«Damas»dagi 120 million so‘mlik «Remdesivir» manzilga yetib bormadi

Jamiyat 19:36 / 29.11.2020 6400

«Toshkent – AERO» IBKning Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan olingan ma'lumotlarga asosan, Toshkent shahar Sirg‘ali tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston fuqarosi O.K. o‘zining «DAMAS» avtomashinasida 1 dona karton qutiga joylangan dori vositalarini noqonuniy tarzda shartli xaridorga jami 120 million so‘m evaziga sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Karton quti o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilganida, uning ichida umumiy qiymati 120 million so‘mlik jami 200 quti «REMDESIVIR 100 mg» nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

«Kobalt»dagi pirotexnika vositalari manzilga yetib bormadi

Sirdaryo tumanida fuqaro M.J. boshqaruvidagi «Kobalt» avtomobili belgilangan tartibda to‘xtatilib, transport vositasi saloni va yukxonasi ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtoulovda xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 41,3 million so‘mlik 57 605 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.

Tezkor tadbir Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tezkor xodimlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari tomonidan o‘tkazildi.

350 million so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida, chegaraoldi hududida harakatlanayotgan fuqaro X.Z. boshqaruvidagi «Mersedes benz» rusumli yuk avtomashinasi belgilangan tartibda to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada ushbu yuk avtomashinacining yukxonasida maxsus yashirin joyga joylangan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 350 million so‘mlik 35 dona avto magnitofon va qurilishda foydalaniladigan texnika vositalari borligi aniqlandi.

Tezkor tadbir Namangan viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari va Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan o‘tkazildi.

Hujjatlarda ko‘rsatilmagan 50 mln so‘mlik tibbiyot vositalari ushlab qolindi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Sirdaryo» chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan fuqaro N.A. boshqaruvidagi «MAN» rusumli yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada avtomashinada hujjatlarda ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 50 million so‘mlik, sifati kafolatlanmagan, tibbiyotda keng foydalaniladigan tibbiyot vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: