Baliqchi tumani Navnihol mahallasidagi Ergashevlar xonadonidamiz. 14 nafar a'zosi bo‘lgan katta oila 8 sotix tomorqada limonariy tashkil qilgan.
Izlagan imkon topar, deyishadi. Muallimlikdan nafaqaga chiqqan G‘ofirjon ota va uning farzandlari sharoitdan kelib chiqib, yoqilg‘i yoqib isitilmaydigan limonariydan mo‘l hosil va yaxshi daromad olishmoqda.
G‘ofurjon Ergashev 68 yoshda. Sobiq o‘qituvchi. Turmush o‘rtog‘i Shahzodaxon aya ham o‘qituvchi bo‘lgan. Hozir pensiyada. Ikki qiz va uch o‘g‘ilning otasi. 12 nafar nevarasi bor.
«8 sotix hovlimiz bor. Shu hovliga 4 ta issiqxona tashkil qilganmiz. Ularda 134 tup limon, 6 ta mandarin, 6 ta apelsin daraxt ko‘chatlari bor.
Issiqxonani yog‘ochdan yasaganmiz. Mana shu atrofingizda ko‘rib turgan limonariyda 44 tup limonimiz bor. Shuni yozda bola-chaqa bilan, kelinlar bilan birga mehnat qilib yetishtirdik. Terilgan hosilni yerto‘lada saqlab, bahor oylarida sotishni boshlaymiz.
Limonning sovuqqa chidamli, hosildor Xitoy va Kavkaz navlari ekkanmiz. Hech qanday yoqilg‘i ishlatilmaydi. Kechqurunlari bo‘ladigan ayozlardan saqlash uchun issiqxonaga isiriq solib tutatamiz. Daraxtlarni parvarishlaymiz, o‘g‘itlari berib boriladi.
Bu yil taxminan 2,5 tonna atrofida hosil yetishtirdik. Bu esa taxminan 110–115 million so‘mlik daromad degani. Voyaga yetgan bir tup limon daraxtida 700 donagacha meva bo‘ladi. Taxminan 90 kilogramm hosil beradi.
Men uzoq yillar maktablarda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Rus tili va adabiyoti hamda harbiy ta'limdan dars berdim. 2011 yildan boshlab bosqichma-bosqich shu issiqxonalarni tashkil qildik. O‘tgan yilgi daromadimizdan «Damas» mashina oldik. Hozir ikkita «Damas» mashinamiz, bitta «Neksiya»miz bor. Allohga shukur, yashash sharoitimiz yaxshi.
Men barcha hamyurtlarimga aytardimki, bolalaringizni yoshligidan mehnatga yo‘naltirib, tarbiya bersangiz, bolalarning ko‘chada dovdirab yurishlarining oldini olgan bo‘lasizlar. Shunday narsalarni tashkil qilsangiz, bolalaringiz mehnatga o‘rganadi, shu bilan birga, oilangiz bekam-u ko‘st bo‘ladi. Siz bilan biz keksalar esa uyda xotirjam o‘tiramiz», – deydi G‘ofirjon ota Ergashev.
Navnihol mahallasida yana bir xonadonda bo‘ldik. Haydarovlar oilasi limonni «Xitoy-kotlovan» uslubida yetishtirar ekan.
«Bu – hozirgi sharoitga rosa qulay holda qilingan limonariy. Issiqxona uchun yer kavlanib, shuning ichiga qilinadi. Bizning limonariylarga gaz yoki elektrni keragi yo‘q. Mazkur issiqxonani hech qanday kredit olmasdan ham yasash mumkin.
O‘tgan yillari issiqxona ustidagi ikki qavatli sellofan o‘rtasiga issiqni saqlashi uchun poxoldan termos sifatida foydalangan bo‘lsak, bu yil yangilik sifatida oraliqqa oddiy «baklashka»larni terib chiqdik. Ikki qavat sellofan o‘rtadagi havo issiqlikni saqlab berib turadi. Gaz, o‘tin yoqish shart emas. Xona harorati ko‘chatlar sovqotmaydigan darajada bo‘lsa kifoya.
Xo‘jayinimning aka-ukalarida ham 3-4 tadan issiqxona bor. Davlat ishlarida ishlaymiz, ishdan tashqari limonchilik bilan shug‘ullanamiz. Daromadimiz yaxshi. Har holda, shuning orqasidan farzandlarimizni o‘qityapmiz, to‘lovlarini qilyapmiz», – deydi Gullola Haydarova.
Oltinko‘l tumani Ijtimoyat mahallasi Mebelsozlar ko‘chasida Xusanboy Yo‘ldoshev xonadonidagi issiqxonada esa 30 tup limon va 10 tup mandarin parvarishlanyapti.
Limon va mandarinlar uch yilda to‘liq mevaga kiribdi. Biz u yerga bog‘bon hosilni xaridorlarga ko‘tarasiga sotayotgan vaqtga kirib boribmiz.
«Bizning issiqxonamiz hech qanday isitish moslamasisiz qurilgan. 30 tup limonimiz, 10 tup mandarinimiz bor. Bu yilgi hosilimiz o‘tgan yilgiga nisbatan ko‘proq. O‘tgan yili 600 kilo olgandik, bu yil 1 tonna mo‘ljallab turibmiz. Xudo xohlasa, 1 tonna atrofida hosil ko‘taramiz.
Issiqxonamiz termos uslubida, ikki qavat qilingan. Orasi ochiladi. Hech qanaqa ko‘mir, gazning keragi yo‘q. Mana bugun xaridorlarimiz kelib, uzishni boshlashdi.
Limonlarni parvarishlash pomidor va bodringdan osonroq. 15 million so‘m daromad mo‘ljallab turibmiz. Rossiyadan kelganimga 1 yil bo‘ldi. Mana, o‘zimizda mehnat qilib shunchalik pul topsak bo‘lar ekan. Xudo xohlasa, bundan keyin ham shu yerda mehnat qilib, tirikchiligimizni o‘tkazamiz», – deydi yosh bog‘bon Sardorbek Yo‘ldoshev.
Bog‘bon va dehqonlar mehnati orqali daromad topadi, shu bilan birgalikda aholi dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta'minlaydi.
Maqoladan so‘ng, har qarichi tilloga teng yerimizdan unumli foydalanib, noz-ne'matlar yaratayotgan mirishkorlarning tajribasini o‘rganib, shu ishga bel bog‘laydigan hamyurtlarimiz ko‘paysa, ajab emas.
Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.