Olmazor tumanida tadbirkor qurgan inshootni kim buzdi?

Jamiyat 11:07 / 13.11.2020 15801

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi G‘ayrat Rahimov Kun.uz tahririyatiga murojaat qilib, 2017 yil 1 noyabrda Olmazor tumanining o‘sha paytdagi hokimi Abduqahhor To‘xtayevning imzosi bilan ukasi Shavkat G‘aniyev nomiga qaror chiqarilgani, unda Nurafshon aylanma yo‘li va Sebzor ko‘chalari kesishuvida, sobiq IKAT restorani yonidagi avtobus bekati o‘rnida shaharsozlik talablaridan kelib chiqqan holda oynavand ko‘rinishdagi zamonaviy savdo shoxobchasi qurilishiga ruxsat berilganini ta'kidlaydi.

G‘ayrat Rahimov

Biroq qaror chiqqaniga uch yil, loyiha hujjatlari tasdiqlanganiga ikki yarim yildan oshgan bo‘lsa-da, Shavkat G‘aniyev haligacha avtobus bekati tarkibida zamonaviy savdo shoxobchasini qura olmay kelmoqda, ma'lum qilinishicha, bunga tuman hokimligi mas'ullari to‘sqinlik qilib keladi.

Rahimov uch marta qurilish ishlari boshlangani, har safar turli bahonalar bilan qurilmalar buzib tashlangani yoki og‘zaki buyruq bilan shoxobcha qurilishi to‘xtatib qo‘yilganini ta'kidlaydi.

Shuhrat Rahimov

«2017 yilda tuman hokimining qarori chiqqach, loyiha hujjatlarini tayyorladik. Ular tasdiqlangach, qurilish ishlarini boshladik. Lekin o‘sha paytdagi tuman hokimining o‘rinbosari Abdurasul Vahobov turli bahonalar bilan qurilishni to‘xtatib qo‘ygan, gohida boshlangan ishlarimizni buzdirib tashlagan edi.

Bir safar tumanga prezident tashrifi kutilayotganini aytib qurilishni to‘xtatib turishni so‘ragan bo‘lsa, boshqa safar bekatdan 20 metrcha narida qurilgan savdo markaziga xalal berayotganimizni bahona qilib qurilmalarimizni buzdirib tashlagandi», deydi G‘ayrat Rahimov.

2018 yil noyabrdagi holat (buzdirib tashlangan)
2018 yil dekabrdagi holat (buzdirib tashlangan)

«2018 yili qurilish qilayotganimizda o‘zini Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov deya tanishtirgan odam kelib qurilmalarimizni buzdirdi. O‘sha paytda bekat va do‘konning karkaslarini tiklab, ustini yopib ham bo‘lgandik. Hokim o‘rinbosari aytgandan keyin buzishga majbur bo‘ldim. Bilmayman, bizga qandaydir xusumati bo‘lganmi yo bu yerda boshqa gap bormi, 2018 yilda ikki marta qurganimdayam Vahobovning o‘zi ishchilarning tepasida turib qurgan inshootimni buzdirgan. Qog‘oz bilan yoki sudning qarori bilan buzdirilmadi», deydi Shavkat G‘aniyevning yana bir akasi Shuhrat Rahimov.

Qurilmalar ikki marta buzdirib tashlanganidan keyin orada ishlar ancha vaqt to‘xtab qolgan. Aka-ukalar moliyaviy muammolar qurilishni qayta boshlash imkonini bermagani, qolaversa, 2020 yilda pandemiya sababli bu ishlar ortga surilib ketganini aytishdi.

Shuhrat Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yili Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov avtobus bekatlari tarkibida savdo shoxobchasi qurayotgan tadbirkorlarni tuman hokimligi binosiga yig‘ib, bekat-do‘konlarning avvalroq tasdiqlangan oynavandli loyihalari yangilangani, barcha bekat-do‘konlar yangilangan loyihalar asosida qurilishi kerakligini aytgan.

Eski loyiha

«Tuman hokimi faqatgina yangilangan loyiha asosida avtobus bekatlarida do‘kon qurishimizga ruxsat berilishini aytdi. Yangilangan loyihalar tasdiqlangandan so‘ng bizga xabar berilishini, shundan keyin qurilishni boshlashimiz mumkinligini ma'lum qilishdi. So‘zlarimni yig‘ilishda qatnashgan boshqa tadbirkorlar ham tasdiqlashadi.

Biroq shu kungacha tuman hokimligi bizni chaqirib, qaysi loyiha bo‘yicha qurilishni boshlashimiz mumkinligini aytgani yo‘q. O‘zimiz ko‘cha-kuyda o‘sha yig‘ilishda ko‘rsatilgan loyiha asosida qurilgan do‘konlarni ko‘rib, ularning egalaridan so‘rab surishtirib, yangilangan loyihaga buyurtma berdik. Ushbu loyihamiz tuman arxitektura va qurilish bo‘limi tomonidan 2020 yilning 20 oktyabr kuni tasdiqlangan, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi bilan kelishilgan.

