«Koptok» tadbirkorlar hali ham tepilmoqda…
Zangiota tumani Eshonguzar qo‘rg‘onida qurilgan istirohat bog‘i o‘rnida buzilgan noturar joy binolarining kompensatsiya pullari tadbirkorlarga hamon to‘lab berilmayapti. Kompensatsiya o‘rniga va'da qilingan yerga esa egalik huquqi berilmagan.
Bog‘ qurilishi munosabati bilan, tadbirkorlarga tegishli o‘nlab noturar binolar kompensatsiyasi masalasi to‘liq hal qilinmasdan turib buzib tashlangan. O‘rniga yer va'da qilingani, hatto tadbirkorlarga u yer aynan qayerdan ajratilishi ham ko‘rsatilgani rost. Ammo, mana shu va'daning berilganiga ham 6 oy to‘ldi. Kompensatsiya o‘rniga berilgan yerga egalik huquqi esa berilgani yo‘q. Fuqarolar sarson, oilalar daromadsiz qolmoqda.
Bu masala yuzasidan saytimiz orqali ikki marta tanqidiy maqola e'lon qilindi. Har gal «muammo bir haftada hal bo‘ladi», degan javob beriladi. Ammo afsuski, na tuman va na viloyat hokimligi va'dasini eslayapti.
Yana shunday muammo, bunisi Qibrayda
Qibray tumanida joylashgan, «SM GRAND GIGANT STROY» MChJ foydalanib kelgan 1,89 gektar yer maydoni tuman hokimining 2019 yil 14 martdagi qaroriga asosan, davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan va undagi bino va inshootlar buzib tashlangan.
To‘lanishi kerak bo‘lgan 10,4 mlrd so‘m kompensatsiya o‘rniga hokimlik faqat 7,1 mlrd so‘mini to‘lab bergan. Qolgan 3,3 mlrd so‘m 1,5 yildan oshiqroq vaqt o‘tdiki, to‘lab berilmayapti.
Sud qarori ijroga qaratilganiga berilganiga ham 5 oydan oshgan. Ammo MIBning «jonsiz» harakatlari hech qanday samara bergani yo‘q.
E'tiborli tomoni, qarzdor tashkilotning hisob raqamida milliardlab mablag‘i, son-sanoqsiz mol-mulki mavjud. Faqat undirib bera oladigan yurak kerak.
«Mahallaga bino qurmay men o‘lay...» — Toshkentda tadbirkor 2 yildan beri hokimlik bergan va'dasini bajarishini kutmoqda
Tadbirkor Rustam Muhammad Shayxontohur tumanidagi bir mahalla fuqarolar yig‘ini binosini qurib bitirgan, boshqa bir mahalla binosini ta'mirlatgan; IIBga mebellar ham olib bergan. Buning evaziga tadbirkorga hokimlik bitta 10 sotixlik va bitta 20 sotixlik yer ajratib berishni va'da qilgandi.
Afsuski, 2 yildan buyon tadbirkor shu va'da bajarilishini kutib, umid bilan yashamoqda.
«Toshkent siti» va g‘irromlik
«Toshkent siti» qurilishi munosabati bilan buzilgan mashhur «Marmaris» restorani uchun shahar hokimligi 14,8 mlrd so‘m kompensatsiyani mulkdorga to‘lab berishi kerak. Sud qarori va ijro varaqasi chiqqaniga ham 3 oydan oshgan.
917 ta ko‘chmas mulkiga band solingan poytaxt hokimligining esa parvoyi falak.
To‘g‘ri-da, undiruvni ta'minlashi lozim va lobud bo‘lgan MIB hokimlik oldida qo‘l qovushtirib turganidan keyin, mulkdor sho‘rlik ne qilsin?
MIBning Toshkent shahar hokimligiga nisbatan ijro ishi 13 avgust kuniyoq qo‘zg‘atilgan. Hokimiyatga qarzdorlikni ixtiyoriy qoplash uchun 15 kun, ya'ni 28 avgustgacha muddat berilgan. Hozir esa qishning ilk kunlari. Natijasi esa o‘zingizga ma'lum.
Bundaylarning qanchasi bizga ma'lum, qanchasi yo‘q. MIBchilarning aytishicha, poytaxt hokimligidan haqdorlar 150dan oshiq ekan.
MIBning so‘roviga asosan, hokimlikning avtotransport vositalariga band solingan. Qiziq, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hokimlikning nechta mashinasini jarima maydoniga qo‘ya oldi ekan?
Vijdon, mas'uliyat va qonunlarga itoat etish – muammolar yechimiga yagona yo‘l
Xulosada ko‘p gapirmaymiz, ziyrak muxlis hammasini o‘zi ko‘rib, tushunib, bilib turibdi. Poytaxt-u viloyat hokimlariga borib taqaluvchi muammolarni hal etishga qaratilgan har qanday urinish devorga kesak otgani kabi bo‘lib bormoqda...
Toki MIBga jon bitmas ekan, bu bebosh, o‘zi xon, ko‘lankasi maydon hokimlardan zulm ko‘rganlar shu zulm ichida yashashga mahkumdirlar.
Chunki hozircha hokimlarga bas keladigan tashkilot amalda topilmayapti.
Rahmatillo Isroilov