O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil zulmi G‘azodan Janiynga ko‘chdi
Isroil okkupatsiyasi ostidagi G‘arbiy sohilda zo‘ravonliklar avj olmoqda. Falastinning Janiyn tumanida Isroil hujumlari natijasida kamida 10 falastinlik halok bo‘ldi, 35 dan ortig‘i yaralangan. Isroil armiyasi buni «aksilterror operatsiyasi» deb atadi, ammo bu borada batafsil ma’lumot berilmayapti.
Falastin ma’muriyati isroillik harbiylarni tinch aholi va xavfsizlik kuchlari xodimlariga o‘t ochganlikda aybladi. Jabrlanganlar orasida tinch fuqarolar va ofitserlar bor, ulardan biri og‘ir ahvolda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu harakatni «terrorizmga qarshi kurash» deb baholagan va operatsiyaga «Temir devor» deb nom berilgan.
Janiyndagi eskalatsiya G‘arb sohilidagi umumiy zo‘ravonliklardan bir qismidir. So‘nggi haftalarda harbiy reydlar, noqonuniy manzilgohlarda yashovchi yahudiy ko‘chkindilarining hujumlari va aviahujumlar ko‘paydi. 21 yanvar kuni yahudiy manzilgohlaridagi ko‘chkindilar armiya yordamida falastinliklarning avtomobillari va mulklarini yoqib yubordi. 20 dan ortiq odam yaralandi.
G‘azoda yaqindagi kelishuvga qaramay, vaziyat notinch qolmoqda. 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘arbiy sohilda Isroil kuchlari va noqonuniy manzilgohlardagi yahudiy ko‘chkindilari tomonidan kamida 847 falastinlik halok qilingan.
Damashq: «Sanksiyalar sababchisi — Moskvada»
Suriyaning yangi hukumati G‘arbdan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishni so‘ramoqda. Davos forumida Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy sanksiyalar sababini Moskvadan qidirish kerakligini ta’kidlab, Bashar Asad davrida joriy etilgan sanksiyalar mamlakatning tiklanishiga to‘siq bo‘layotganini aytdi. Unga ko‘ra, «Suriya xalqi sobiq hukmdorga qarshi choralar tufayli jazolanmasligi kerak».
8 dekabr kuni muxolifatdagi «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi Damashqni egallaganidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan yangi hukumat ochiq iqtisodiy islohotlarni va’da qilmoqda. Jumladan, neft sanoatining xususiylashtirilishi va xususiy sarmoyalarni transport infratuzilmasiga jalb qilish rejalashtirilgan.
AQSh 6 oylik sanksiyalarni yengillashtirish haqida e’lon qildi. Yevroittifoq ham yangi hukumat inklyuziv siyosatni yo‘lga qo‘ysa, choralarni yumshatishni ko‘rib chiqmoqda.
Suriyadagi 14 yillik mojaroda 500 mingdan ortiq kishi halok bo‘lib, mamlakat infratuzilmasi deyarli to‘liq vayron qilingan. Mamlakatning yangi yetakchisi Ahmad ash-Shara’ «iqtisodiy tizimsiz qolgan davlat»ni tiklash zarurligini ta’kidlamoqda.
Tramp husiychilarni «terrorchilar» ro‘yxatiga qaytardi
AQSh prezidenti Donald Tramp Yamanning «Ansorulloh» harakatini yana «xorijiy terrorchi tashkilotlar» ro‘yxatiga kiritishga farmon berdi. Tramp Eron mintaqada «terrorchilik faoliyatini» kengaytirib, husiychilarni bu maqsadda qo‘llayotganini ta’kidladi.
Prezidentning aytishicha, Bayden ma’muriyati 2021 yilda husiychilarni ushbu ro‘yxatdan chiqargan, ammo bu chora ularning xavfli faoliyatini kuchaytirdi. Tramp, xususan, Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarni misol qilib keltirib, ularni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga qaytarish zarurligini ta’kidladi.
2021 yilda Entoni Blinken «Ansorulloh» harakatini ro‘yxatdan chiqarishga Yamandagi og‘ir humanitar vaziyat sabab bo‘lganini bildirgan edi. Ammo Tramp husiychilarning mintaqaga xavf tug‘dirayotganini qayd etib, ularning terrorchi maqomini tikladi.
Tramp neft narxini tushirmoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni va OPEC+ni neft narxini yana pasaytirishga chorlab, bu Rossiyaning Ukrainadagi urushini yakunlashga yordam berishini ta’kidladi.
Tramp Davosdagi Jahon iqtisodiy forumidagi chiqishida, narxlarni pasaytirish allaqachon amalga oshishi kerakligini va bu «mas’uliyatsizlik» ekanini bildirdi.
Uning fikricha, neft narxi yuqori bo‘lgani uchun Rossiya urushni moliyalashtirishda davom etmoqda. «Agar narxlar tushsa, Moskva daromadlari qisqarib, urush tez yakunlanardi», — dedi Tramp. Shuningdek, u OPEC+ bu choralarni saylovdan oldin amalga oshirmaganidan taajjublanganini bildirdi.
«Katta yettilik» mamlakatlari 2022 yilda Rossiya neftiga narx chegarasi o‘rnatgan edi. Rossiya bu cheklovlarni chetlab o‘tish uchun «yashirin flot» yaratib, neftini yuqori narxlarda sotishda davom etmoqda. Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning yangi paketini aynan shu flotga qaratdi. Shuningdek, YeIdagi olti mamlakat Rossiya nefti narxini barreliga 60 dollardan tushirishni taklif qilgan.
Kreml Tramp tahdidlaridan cho‘chimayapti
Kreml AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya eksportiga qarshi yangi sanksiyalar tahdidlarini kutilgan deb baholadi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu bayonotlar avvalgi siyosatdan farq qilmasligini ta’kidladi.
«Trampning ilk prezidentligi davrida Rossiyaga qarshi sanksiyalar faol qo‘llangan edi. U bu usulni yoqtirgan va bugungi tahdidlarda yangilik yo‘q», — degan Peskov. Peskov Rossiya AQSh bilan teng va hurmatli muloqotga ochiqligini bildirdi, ammo hozircha bunday signallar yo‘qligini ta’kidladi.
Tramp Truth Social platformasida Ukraina mojarosini tezda hal qilish kerakligini ta’kidlab, Rossiya eksportiga qattiq choralar qo‘llash bilan tahdid qildi. «Biz ko‘proq insonlar hayotini yo‘qotishga yo‘l qo‘ya olmaymiz!» — deb yozdi Tramp, Rossiyaga og‘riqli ziyon yetkazishni maqsad qilmaganini ham qo‘shimcha qildi.
Ekspertlar esa AQShning yangi sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishidan shubhalanmoqda. 2023 yilda AQSh Rossiyadan ko‘pchilik tovarlarni import qilishni to‘xtatgan, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich atigi $2,8 mlrdni tashkil etdi.
Iqtisodiy qiyinchiliklar Rossiyani muzokaralarga undaydimi?
Neft va gaz eksporti orqali o‘sishga erishilganiga qaramasdan Rossiya iqtisodiyotidagi muammolar yanada chuqurlashmoqda. Asosiy qiyinchiliklar ishchi kuchi tanqisligi va inflatsiyaga qarshi kurashda joriy etilgan 21 foizlik bazaviy stavka bilan bog‘liq.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bunday shart-sharoitda Rossiyadagi ayrim elita vakillari tinchlik kelishuviga intilishni ma’qul ko‘rmoqda.
Rossiya budjetiga tushayotgan yuk kuchaymoqda: harbiy xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 6,3 foizini tashkil etib, budjetning uchdan bir qismiga tenglashdi. Bunday vaziyat Vladimir Putinning o‘zida ham xavotir uyg‘otgan.
Manbalarga ko‘ra, Putin allaqachon Ukrainada asosiy maqsadlarga erishilgan deb hisoblamoqda. Jumladan, Qrimga quruqlik orqali yo‘l ochilib bo‘lgan. Rossiya hozir Ukraina hududining 20 foizini nazorat qilmoqda. Lekin yuqori xarajatlar va iqtisodiy bosim Moskvani mojaroni muzokaralar orqali hal qilish yo‘liga boshlashi mumkin.
Putin va Netanyahudan so‘ng «Tolibon»ga order
Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon «Tolibon» yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda va Oliy sud rahbari Abdulhakim Haqqoniyni hibsga olish uchun order berishni so‘radi. Ular ayollar, qizlar va ularni qo‘llab-quvvatlovchilarni ta’qib qilganlikda ayblanmoqda.
2021 yilda hokimiyatni qo‘lga kiritgan «Tolibon» harakati ayollar huquqlarini cheklovchi qator qonunlarni joriy qilgan. Ular qizlar uchun ta’limni taqiqlash, ayollarning ishlashini, erkin harakatlanishini cheklash va jamoat joylariga borishini man etishni o‘z ichiga oladi.
Xalqaro jinoyat sudi orderi Rim statutiga a’zo davlatlarga hibsga olish majburiyatini yuklaydi. Afg‘oniston ushbu statutning ishtirokchisi sanaladi. Aybdorlik faqat sud jarayonida aniqlanishi mumkin.
Avvalroq sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olish uchun order chiqargan edi.
Los-Anjyeles yaqinida yana yong‘in avj oldi
Kaliforniyada Los-Anjyeles shahridan 80 km shimolda joylashgan Kastaik ko‘li hududida 22 yanvar kuni yangi yong‘in boshlandi. «Hyuz» deb nomlangan yong‘in 38 km² maydonni qamrab oldi.
Aholi xavf tufayli evakuatsiya qilinmoqda: 31 ming kishi evakuatsiya qilingan bo‘lsa, yana 23 ming kishining ko‘chirilishi kutilmoqda. Kastaik okrugi qamoqxonasidagi ayrim mahbuslar ham evakuatsiya qilindi.
Yong‘inni o‘chirishga 4 mingga yaqin o‘t o‘chiruvchi jalb qilingan. Hozircha birorta inshoot zarar ko‘rmagan. «Hyuz» yong‘inidan tashqari, «Iton» va «Paliseyds» deb nomlangan yong‘inlar to‘liq nazoratga olingan. Ular mos ravishda 57 va 95 km² maydonlarni vayron qilgan.