Yangi loyiha

30 oktabr kuni ushbu loyiha asosida qurilish ishlarini qayta boshlangandik. Shu kunning o‘zida noma'lum shaxs kelib nima uchun bu yerda qurilish qilayotganimizni surishtirdi, qo‘lida qaror borligini, bu yer tuman hokimligi tomonidan unga berilganini aytdi. U ketishi bilan Olmazor tumani hokimining kapital qurilish, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish, sanoat va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdurasul Vahobov qo‘ng‘iroq qilib, nimaga yana do‘kon qurayotganimni so‘radi va bu yerga qurilish qilma deb aytganini eslatdi. U menga tumanning istalgan joyidan joy tanlashim mumkinligi, qarorimni o‘zgartirib berishi, lekin bu yerda qurilishi qilmasligimni aytdi. Menimcha, bizning joyimizni kimgadir sotib yoki va'da qilib qo‘yganga o‘xshaydi», deydi Shuhrat Rahimov.

Tadbirkorlarning ma'lum qilishicha, 2020 yilning 4 noyabr kuni Olmazor tumani hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdurasul Vahobov, tuman hokimining uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Qahhor Mahmudov, tuman bosh arxitektori G‘ulom Azimov, tuman hokimligi va «Olmazor tumangaz» idorasi xodimlari qurilish bo‘layotgan joyga borib, inshootni buzdirishga urinishgan.

«Tuman hokimligi vakillari hech qanday ogohlantirishsiz kelib, o‘zboshimchalik bilan qurilmalarimizni buzdirmoqchi bo‘lishgan. Ushbu harakatlarini asoslaydigan biror-bir qonuniy kuchga ega bo‘lgan hujjat yoki sud qarorini ko‘rsatishmagan. Bizga buni ustalarimiz ma'lum qilishdi.

Eng birinchi bo‘lib Shuhrat ukam bu yerga yetib kelgan. Men kelganimda Abdurasul Vahobov ketib qolgan, ammo tuman hokimining Qahhor ismli o‘rinbosari va tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi boshlig‘i G‘ulom Azimov hamda boshqa mas'ullar shu yerda edi.

Ulardan inshootimizni buzdirishni to‘xtatishni iltimos qilib so‘radik. Nimaga asoslanib buzdirishayotganini so‘raganimizda hech qanday hujjat taqdim qila olishmadi. Natijada janjalli vaziyat, tortishuv yuzaga keldi. Ular buzish ishlarini davom ettiravergach, «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qildik. Shundan so‘ng ichki ishlar xodimlari kelishdi, ularning hamrohligida tuman bosh arxitektori bilan birga tuman 6-sonli ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga borib, obektga oid barcha hujjatlarimizni G‘ulom Azimovga taqdim etdik. U yerdan hammamiz murosaga kelib tarqaldik.

Biroq 4 noyabrdan 5 noyabrga o‘tar kechasi soat taxminan 02:00-06:00 oralig‘ida qurilmalarimiz noma'lum shaxslar tomonidan buzib ketilgan. Albatta bir kun oldin sodir bo‘lgan mojaroli vaziyatdan kelib chiqilsa, asosiy gumonimiz tuman hokimligi vakillaridan, aynan hokim o‘rinbosarlaridan. Holat bo‘yicha IIBga ariza berdik, umid qilamizki, tez orada mulkimizga daxl qilganlar topiladi, haqiqat qaror topadi», deydi G‘ayrat Rahimov.

Olmazor tumani bosh arxitektori G‘ulom Ahmedov tadbirkor Shavkat G‘aniyev savdo shoxobchasini qurishdan oldin amaldagi tartib-qoidalarga rioya qilmagani, jumladan, ajratilgan yerning chegaralari belgilanmagani, buning uchun asos hisoblanadigan yerosti muhandislik inshootlarining ijro surati tushirilgan topografik xarita va geologik xulosa ishlab chiqilmaganini aytmoqda.

«Tuman hokimining qarori qabul qilingandan keyin qurilayotgan binoni ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilishi kerak. Tadbirkor Shavkat G‘aniyev uni ishlab chiqqan. Men uni ko‘rib tanishib chiqdim. Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgandan keyin loyihalash uchun yerosti muhandislik inshootlarining ijro surati tushirilgan 1:500 nisbatdagi topografik xarita olinadi-da, yer maydonining naturada belgilangan chegaralari tasdiqlanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2018 yilda qabul qilingan 603-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi. Tadbirkor tomonidan bu hujjat taqdim etilmagan.

Bu asosiy hujjat hisoblanadi. Sababi topografik xarita yer ajratish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan keyin yer qayerda joylashgan degan savolga javob beradigan me'yoriy-huquqiy hujjat hisoblanadi. Ushbu hujjat hali yo‘q bo‘la turib tadbirkor qurilishni boshlab yuborgan. Bu mumkinmas. Vaholanki, tuman hokimining 2017 yil 1 noyabrdagi qarorida qaysi hujjatlarni mutasaddi tashkilotlarga taqdim etishi kerakligi ko‘rsatib qo‘yilgan», deydi u.

G‘ulom Azimov hokimlik vakillari qurilish bo‘layotgan joyga borishganini uzoq vaqt davomida tadbirkor bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagani bilan izohladi. Uning aytishicha, qurilish joyiga mas'ullar borib, o‘zlarini go‘yoki qurilayotgan inshootni buzayotganday qilib ko‘rsatishgandan so‘ng tadbirkor o‘sha yerga yetib borgan va tomonlar suhbatlashib olishgan. Tuman bosh arxitektori tadbirkorning qurilmalari hokimlik vakillari topshirig‘i bilan buzilgani, inshootga zarar yetkazilganini inkor etdi.

Shuningdek, u qurilma piyodalar yo‘lagi o‘rnida qurilgani, bundan tashqari, tuman hokimining qarori 2017 yilda chiqqan bo‘lsa-da, 3 yil davomida hech qanday qurilish ishlari amalga oshirilmagani, bu esa Yer kodeksining 36-moddasi talablariga zid ekaniga ham urg‘u berdi.

Tadbirkor Shavkat G‘aniyev Kun.uz’ga ayni paytda topografik xarita ishlab chiqilgani, uni istalgan vaqtda tuman hokimligiga taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov uning o‘rniga har qanday savollarga hokimlik axborot xizmati rahbari Dilfuza Rahimova javob berishini ma'lum qildi.

«2018 yilda tuman qurilish-kommunal va obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Abdurasul Vahobov tomonidan 1994 yilda tug‘ilgan Shavkat G‘aniyevga ajratilgan joyda hech narsa qurilmasin, buzilsin degan mazmundagi qonuniy kuchga ega bo‘lgan hech qanday hujjat taqdim etilmagan, biror-bir ko‘rsatma berilmagan.

Hozirgi paytda tadbirkorga tuman hokimining qarori bilan ajratilgan ajratilgan yerda qurilish ishlarini amalga oshirish muddati o‘tib ketgan. Shuningdek, tadbirkorning qo‘lidagi qarorda ko‘rsatilgan tartibda topografik xarita taqdim etilmagan, qurilish chegaralari belgilanmagan. Bu yerda qurilish ishlarini olib bormaslik bo‘yicha tadbirkorga ko‘rsatmalarni pochta orqali yubordik.

Qurilish ishlari to‘xtatilayotganining eng asosiy sababi qurilayotgan bekat-do‘kon piyodalar yo‘lagiga to‘g‘ri kelib qolgan. Ikkinchidan, qurilish ishlari olib borilayotgan joyda katta gaz quvuri o‘tgan. U yerdan gaz quvuri o‘tganini bilishgani uchun bizga topoxaritani berishmayotgandir deb taxmin qilyapmiz. Ayni paytda hokim qarorini bekor qilish bo‘yicha sudga, shuningdek, ushbu loyihani bekor qilish bo‘yicha qurilish boshqarmasiga ariza kiritdik», deydi Dilfuza Rahimova.

Tadbirkorning akasi G‘ayrat Rahimovning ta'kidlashicha, topografik xaritada ular bekat-do‘kon qurayotgan joyda chindan ham yirik gaz quvuri bor, biroq u bekatning tagidan emas, yonidan o‘tgan. Bundan tashqari, u Shaharsozlik normalari va qoidalariga ko‘ra ular qurayotgan inshoot yengil konstruksiyali qurilma ekani, poydevorga ega emasligi, gaz quvurining ustiga tushgan taqdirda ham unga hech qanday zarar yetkazmasligini aytmoqda.

Dilfuza Rahimova 5 noyabrdan 6 noyabrga o‘tar kechasi tadbirkor Shavkat G‘aniyevga tegishli inshoot buzib ketilishida tuman hokimligi vakillarining qo‘li borligini rad etdi.

Garchi tuman hokimligi vakillari tadbirkorga tegishli inshoot buzilmaganini, tuman hokimi o‘rinbosarlari uni buzish haqida topshiriq bermaganini aytishayotgan bo‘lsa-da, Kun.uz’ga yuborilgan video buning aksini ko‘rsatmoqda. Tadbirkor tomonidan taqdim etilgan videoda Olmazor tumani obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari bekat-do‘kon karkaslarini buzishayotgani tasvirlangan. O‘zini obodonlashtirish boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs tuman hokimining o‘rinbosari Qahhor Mahmudovning topshirig‘iga ko‘ra inshootni buzayotganini aytgan.

Yuqorida har ikki tomonning fikrlari, iddaolari bilan tanishdik. Kun.uz bu o‘rinda kimnidir haq yoki nohaq deyishdan yiroq. 4 noyabrdan 5 noyabrga o‘tar kechasi tadbirkorning mulkini kimlar yakson qilib ketgani jumboqligicha qolmoqda. Haqiqat kim tarafda bo‘lmasin, huquqiy davlatda xususiy mulk zo‘ravonlik bilan tortib olinmasligi yoxud sudning qarorisiz bu tarzda buzib tashlanmasligi kerak.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Nuriddin Nursaidov, tasvirchi

Ko‘proq yangiliklar: