Fuqaro va Oliy sud o‘rtasida xonadonga oid nizo yuzasidan sud muhokamasi boshlandi

Jamiyat 16:26 / 14.11.2020 6561

Kun.uz saytida tergov va sud idoralarining noqonuniy qarori va hukmi sabab fuqaro Rustam Kamalovning yashab turgan uyi tortib olingani va unga bugungi kunda Oliy sud egalik qilib kelayotgani yoritilgandi.

Kamalov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Respublika ko‘p tarmoqli Agrosanoat birjasi Toshkent filialiga nisbatan auksion bayonnomasini haqiqiy emas deb topish va Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadonni Oliy sud egaligidan qaytarib olish haqida sudga da'vo arizasi kiritgan edi.

12 noyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudida mazkur ish bo‘yicha sud muhokamasi jarayonlari boshlandi.

Unda da'vogar R.Kamalov, javobgarlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Respublika ko‘p tarmoqli Agrosanoat birjasi Toshkent filiali vakillari ishtirok etdi.

Da'vogar o‘zining da'vo talablarini to‘liq quvvatlab, uyi natura shaklida qaytarilishini so‘radi.

Respublika ko‘p tarmoqli Agrosanoat birjasi Toshkent filiali vakili da'vogarning da'vo talablarini tan olmadi va Fuqarolik kodeksining 229-moddasini qo‘llab, arizani qanoatlantirishni rad etishni so‘radi.

Sudda javobgarning ishonchli vakili sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi yuridik xizmati xodimi Saidkamol Asqarov da'vo talablari asosli ekanligini va fuqaroning uyini davlat egaligiga o‘tkazish to‘g‘risidagi sud hukmi bekor bo‘lganligini bildirib, xozirda Oliy sud egaligida turgan xonadonni Rustam Kamalovga qaytarish yoki unga muvofiq keladigan pulni to‘lab berish masalasini hal etishni sudga havola qildi.

Taraflardan biror-bir iltimosnoma yoki talab bo‘lmasa-da, sudya Nazarov o‘z tashabbusi bilan ishga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan mutaxassis taklif qilishni lozim topdi. Sud majlisi 24 noyabr kuniga qoldirildi, deb xabar bermoqda sud jarayonlarida bevosita ishtirok etayotgan Kun.uz muxbiri. 

Eslatib o‘tamiz, Oliy sud Rayosatining joriy yil 7 may sanasidagi qarori bilan Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadonni davlat egaligiga o‘tkazish to‘g‘risidagi sud hukmi bekor qilinib, Rustam Kamalovga xonadon yoki uning qiymati qaytarilishi masalasida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.

21 iyul kuni AOKAda Oliy sud vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov Rustam Kamalovning ishida hech qanday muammo bo‘lmasligini, uy bo‘shatib qo‘yilganini, u yerda yashab turgan Oliy sud sudyasi boshqa uyga ko‘chirilganini, fuqaro shu uyda o‘zi yashashi kerakligi haqida hulosa qilinganini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: