AQSh prezidenti Donald Tramp 23 yanvar, payshanba kuni AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi, uning ukasi, AQSh sobiq bosh prokurori Robert Kennedi va voiz Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
«Prezident Jon Kennedining o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlardagi ma’lumotlarni tahrirlash va yashirishni davom ettirish jamoat manfaatlariga mos kelmaydi va bu yozuvlarni e’lon qilish muddati anchadan buyon o‘tib ketgan degan xulosaga keldim», — deyiladi Oq uy saytida e’lon qilingan hujjatda.
Milliy razvedka direktori va bosh prokuror prezidentning Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi va prezident maslahatchisi bilan birgalikda 15 kun muddatda prezidentga Jon Kennedining o‘ldirilishiga oid tergov bilan bog‘liq hujjatlarni to‘liq e’lon qilish rejasini taqdim etishlari shart.
Bundan tashqari, 45 kun ichida ular Robert Kennedi va Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov materiallarini o‘rganishlari va ularni e’lon qilish rejasini taqdim etishlari kerak.
Uchta shov-shuvli qotillik
Jon Kennedi AQSh prezidenti etib saylanganidan ikki yil o‘tib, 1963 yil 22 noyabrda Dallasga rasmiy tashrifi chog‘ida otib o‘ldirilgan. Sobiq dengiz piyoda askari Li Xarvi Osvald qotillikda gumonlanib hibsga olindi. U uch kundan keyin tungi klub egasi Jyek Rubi tomonidan otib o‘ldirilgan, keyinchalik u qamoqda vafot etgan.
Uning ukasi Robert Kennedi AQSh bosh prokurori (1961-1964) va Nyu-York shtatidan senator (1965-1968) bo‘lgan. U demokrat sifatida prezidentlikka da’vogarlik qilgan va 1968 yil 5 iyunda Los-Anjyelesda saylovoldi tashviqoti mitingida otib o‘ldirilgan. Falastinlik Sirxan Sirxon jinoyat sodir etilgan joyda qo‘lga olingan. 1969 yilda u o‘limga hukm qilingan, ammo keyinchalik hukm umrbod qamoq jazosiga almashtirilgan.
1968 yil 4 aprelda Memfisda (Tennessi) qora tanlilarning fuqarolik huquqlari harakati rahbari, baptist voiz Martin Lyuter King o‘ldirildi. Unga: «To‘rt farzandim bir kun kelib teri rangiga emas, shaxsiy xizmatlariga qarab baholanadigan yurtda yashashini orzu qilaman», degan ibora tegishli. Bir necha marta sudlangan Jyeyms Erl Grey Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishida ayblanib, 99 yilga qamalgan. U 1988 yilda qamoqda vafot etdi.