Poytaxt hokimligi qo‘shma korxona faoliyatiga sun'iy to‘siq qo‘ymoqda. Investorning aybi nimada?

Jamiyat 15:12 / 08.09.2020 28641

Tahririyatimizga Toshkent shahrining deyarli markazida qurilish ishlari olib borayotgan qo‘shma korxonadan murojaat kelib tushdi. O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, BAA va Qozog‘iston tadbirkorlari tomonidan tashkil etilgan «Regent Corp» QK rahbari Ilyosxon Azizovning bildirishicha, zudlik bilan Toshkent shahar hokimligi bilan o‘rtalaridagi anglashilmovchilikka barham berish zarur, aks holda bir necha milliard so‘mlik investitsiya loyihasi barbod bo‘lishi mumkin.

Ilyosxon Azizov

 

Gap shundaki, Toshkent shahar hokimining 2019 yil 12 fevraldagi «Regent Corp MChJga yer uchastkasini zaxiralash va investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan talablarni bajarish haqida»gi 213-sonli qarorini bekor qilish to‘g‘risida 2020 yil 7 iyul kungi 628-son qarori qabul qilingan. Unda Toshkent shahar Investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari majmuasining 2020 yil 1 iyuldagi 06-519, 06-521-sonli murojaatlari, Qurilish bosh boshqarmasining 2020 yil 30 iyundagi 19-2/206-sonli bildirgisi va dalolatnomasini inobatga olib, 213-sonli qaror bekor qilinishi ma'lum qilingan. Qaror matnidan, shuningdek Toshkent shahar hokimligi va «Regent Corp» MChJ o‘rtasida tuzilgan «Investorning ijtimoiy majburiyatlari to‘g‘risidagi 2019 yil 29 yanvardagi shartnomani bekor qilish bo‘yicha kelishuv ham mavjudligi anglashiladi.

Keling, masala haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lish uchun barchasini boshidan boshlaylik.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 21 dekabr kungi Toshkent shahriga tashrifi yakunlari bo‘yicha yig‘ilish bayoniga muvofiq, «Regent Corp» MChJga «Ko‘p qavatli avtoturargoh, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish hamda biznes majmuasi barpo etish» loyihasini amalga oshirish yuklangan bo‘lib, salkam 19 mlrd so‘mlik loyihani amalga oshirish natijasida 55ta ish o‘rni yaratilishi belgilangan.

2019 yil 27 yanvar kuni bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan eksperiment o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Ishchi guruhning 2-yig‘ilishini o‘tkazgan. Unda prezidentning 2018 yil 15 avgustdagi PF-5511-sonli farmoni ijrosi doirasida Toshkent shahar hokimligida 2018 yil 15 va 22 sentabr kunlari o‘tkazilgan «Investor kuni» tadbirlari ham muhokama qilingan.

Yig‘ilish bayonining 12-bandida qayd etilishicha, «Bayonning 1 va 2-ilovalariga muvofiq ma'qullangan loyihalar bo‘yicha ... yer uchastkasini bir yilgacha muddatga zaxiralash sharti bilan ... Investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan shartlar bajarilganidan so‘ng, yer uchastkasiga egalik qilish va foydalanish huquqi Toshkent shahar hokimining qarori bilan rasmiylashtirilishi» belgilangan.

2019 yil 29 yanvarda Toshkent shahar hokimligi va «Regent Corp» MChJ tomonidan 26-sonli Investitsiya shartnomasi hamda Investorning ijtimoiy majburiyatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Uning 4.6 bandida ta'kidlanishicha, «yer uchastkasini dastlabki zaxiraga olish jarayonida Investitsiya shartnomasining 4.3 bandida nazarda tutilgan barcha shartlar bajarilganidan so‘ng, ... Toshkent shahar hokimi 3 ish kunida Investorga doimiy foydalanish uchun yer uchastkasini ajratib berish haqida qaror qabul qiladi».

Ha, muammoning asl mohiyati, sababi aynan 4.6 band talablari Toshkent shahar hokimligi tomonidan ko‘r-ko‘rona bajarilmaganida.

Bunday deyishimizga asoslar yetarli. Investor shartnomaning 4.3 bandini to‘la-to‘kis bajargan, hujjatlarni taqdim etgan, ammo... shahar hokimligi 3 kun emas, bugungi kungacha ham bu qarorni chiqarishni asossiz ravishda paysalga solib kelgan.

Alaloqibat, hokimlik o‘z aybi bilan sodir bo‘lgan kamchiliklarni xaspo‘shlash uchun tirnoq ostidan kir qidirib, bugungi kunda zaxiralash qarorini ham bekor qilib turibdi.

Shartnomaning 1-ilovasida qurilishi belgilangan obektning tavsifi ham keltirilgan bo‘lib, unda ko‘p qavatli avtoturargoh, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish hamda «Coworking» biznes majmuasi tashkil etilishi qayd etilgan. Bundan tashqari, unda investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish jadvali ham keltirilgan. Obekt faqatgina ko‘p qavatli avtoturargoh ekani haqida so‘z ham yo‘q. Aksincha, «Coworking» biznes majmuasi», degan ibora ham mavjud. Keyinchalik, loyiha hujjatlarida mazkur majmuaning 10 foizigina savdo va maishiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashuvi ham belgilangan.

Shahar hokimligi esa, avtoturargohda 100ta avtomobilga o‘rin borligi, bu kamligini ta'kidlamoqda. Vaholanki, SanQvaMning 49.11.1-jadvaliga asosan, 51-100 avtomobil uchun avtoturargohlar turar joy binolaridan 25 metr, jamoat binolaridan 15 metr uzoqlikda bo‘lishi belgilangan.

2019 yilning 30 sentyabrida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov va «Regent Corp» QK MChJ o‘rtasida yuqorida so‘z yuritganimiz 26-sonli shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzolangan. Uning 1-ilovasi bilan 2019 yil choraklari bo‘yicha investitsiya kiritish muddatlari belgilab olingan bo‘lib, 2019 yil oxirigacha 2,5 mlrd so‘m qilib belgilangan.

Shunday ekan, Sh.Rahmonov rahbarlik qiladigan Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasining 2020 yil 8 yanvardagi №01/09-05-sonli xati mazmunini qanday tushunish mumkin? Vaholanki, 26-sonli shartnomaga qo‘shimcha kelishuvning 1-ilovasini aynan Sh.Rahmonov imzolagan-ku?!

Mazkur xatda «... 2019 yil 4-chorak yakuniga qadar 6,5 mlrd so‘m investitsiya kiritilishi belgilangani, ... 2019 yil yakuniga qadar kiritilgan investitsiyalarni tasdiqlovchi hujjatlar va fotosuratlarni 2020 yilning 15 yanvariga qadar Boshqarmaga taqdim etish» so‘raladi.

Investor yuqoridagi xatga javoban yil oxirigacha 3,5 mlrd so‘m sarmoya kiritganini isbotlovchi ma'lumotlarni (2020 yil 14 yanvar kungi 02-0120-sonli xat) taqdim etadi.

Qizig‘i shundaki, 2020 yil 9 yanvar kuni shahar hokimligi mahkamasidan investorga №06-12-sonli xat yuboriladi. Bu safar tadbirkorga uning ijtimoiy majburiyatlari yodga solinadi. Unga ko‘ra, «Regent Corp» 2 mlrd so‘mlik homiylik ishlarini amalga oshirishi belgilangan bo‘lsa-da, faqat 250 mln so‘m miqdorida Toshkent shahar hokimligiga homiylik mablag‘i o‘tkazilgani ta'kidlangan.

Xat yakuni investorga po‘pisali talab bilan yakunlanadi, desak xato bo‘lmaydi. Investor «... ijtimoiy majburiyatda belgilangan homiylik ishlarini 2019 yil (aslida 2020 yil bo‘lishi kerak – tahr.) 31 yanvarga qadar to‘liq amalga oshirishi, aks holda shartnomaning 4.2, 4.3 va 8.3 bandlarida belgilangan choralar qo‘llanilishi» to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: «Investorning ijtimoiy majburiyatlari to‘g‘risidagi shartnoma»da hokimlik MTM qurish uchun investorga yer ajratishi va shundagina u o‘z majburiyatini ado eta olishi kundek ravshan bo‘lsa-da, hokimlik o‘z zimmasidagi majburiyatni nima uchun bajarmaganini kim nazorat qiladi? Vaholanki, «Regent Corp» QK MChJ uch marta bevosita hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga, bir safar hokim o‘rinbosari Sharof Rahmonovga xat bilan murojaat qilib, ijtimoiy majburiyatini bajarish uchun vaqt ketayotgani, shahar hokimligining tegishli boshqarmasi maktabgacha ta'lim muassasasi qurish uchun yerni belgilab bermasa, shartnomada belgilangan muddatda o‘z majburiyatini bajara olmasligini ta'kidlagan.

2019 yil 20 noyabrdagi №02-1119-sonli xatda MTM uchun yer ajratilmaydigan bo‘lsa, tadbirkor ijtimoiy majburiyatini pul ko‘rinishida ham, faqatgina qo‘shimcha kelishuv asosida amalga oshirishga shayligini bildirgach, Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi tomonidan 2019 yil 6 dekabrda №01/1893-09-sonli xati bilan ijtimoiy shartnoma shartlariga qo‘shimcha kelishuv orqali o‘zgartirish kiritishga rozilik bildirilgan.

Yuqorida tilga olingan xatga binoan, Toshkent shahar hokimligi tomonidan taqdim etilgan, ammo imzolanmagan qo‘shimcha kelishuvga binoan Shartnomaning («Investorning ijtimoiy majburiyatlari to‘g‘risidagi shartnoma»si nazarda tutilmoqda) 1-sonli ilovasi qo‘shimcha kelishuvning 1-sonli ilovasi bilan o‘zgartirilgan va yangi tahrirda o‘qilishi belgilangan. Yangi qo‘shimcha kelishuvning 1-ilovasida ijtimoiy majburiyatlarni bajarish rejasi 2019-2020 yil choraklari bo‘yicha taqsimlab ham chiqilgan. Investor aynan shu kelishuvga muvofiq, 2019 yil 30 dekabrda 250 mln so‘mlik ilk transhni shahar hokimligi hisob-raqamiga o‘tkazib bergan.

Shu o‘rinda, 2020 yilning 9 yanvar kungi №06-12-sonli xat yuzasidan shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Rahmonovga savollar paydo bo‘ladi: qo‘shimcha kelishuv imzolanib, unda mablag‘lar taqsimi ham kelishilgan bo‘lsa, nimaga asosan 31 yanvargacha muddat qo‘yilmoqda? Agar, shahar hokimligi tomonidan qo‘shimcha kelishuvga imzo va muhr qo‘yilmagan, shunga binoan huquqiy kuchga ega emas, deyiladigan bo‘lsa, tadbirkorning 250 mln so‘m o‘tkazgani №06-12-sonli xatda qaysi asosga ko‘ra e'tirof etilyapti?

Qolaversa, shahar hokimligi moliya boshqarmasi bu pulni asossiz qabul qilish o‘rniga, to‘lovchi manziliga qaytarib yuborishi kerak emasmidi? Hokimlik qo‘shimcha kelishuvga imzo qo‘ymasa-da, keyingi tahdid to‘la xatlari orqali istaganini qila olishini, istasa barchasini bekor qila olishini bildirmoqchimi? Qog‘ozlardagi turli xilliklar bilan hokimlik kimni chalg‘itmoqchi o‘zi?

Bundan tashqari, hokimlikning Sh.Rahmonov tomonidan imzolangan va 2020 yil 24 iyundagi №06-421-sonli xatida: «Investitsiya majburiyatlarini bajarish grafigiga asosan Investor tomonidan 2019 yil davomida 6,5 mlrd so‘m investitsiya kiritilishi belgilangan bo‘lsa-da, Investor ushbu shartlarga rioya qilmagan va natijada 2020 yil 1 yanvar kuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmay kelinmoqda», deya ta'kidlanadi.

Shu o‘rinda, yana bir bor takrorlash kerakki, Sh.Rahmonov bundan 9 oy muqaddam, 2019 yil 30 sentyabrda ayni Investor bilan 26-sonli shartnomaga qo‘shimcha kelishuvni imzolaganini qanday qilib yoddan chiqargan bo‘lishi mumkin?! Axir o‘zi imzo qo‘ygan qo‘shimcha kelishuvda 2019 yil 4-chorak yakuni bo‘yicha jami kiritilishi kerak bo‘lgan investitsiya miqdori 2,5 mlrd so‘m bo‘lishiga rozilik bildirilgan-ku!

Umuman, 26-sonli shartnomada ijrochi bo‘lgan hokimlikka savollar talaygina.

Investorning 2019 yil 16 sentyabrda hokim J.Ortiqxo‘jayevga yo‘llagan №3-0919 sonli xatida «shahar hokimligining 2019 yil 12 fevraldagi №213-sonli qarorida ko‘rsatilgan talablar to‘liq bajarilgani munosabati bilan ... yer uchastkasini ajratish va qurilishga oid qarorini chiqarib berish» so‘ralgan hamda bajarilgan ishlar bo‘yicha hujjatlar ilova qilingan.

Ammo, lekin, biroq ...

Shahar hokimligi yana o‘z zimmasidagi majburiyatni bajarmagan, shunga qaramay, goh Mirobod tuman hokimligi, goh shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Rahmonov tomonidan imzolangan, gohida Investitsiyalar va tashqi savdo yoxud Qurilish boshqarmalari orqali investorga shartnomadagi shartlarini bajarmaganini yodga solib, yerni zaxiralash qarorini bekor qilish haqida po‘pisa qilib kelgan. Buni Kun.uz ixtiyoridagi hujjatlar tasdiqlaydi. Zaxiralash qarorini bekor qilish bo‘yicha shahar hokimining so‘nggi qarorida esa, mahalla fuqarolari noroziligi qayd etilgan. Kun.uz ixtiyoridagi hujjatlar esa, buning aksini ko‘rsatmoqda.

Nima uchun shahar hokimligi zaxiraga olingan yerda qurilish ishlarini boshlash uchun yer uchastkasiga egalik huquqini belgilovchi qarorni chiqarishni 26-sonli Investitsiya shartnomasining 4.3-bandi shartlari bajarilganiga qaramay, 4.6-bandida belgilanganidek, 3 ish kunida imzolanishi kerak bo‘lgani holda paysalga solib keldi?

Shahar hokimligi o‘z majburiyatini bajarmagani holda, investorga majburiyatingni bajarmayapsan, deyishga haqqi bormi?

Ming afsuski, investorga navbatdagi hujum shahar Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi tomonidan amalga oshirilib, «Regent Corp» QK MChJga nisbatan oxirgi ko‘zirlardan biri ishga solinadi. 2020 yil 2 iyuldagi №01/613-09-sonli xatda «Regent Corp» QK MChJ o‘rnatilgan tartibda qurilish ishlarini olib borishga ruxsat olmasdan, Shaharsozlik kodeksining 54-moddasi hamda Fuqarolik kodeksining 212-moddalari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aytiladi. «Toshkent shahar hokimligining 2020 yil 1 iyuldagi №06-521-sonli aloqa xati orqali ... shartnoma hokimlik tashabbusi bilan bekor qilingani ma'lum qilingan», – deya ta'kidlanadi.

Xo‘sh, 26-sonli shartnomaning 4.3 bandi shartlarini bajargach, 4.6 bandiga ko‘ra, hokimlik 3 kunda qurilish uchun qarorni chiqarib bermasa, bu yoqda Mirobod tuman hokimligi qurilish ishlarini boshlamasa, yerni zaxiralash qarorini bekor qilish haqida investorni ogohlantirsa, tadbirkor bechora nima qilsin, dodini kimga aytsin?!

Yana bir masala shundaki, shaharning eng «yog‘li» hududlaridan birida bir necha oy mobaynida katta qurilish ishlari olib boriladi-yu, hokimlik mutasaddilarining bundan xabari bo‘lmaydimi?! Bu bahonaga kim ishonadi?

Yuqorida qayd qilingan, 2020 yil 1 iyuldagi Sh.Rahmonov tomonidan imzolangan №06-521-sonli xat mazmunini shunday tushunish kerakmi? Qurilish uchun ruxsatnomalar deganda nimalar anglashiladi?

Xullas, yuqoridagi holat birgina investor duch kelgan muammo. Afsuski, bizda hamon investor sarson bo‘lishi, qimmatli vaqti va asabini qandaydir sud tortishuvlariga sarflashi kerak, nahotki busiz bo‘lmaydi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqillikning 29 yilligi munosabati bilan qilgan chiqishida «hokimlar bilan ishlash oson bo‘lmayotgani»ni e'tirof etganida naqadar haq ekani bugun biz hikoya qilgan voqea misolida yana bir bor o‘z isbotini topib turibdi.

Shuncha mashmashalar, o‘zaro qog‘oz almashuvlardan so‘ng, tadbirkor najot istab Bosh prokuraturaga murojaat qilgan. Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar va tashqi savdo majmuasiga ham arz qilgan. Ularning javoblari esa, masalaga aniq va yakuniy nuqta qo‘ymagan. Vaholanki, shahar hokimining qarori chiqarilishi va ijtimoiy majburiyatni pul bilan ado etishga doir choraklik jadval tasdiqlanishi bilan barchasi iziga tushishi kerak edi.

Ulardan masalaga aniq yechim bo‘lmagani bois, endi hokimlik qarori ustidan Iqtisodiy va Ma'muriy sudlarga shikoyat qilgan. Hozircha sudga kim raislik qilishi, qachon bo‘lishi sanasi ma'lum emas.

So‘ngso‘z o‘rnida ta'kidlashni istardikki, Kun.uz muxbiri holat yuzasidan izoh olish maqsadida Mirobod tumani va Toshkent shahar hokimliklarida bo‘ldi. Biroq, tadbirkorning sudga murojaat qilgani vaji bilan biror izoh berilmadi.

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov

Ko‘proq yangiliklar: