«Tanqidiy muhokama etiladi va jiddiy xulosa qilinadi» – Past Darg‘om hokimligi «1000 ta jo‘ja spektakli»ga munosabat bildirdi

Jamiyat 10:48 / 08.09.2020 30602

Kun.uz'da bugun, 8 sentabr kuni soat 08:37 da «Past Darg‘omda «1000 ta jo‘ja spektakli»: Bosh rollarda prokuror va o‘g‘lini kambag‘al qilib ko‘rsatgan «mahallaqo‘m» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda Qo‘qoni mahallasi raisi «temir daftar»ga kiritilgan oila deb o‘z oilasini ko‘rsatgani haqida hikoya qilingandi.

Past Darg‘om tumani hokimligi axborot xizmati voqea yuzasidan munosabat bildirdi.

«Mahalla raisi Kun.uz saytiga yolg‘on ma'lumot bergan.

Kun.uz saytida 6 sentabr kuni «1000 ta jo‘ja bilan besh oyda kambag‘alchilikdan chiqish mumkinmi?» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingandi. 

Unda Past Darg‘om tumani «Qo‘qoni» mahallasidagi bir oilaga kambag‘alchilikdan chiqishda yordam ko‘rsatilgani haqida so‘z borgan. Xususan, Doston Tirkashev tadbirkorlikni boshlagani, otasi esa xorijda ishlab yurgani haqida ma'lumot ketgan.

Aslida mahalla oqsoqoli mahallasida kambag‘allik bo‘yicha qilingan ishlarni o‘rganishga kelgan muxbirga yolg‘on ma'lumot bergan. Ya'ni, rais o‘z xonadoniga kirib, bu kam ta'minlangan oilaning uyi ekanini aytgan.

Ushbu holat tuman mutasaddilari tomonidan tegishli tartibda tanqidiy muhokama etiladi va jiddiy xulosa qilinadi», deyiladi hokimlik munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: