Insofga chaqirishning o‘zi yetarli emas: odamlar nega korrupsiyaga qo‘l uradi?

Jamiyat 14:25 / 07.09.2020 23919

Odamlarning korrupsiyaga moyilliklari axloqsizlik yoki bilimsizlik oqibati emas. Shunchaki, ularda boshqa yaxshiroq tanlov imkoniyati yo‘q. Bunday holatda korrupsiya – muammoni hal etishning eng yaxshi yo‘li, maqsadga erishishning tezkor vositasi. Aksariyat hollarda, korrupsiya – bu odamlar uchun o‘z jamiyatlarida rivojlanishning eng tejamkor usuli. Ayniqsa, hukumat ularga maqsadga erishishning juda ham kam qonuniy variantlarini taklif qilayotgan bo‘lsa.

«Farovonlik paradoksi: qanday qilib yangi innovatsiyalar xalqlarni qashshoqlikdan qutqarishi mumkin?» (The Prosperity Paradox: How Innovation Can Lift Nations Out of Poverty) kitobi mualliflari Kleyton Kristensen, Efosa Oyoma va Karen Dillon o‘z kuzatuvlari asosida yuqoridagidek xulosaga kelgan.

Kitobda korrupsiya, uning kelib chiqish sabablari va dunyo miqyosida unga qarshi kurashish masalalari haqida so‘z boradi. Mualliflar TED.com saytida e'lon qilingan maqolada kitobdagi ayrim ma'lumotlarga to‘xtalib o‘tishgan.

Tadqiqotlar odamlarda korrupsiyaga moyillik uyg‘onishining uchta sababi borligini ko‘rsatadi.

1. Jamiyatdagi shaxslarning aksariyati rivojlanish, farovonlikka erishishni xohlaydi. Agar, yuqorida aytganimizdek, hukumat odamlarga maqsadga erishishning bir nechtagina qonuniy variantini taklif qilayotgan bo‘lsa, ular boshqa yaxshiroq yo‘l, vosita izlaydilar.

2. Har bir shaxsning o‘z xarajatlar tuzilmasi bor, topilgan daromad shu xarajatlar tuzilmasida mavjud xarajatlardan oshishi lozim. Masalan, siz 5 kishilik oila boshlig‘i, oylik jami daromadingiz (maoshingiz emas, jami daromadingiz) 2 mln bo‘lgani holda, oilangizning oylik xarajatlari 2,5 mln.ga teng bo‘lsa, o‘z-o‘zidan sizda korrupsiyaga moyillik paydo bo‘ladi.

3. Odamlar korrupsiyaga qo‘l urishiga yana bir sabab shuki, ko‘pchilik odamlar daromadlari darajasidan qat'i nazar ko‘proq shaxsiy manfaat ko‘rish yo‘lida qonunni chetlab o‘tadi. Bu yo‘lda xatti-harakatlarimiz yoki imkoniyatlarimizni cheklaydigan qonunlarga duch kelganimizda, bizda ikkita muqobil tanlov varianti bo‘ladi: qonunlarga bo‘ysunib, «yaxshi fuqaro» maqomida qolish yoki ularni chetlab o‘tib, maqsadimizga erishish. Xo‘sh, sizning tanlovingiz?

Kleyton Kristensen korrupsiyaga qarshi kurashni «ko‘rsichqonni ur» o‘yinini o‘ynashga o‘xshatadi. Bitta korrupsionerni yo‘qotishingiz bilanoq, uning o‘rniga boshqalari qalqib chiqaveradi.

Uning fikricha, mamlakat taraqqiy etmas ekan, ko‘p hollarda, korrupsiyaga qarshi dasturlar ish bermaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakatda yangi bozorlarni yaratishdan ko‘ra yaxshiroq strategiyani topish qiyin. Zero, yangi bozorlar aholi uchun yangi ish o‘rinlarini, hukumatga esa yangi «daromad manbalari»ni yaratadi; odamlarga farovonlik yo‘lida yangidan yangi imkoniyatlar eshigini ochadi – ularda muqobil tanlov imkoniyatlari ko‘payadi.

Jamiyatda faqatgina axloq qoidalarini, jumladan, ma'naviyatni targ‘ib qilishning o‘zi yetarli emas. Shunchaki yangi qonunlarni qabul qilish yoki qattiqroq jazolar ham odamlarni o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirishga majbur qilmaydi – sabablar bilan kurashish lozim.

Sabablar to‘la anglab yetilmas (yoki tan olinmas) ekan, «korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida» sarflangan pullar havoga sovurilib ketaveradi, deydi tadqiqotchilar.

Suhrob Sharipov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: