O‘zbekiston | 20:56 / 25.01.2025
12485
13 daqiqa o‘qiladi

Olamshumul transfer, 7 yil kutilgan qonun va renovatsiyaga start - hafta dayjesti

Futbol olamida shov-shuv: Abduqodir Husanov 40 mln funtlik transferda “Manchester Siti”ga o‘tdi. 7 yilga cho‘zilgan qonun nihoyat imzolashga tayyor: jarima ballari ashaddiy qoidabuzar haydovchilarning tanobini tortadi. Uy-joy qurilishida yangiliklar: xaridorlarga keshbek beriladi, yangi kvartiralarda gaz bo‘lmaydi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Bu amalga oshdi

Haftaning bosh qahramoni – Abduqodir Husanov. Bir necha haftalik muzokaralar va tayyorgarlikdan keyin, dushanba kuni “Manchester Siti” 21 yoshli o‘zbek yigiti transferini e’lon qilishi bilan, millionlab vatandoshlarimizning tom ma’noda boshini ko‘kka yetkazdi. Sababi, Husanov 4 yildan beri Angliyada chempionlikni bermay kelayotgan grand klub safiga shunchaki yosh va umidli iste’dod egalaridan biri sifatida emas, asosiy tarkibda o‘ynashi aniq bo‘lgan top yulduz sifatida qo‘shildi.

Premer-ligadagi ilk o‘zbek uchun “Siti” Fransiyaning “Lans” klubiga 40 mln yevro to‘laydi. Bonuslar bilan bu miqdor 50 mln yevrogacha yetishi mumkin. “Shaharliklar” Husanov uchun “Real Madrid” va yana o‘ndan ortiq boshqa klublar bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keldi. Manaman degan gigantlarning Husanovni talashgani bejiz emas: u hozir dunyodagi eng yaxshi himoyachilardan biri. Statistikaga ko‘ra, Abduqodir to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha Yevropada tengsiz, yakkakurashlarda ustun kelish bo‘yicha eng yaxshilardan. Shuningdek, u juda tez yuguradi, o‘yinni yaxshi o‘qiydi. O‘zini ham, raqibini ham ayamay to‘pga tashlanadi, lekin qoidani buzmagan holda podkatlarda samarali harakat qiladi.

Milliy jamoamiz a’zosi “Siti” bilan 2029 yilgacha shartnoma tuzdi. Maoshi yiliga taxminan 3,5 mln yevro bo‘ladi. Ilk mashg‘ulotlardan keyin murabbiyi Xosep Gvardiola uning jismoniy ko‘rsatkichlarini maqtadi, shu bilan birga, tezroq ingliz tilini o‘rganishi kerakligini aytdi. Abduqodirning debyuti bugun, Toshkent vaqti bilan soat 22:30 da boshlanadigan “Chelsi”ga qarshi o‘yinga to‘g‘ri kelishi mumkin. “Abduqodir Husanov allaqachon [jismonan] moslashishga ulgurgan”, dedi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Pep Gvardiola. U klub rasmiy saytiga bergan intervyusida Abduqodirning tezligini alohida urg‘uladi.

Jarima ballari to‘g‘risida qonun

Potensial qotil haydovchilarga yuzlab marta qoidabuzarlik qilishiga ruxsat beradigan qonunchilik vanihoyat o‘zgartirilyapti. Jarima ballarini joriy etish bo‘yicha ilk marta topshiriq berilganidan salkam 7 yil o‘tib, bu haqdagi qonun Senatda ma’qullandi. Qonunga ko‘ra, qayta-qayta qoidabuzarlik qilishi natijasida bir yil ichida to‘plagan jarima ballari 12 ballga yetgan haydovchilar 6 oydan 3 yilgacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi. Qaysi qoidabuzarlik uchun qancha jarima balli hisoblanishini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Qonundan yana boshqa yangiliklar ham o‘rin olgan. Xususan, haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxs yana rulga o‘tirsa, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, avtomobilni mast holda boshqarganlik uchun jarima miqdori BHMning 25 barobaridan 40 barobarigacha oshiriladi. Takroran mast holda rulga o‘tirgan haydovchilar ustidan jinoyat ishi ochilib, ularga 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.

Bundan tashqari, haydovchilikka o‘qitish va imtihon olish tartibini buzish ham jinoyat deb e’lon qilinyapti. Ma’muriy kodeksga kiritilayotgan qo‘shimchalar esa ko‘cha faqat meniki deb o‘ylaydigan tartibsiz haydovchilarga taalluqli: qonun kuchga kirgach, avtomobilni agressiv boshqarish, drift qilish, shaxmat shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni yuzaga keltirish jarimaga sabab bo‘ladi.

Senat majlisida ochiqlangan raqamlarga ko‘ra, 2024 yilda ham O‘zbekistonda 2 mingdan ortiq odam avtohalokat qurboni bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili respublikada 9364 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan va ularda 2203 kishi halok bo‘lib, 8901 kishi jarohatlangan. Bu raqamlar 2023 yil bilan taqqoslaganda 3–5 foizga kamroq. Qurbonlar va jarohat olganlarning qanchasi bolalar ekani, jarohat olganlarning qanchasi og‘ir nogiron bo‘lib qolgani ochiqlangani yo‘q.

Bahsli modda ham unutilmagan

Minglab odamlarning yo‘llardagi o‘limini kamaytirishga qaratilgan qonundan, organ xodimlarining tasvirlarini internetda tarqatish bo‘yicha bahsli bo‘lib kelayotgan modda ham joy olgan. Ichki ishlar vazirligi 3 yildan beri ilgari surayotgan bu norma o‘tgan vaqt davomida evolyutsiyaga uchradi va baribir hayotga tatbiq etiladigan bo‘ldi. Bu taklif ilk marta ilgari surilgan 2022 yilda Kun.uz uni “no photo, no video” qonuni deb atagandi. Chunki o‘shanda vazirlikning taklifi radikal xarakterga ega edi: YPX xodimining tasvirini uning ruxsatisiz tarqatish taqiqlanishi ko‘zda tutilgandi.

Keyinchalik, formulirovka o‘zgartirildi va huquqni muhofaza qiluvchi barcha organlar xodimlarining tasvirlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlar 15 sutkaga qamalishi nazarda tutildi. Lekin bu ham ancha bahslarga sabab bo‘lgach, oxirgi bir yilda bu masala ochiq majlislarda qaytib ko‘tarilmadi. Achinarlisi, bitta shu modda sabab jarima ballari va boshqa progressiv choralar ham bir yildan ko‘proq vaqtga kechikib ketdi.

Kuni kecha Senat tasdig‘idan o‘tgan versiyaga asosan, huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarning tasvirini “ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik” uchun javobgarlik belgilanmoqda. Senatning izohlashicha, qonun bilan, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto-video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolinadi, lekin tarqatilayotgan tasvir xodimlarni obro‘sizlantirishga olib keladigan qilib montaj qilinmasligi kerak. Bu modda bo‘yicha aybdor deb topilganlar BHMning 20 baravaridan 50 baravarigacha jarimaga tortiladi yoki 10 sutkagacha qamaladi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi o‘zgarishlar bilan bu bahsli modda biroz yumshatilgan bo‘lsa-da, mohiyat o‘zgarmay qolgan.

“Qonunni biroz yumshatishibdi, fuqarolarning bo‘yniga tuzoq bo‘ladigan ayrim joylarini olib tashlashibdi, jamoatchilik e’tirozlarni inobatga olishibdi. Ammo baribir qonunning mohiyati o‘zgarmagan. Aslida ushbu moddani butunlay chiqarib tashlash eng to‘g‘risi bo‘lar edi”, – dedi huquqshunos.

Yangi kvartiralar gazga ulanmaydi

Bundan buyon yangi qurilayotgan kvartiralarda tabiiy gaz bo‘lmaydi. Qurilish vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu yildan boshlab yangi quriladigan ko‘p qavatli uylarning barchasi yo hududda mavjud markazlashgan qozonxonaga ulanadi, yoki alohida yangi qozonxonalar quriladi.

Payshanba kungi prezident selektorida ma’lum qilinishicha, bu yil O‘zbekistonda 135 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning barchasida issiqlik ta’minoti markazlashgan bo‘ladi, ovqat pishirish uchun esa elektr plitasidan foydalaniladi. Rasmiy xabarga ko‘ra, hozirda 18 mingta xonadon gazda individual isitiladigan qilib qurilgani uchun foydalanishga qabul qilinmay turibdi. Prezident mutasaddilarga masala yechimi bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘ini berdi.

Bu yangilikka munosabat bildirgan Oliy Majlis deputati Alisher Qodirov yangi quriladigan uylarda energiya manbasi sifatida faqat elektr energiyasidan foydalanish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va buni izohlab aytgan gapi bilan yana tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylandi.

“Gaz – qimmat resurs. 1 kub gazdan 10 ga yaqin yuqori qiymatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish, xorijga sotish va uning puliga millionlab qorako‘zlarimizga ish o‘rni yaratish mumkin. Tilla qatori milliardlab kub gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuboradigan xalqning kosasi oqarmaydi”, – deya yozdi deputat Qodirov.

Statistika agentligi kuni kecha e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston 2024 yilda Rossiya va Turkmanistondan 1,7 mlrd dollarlik gaz sotib olgan. Bu – 2023 yilga nisbatan 2,4 barobarga, 2022 yilga nisbatan 6 barobarga ko‘p. E’tiborlisi, shunday sharoitda gaz eksporti sezilarli oshgan. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston xorijga 628 mln dollarlik gaz sotgan, bu – 2023 yilga nisbatan 18 foizga ko‘p.

Bu yil 6 ta shaharda renovatsiya dasturi boshlanadi

Prezident selektorida uy-joy qurilishi bo‘yicha boshqa qator yangiliklar ham e’lon qilindi. Shavkat Mirziyoyev sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun yangi uy-joy oladigan fuqarolarga o‘zi to‘lagan mablag‘ining bir qismini keshbek qilib qaytarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni buyurdi. Ulush kiritish asosida qurilayotgan uydan kvartira sotib olgan xaridorlar uy bitmasdan turib ham kvartirani boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi.

Uy-joy qurilishida kuzatilayotgan turli muammolarga yechimlardan biri sifatida, bundan buyon ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishi belgilandi. Obekt muddatida topshirilmasa, developer yer solig‘ini 2 karra miqdorda to‘laydi. Shuningdek, sohada eskrou tizimi joriy etilishi, quruvchilarga aylanma mablag‘lar uchun 310 mln dollar ajratilishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev eskirgan uylar o‘rnida renovatsiya asosida zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurishga katta e’tibor qaratish kerakligi, buni avariya holatidagi uylarda yashayotgan odamlar kutayotganini aytdi. 2025 yilda Toshkent, Jizzax, Marg‘ilon, Qo‘qon, Shahrisabz va Qarshi shaharlarida renovatsiya asosida 20 mingta xonadon qurilishi kutilmoqda.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Erkinjon Turdimov o‘z karerasidagi to‘rtinchi viloyatga hokim bo‘ldi. 55 yoshli arbob prezident farmoni bilan Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U ikki oy oldin salomatligi tufayli Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgandi. Turdimov, avvalroq Navoiy va Surxondaryo viloyatlarini ham boshqargan. Shu tariqa, u to‘rtta viloyatda hokimlik qilgan ilk siyosatchiga aylandi. Erkinjon Turdimov hozirgacha umumiy hisobda 24 yil hokim, 16 yil viloyat hokimi bo‘lib ishlagan va bu borada hamkasblari orasida mutlaq rekordchi sanaladi.

Srechko Katanets futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi. Sloveniyalik mutaxassis sog‘lig‘idagi muammo sababli katta ehtimol bilan murabbiylik faoliyatiga yakun yasaganini ma’lum qildi. Uning o‘rniga O‘zbekiston olimpiya jamoasini ilk marta Olimpiadaga olib chiqqan Timur Kapadze tayinlandi. Kapadze endi milliy jamoani ilk marta Jahon chempionatiga olib chiqishi kerak. Bu iste’fo va tayinlovdan bir kun oldin Abdusalom Azizov O‘FA rahbarligidan ketgani ma’lum qilingandi. Uning vazifalari birinchi vitse-prezident Ravshan Ermatovga yuklangan. Assotsiatsiya prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylov 22 fevralga belgilangan.

Paxta sotuvi bo‘yicha tartib yana o‘zgarmoqda. Endilikda fermerlar birjaga klasterlar joylagan takliflar orasidan bir yoki bir nechtasini tanlash orqali fyuchers, forvard yoki spot shartnomalarini tuzadi. Nyu-York birjasidagi oxirgi 6 oylik o‘rtacha kotirovka boshlang‘ich narx sifatida olinadi. Savdolar hududiy chegaralar doirasida o‘tishi bo‘yicha cheklov saqlab qolinyapti. Paxtani o‘z hisobidan yetishtirgan fermerlarga sotilgan paxta qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya to‘lanadi.

Boysundagi M25 koni joylashgan hududda olovli maydonlar yuzaga keldi. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, 20 ga yaqin joydan sizib chiqayotgan gaz yondirib qo‘yilgan. Holat videosi tarqalganidan keyingina rasmiy xabar bergan Energetika vazirligi konda to‘plangan gazni xavfsiz yoqish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Bu standart yondashuv ekani, xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga to‘la javob berishi aytilmoqda.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruzbek Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid