TDYuU G‘afur G‘ulom uy-muzeyini otaliqqa oldi

Jamiyat 12:23 / 07.09.2020 2715

Qayd etilishicha, bunga Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustdagi “Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asos bo‘lgan. Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, universitetda G‘afur G‘ulom ijodini keng targ‘ib qilish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shu maqsadda mutasaddi rahbarlar hamda professor-o‘qituvchilardan iborat ijodiy guruh tuzildi. Tegishli mazmundagi o‘quv-ma'rifiy tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

TDYuU Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Sherzod Po‘latovning so‘zlariga ko‘ra yil davomida G‘afur G‘ulom ijodi bilan bog‘liq kitob yarmarkalari, yangi asarlar taqdimotlari, badiiy va hujjatli filmlar namoyishi, turli tanlovlar, festivallar, viktorinalar o‘tkazish, adib yashagan manzillarga ilmiy-ma'rifiy ekspeditsiyalar uyushtirish rejalashtirilgan.

“G‘afur G‘ulom uy-muzeyini otaliqqa olyapmiz. Tez orada universitetda G‘afur G‘ulom xonasi tashkil qilinib, suyukli shoir va yozuvchimizning hayot yo‘li aks etgan ekspozitsiya bilan boyitiladi. Yaqinda www. gafurgulommerosi.uz saytini ishga tushirdik. Adiblar xiyobonidagi G‘afur G‘ulom haykalini obod etish mas'uliyatini ham zimmamizga olganmiz. Kelgusida, shuningdek, G‘afur G‘ulom asarlari asosida spektakllar sahnalashtirish, adib haqidagi xotiralar kitobini tayyorlash va nashr etish, uning ma'naviy merosini xorijda keng targ‘ib qilish, talabalarga o‘zbek adabiyotining zabardast vakillari ijodi haqida maxsus darslar o‘tish ko‘zda tutilgan”, deya universitet Sherzod Po‘latovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Joriy o‘quv yilidan TDYuUda ta'lim olayotgan yoki ishlayotgan badiiy havaskor yoshlar tanlov asosida “Ilhom” mukofotiga ham tavsiya etiladi. G‘afur G‘ulom nomidagi maxsus stipendiyaga esa har bir fakultetdan bir nafardan talaba sazovor bo‘lishi mumkin. Nomzodlar o‘qish va ijodda faol, kitobxonlik targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shayotgan yosh qalamkashlar orasidan tanlab olinadi. Stipendiyani qo‘lga kiritish uchun ular test sinovidan o‘tishi kerak.

G‘afur G‘ulom nomidagi ko‘krak nishoni bilan nafaqat ijodkor talabalar, balki ilmu ma'rifatga oshno o‘qituvchilarni ham taqdirlash ko‘zda tutilgan. Bu holda g‘oliblarga bir martalik pul mukofoti taqdim etiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: