Loyihalashda manfaatlarim inobatga olinmadi – tadbirkor

Jamiyat 15:23 / 14.11.2020 6066

Surxondaryo viloyatiga safarimiz chog‘ida Sho‘rchi tumanidagi «Sho‘rchi Bozorgon Chiroqchi» MChJ hududidagi yakka tartibdagi tadbirkor Azamat Ibrohimovdan tushgan murojaat e'tiborimizni tortdi. Oynako‘l mahallasida istiqomat qiluvchi bu fuqaro mijozlariga tokarlik-slesarlik xizmatlarini ko‘rsatadi.

2017 yilda tuman markazidagi bozorni qayta qurish ishlari boshlab yuborilgach, uning faoliyatida qiyinchiliklar paydo bo‘la boshladi. Gap shundaki, tadbirkor ustaxonasi yaqiniga yangi binolar barpo qilinishi natijasida hovli maydoni qisqarib, og‘ir va yirik o‘lchamli ehtiyot qismlarini yasashga doir buyurtmalarni qabul qilishda qiyinchilikka duch kelmoqda.

«Bu yer maydoni auksionda sotilgan. Keyin men xarid qilganman, ya'ni hokim qarori bilan berilmagan. Bozorning qayta qurish ishlari boshlangandagi rejasi mening manfaatlarimga ziyon yetkazmasdi. Ammo qurish ishlari rejadagidek amalga oshmadi, oqibatda mengacha bo‘lgan yo‘ldan faqat piyoda, nari borsa velosipedda kelish mumkin bo‘lib qoldi.

Murojaatimning maqsadi shuki, bozor loyihasi chizmasini chizganlar nega bizning manfaatlarimizni o‘ylamadi? Biz ham soliq to‘lab yuribmiz-ku, soliq to‘lamagan taqdirimizda, O‘zbekiston fuqarosimiz-ku!» - deydi Azamat Ibrohimov.

Ibrohimovning aytishicha, yonida barpo qilingan binoning 6 kvadrat metri kadastr hujjati bo‘yicha unga tegishli bo‘lsa-da, bu inobatga olinmay, qoziq qoqib berilgan va bino qurilgan. Hokimlik mutasaddilari unga masalani tayinli tushuntirib berishmagan.

tadbirkor Azamat Ibrohimov

«Bozorni qurayotgan yigit kelganida, unga hujjatlarimni ko‘rsatganimda, hujjatlar “bir tiyin”ligini aytdi. Bino qad ko‘tardi. Mutasaddilar orqa tarafdagi yerdan foydalanishni aytishmoqda. Aslida, bu yo‘l emas, balki menga o‘xshagan tadbirkorlarga tegishli binolarning yer maydonlari, ya'ni hovlisi. Bozorning ilk loyihasida bizning ustaxonalar tokarlik ustaxonalar sifatida qayd etilgan edi», – deydi tadbirkor.

Xo‘sh mas'ullar soliq to‘lovchining bu shikoyati yuzasidan nima deydi? Bu savolga javob olish maqsadida Sho‘rchi tuman Qurilish bo‘limi boshlig‘i Najmiddin Mamadiyev bilan uchrashdik.

«Sho‘rchi Bozorgon Chiroqchi» MChJ Sho‘rchi tumanining tasdiqlangan bosh rejasiga ko‘ra, qaytadan rekonstruksiyaga tushgan. Bu ishlar yakuniga yetishiga oz qoldi. Shuningdek, u yerda ozgina “snos” ishlarimiz ham bor. Shundan so‘ng tadbirkor Azamat Ibrohimovga tegishli bino oldi ochiladi.

Bilasiz, binolarni buzish mablag‘ga borib taqaladi. Shundan so‘ng, buziladigan binolar o‘rnida yo‘l qurish ham tugallanadi.

Hozirda uning foydalanishi uchun yo‘l mavjud. O‘sha yerdan foydalanib kelmoqda. Qurilish ishlari batamom poyoniga yetgach, barchasi iziga tushib ketadi», – deydi Najmiddin Mamadiyev.

Sho‘rchi tuman Qurilish bo‘limi boshlig‘i Najmiddin Mamadiyev

Uning bildirishicha, bozor kelasi yil bahorda to‘liq qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Ammo tadbirkor, bu muammolar uning manfaatlariga to‘la mos keladigan tarzda barham topishiga ishonchsizlik bilan qaramoqda. Umid qilamizki mahalliy hokimlik bu masalada qonunlarga rioya qilinishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: