravari va undan ortiq summani undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari, xalqaro toifadagi ishlar hamda alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha ish olib boradi.

Hududiy boshqarmalar - bazaviy hisoblash miqdorining 50 000 baravaridan 100 000 baravarigacha, tuman-shahar bo‘limlari esa, o‘z navbatida, 50 000 baravargacha bo‘lgan miqdordagi ishlar bilan shug‘ullanadi.

Bu esa, endilikda ijro ishlarining aniq va belgilangan me'yorlarga ko‘ra ish olib borishi, yosh mutaxassislar va tajribali xodimlarga kasbiy ko‘nikmasiga asosan ish olib borishiga zamin yaratadi.

– Byuroda og‘riqli masalalardan biri bo‘lgan aliment yo‘nalishidagi ishlar bo‘yicha ham yangilik bo‘ladimi? Aynan bu ishlar bo‘yicha ham e'tirozlar kam emas.

Byuro organlarida dolzarb masalalardan biri bu albatta aliment to‘lovlari bilan bog‘liq hisoblanadi, hozirda ham ish yurituvidagi 1 mln 157,5 mingdan ortiq ijro hujjatlarining 261 ming (2019 yilda 224 ming)dan ortig‘ini (22,6 foizi) aliment to‘lovlariga oid ijro ishlari tashkil qiladi.

Yoki sodda qilib aytganda, kelib tushgan 100,6 mingga (2019 yilda 136,5 ming) yaqin ijro hujjatlarining ijrosi yuzasidan kelib tushgan murojaatlarning 68,6 mingga (2019 yilda 87 860 ta) yaqini (68 foizi) alimentga oid murojaatlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu bois, 2021 yil 1 martdan boshlab, ushbu to‘lovlar - Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Axborot markazi o‘z navbatida, alohida bank hisobvarag‘i bilan integratsiya qilinadi.

Endilikda, undiruvchilar nomiga alohida bank plastik kartochkalari ochilib, aliment to‘lovlari shaffof va ortiqcha ovoragarchiliksiz, qulay va masofadan turib olish imkonini beradi.

– Byuro organlari xodimlariga nisbatan e'tirozlar hanuz juda ko‘p. Ayrim paytlarda fuqarolarimiz tomonidan qarshilik ko‘rsatish holatlari bo‘lsa, ayrim hollarda xodimlarning kasbiy madaniyati shubha ostida. Hujjatda bu jihat hisobga olinganmi?

– Tahlillarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, byuro yosh idora bo‘lgani bois, xodimlarimiz tarkibi ham anchayin yosh, yaqinda talabalik safidan davlat ijrochisi lavozimiga tayinlangan xodimlar ijro ishlariga jalb qilingan.

Ayrim ijro harakatlarida nafaqat o‘z vazifasini yaxshi bilishi, balki odob-axloq normalarini yaxshi o‘zlashtirishi, psixologiya asoslarini anglashi lozimligini ko‘rsatmoqda. Biz yaqin vaqtda bo‘lgan ayrim tashvishli holatlardan o‘zimizga tegishli xulosalarni chiqardik.

Shunga asosan, 2021 yil 1 yanvarga qadar egallab kelgan barcha xodimlar maxsus dastur asosida Bosh prokuratura Akademiyasida alohida kurslar bo‘yicha tayyorgarlik o‘quv-mashg‘ulotlarini boshlaydi. Kurslarni qoniqarli tamomlaganlargina ish olib boradi.

O‘quv kurslarida kasbiy odobnoma, psixologiya va ziddiyatlarni hal qilish va vaqtni boshqarish («taym-menejment») asoslaridan saboq olishadi.

Endilikda, namunali davlat ijrochilarini ham byuro organlari xodimlari o‘rtasida har yili tashkil etiladigan «Yilning eng yaxshi davlat ijrochisi» nominatsiyasi joriy qilinadi. Aytish kerakki, bunday nominatsiya muqaddam bo‘lmagan edi va bu tanlov davlat ijrochilarining yanada o‘zi ishini samarali tashkil etishga bo‘lgan intilishini oshirishga turtki bo‘ladi.

Oddiygina aytganda, xodimlarimiz ko‘nikmasini yanada mustahkamlab, namunali xodimlarni ham rag‘batlantirish chorasini ko‘rib boramiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: