Prezident raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Uy-joy qurishda asosiy e’tiborni eskirgan uylar o‘rnida renovatsiya asosida zamonaviy ko‘p qavatli uylarni ko‘paytirishga qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Renovatsiya hisobiga yerdan foydalanish samaradorligi 4-5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi.
Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, savdo-servis, ish o‘rni ko‘payib, iqtisodiyot rivojlanadi.
Bu borada Jizzax, Marg‘ilon, Qo‘qon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, Do‘stlik va poytaxt tumanlarida ishlar yaxshi boshlangani qayd etildi. Ularning tajribasini barcha hududda ommalashtirish kerakligi, avariya holatidagi eskirgan uylarda yashayotgan odamlar buni kutayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Renovatsiya asosida bu yil 20 ming xonadon qurilishini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.