Tanqidga javob: Urgutdagi tez yordam va tug‘ruq bo‘limlariga boradigan yo‘l kengaytiriladigan bo‘ldi

Jamiyat 11:34 / 15.11.2020 2027

Shu yil 2 noyabr kuni Kun.uz saytida «Urgutdagi «tez yordam»ga tez borib bo‘lmayapti. Tor yo‘lni kim kengaytiradi?» sarlavha ostida tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Maqolada Urgut tuman markaziy kasalxonasining tez tibbiy yordam va tug‘ruq bo‘limlariga kirib chiqadigan yo‘lda piyodalar yo‘lakchasi yo‘qligi tufayli bu yo‘ldan o‘tib qaytayotgan piyodalar va haydovchilar ma'lum qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida aytilgandi.

Urgut tuman hokimligi mazkur maqolaga munosabat bildirdi. Unda tuman hokimligi qurilish bo‘limi tomonidan maqola yuzasidan surishtiruv o‘tkazilgani va haqiqatan ham bir guruh fuqarolar tomonidan yo‘l chetidagi piyodalar yo‘lakchasining o‘rni egallab olingani aniqlanib, muammoni hal qilishga kirishilgani ma'lum qilingan.
 
«O‘rganish davomida murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan tuman markaziy kasalxonasining tez yordam va tug‘ruq bo‘limlariga olib boradigan yo‘l Urgut shahrining bosh rejasiga ko‘ra, eni 20 metr qilib belgilanganligi aniqlandi. Shuningdek, mavjud yo‘l yoqasida tuman tibbiyot birlashmasi poliklinikasi binosining janubiy qismi temir panjara bilan o‘ralganligi bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmasi xodimlariga yo‘l chetidagi temir panjaralarni o‘z hisobidan ochib qo‘yishi to‘g‘risida tushuntirildi.

Bosh reja asosidagi yo‘l yoqasida Urgut shahar «Navbog‘» mahallasida yashovchi fuqarolar N.Rofiqov tomonidan 26×2 metr o‘lchamdagi maydon, fuqaro R.Aliyev tomonidan 4×17 metr uzunlikda gulxona, fuqaro F.Latipov tomonidan 8×1,5 metr o‘lchamda temir to‘siq hamda 20 metr uzunlikda gulxona, fuqaro G.Temirova tomonidan 17 metr uzunlikda gulxona, fuqaro K.Mustafayeva tomonidan 1,5×4 metr o‘lchamda pandus 5×1 metr o‘lchamda gulxona, fuqaro A.G‘aniyev tomonidan 9×2 metr o‘lchamda ayvon o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgani aniqlandi.

Bu bilan fuqaro N.Rafiqov, R.Aliyev, F.Latipov, G.Temirova, K.Mustafayeva, A.G‘aniyev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi 467-sonli «Aholi punktlarini qurishida shaharsozlik va yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat'iy rioya etilishini ta'minlashga, shuningdek, tadbirkorlik maqsadlari uchun yer ajratish tartibini yanada takomilashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori talablariga zid ravishda harakatlar sodir etgan.

Yuqorida nomlari keltirilgan fuqarolar Urgut tuman hokimligi qurilish bo‘limi tomonidan, shaharsozlik kodeksining 8 va 59-moddalariga asosan, mazkur qurilishlarini 5 (besh) kun ichida o‘z hisobidan buzib olishi to‘g‘risida yozma ravishda ogohlantirildi va aks holda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilishi ma'lum qilindi», deyiladi Urgut tuman hokimligining maqola yuzasidan bildirgan munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: