Dezinfeksiya tunnellarining umuman foydasi bo‘lmadi deb baholash xato fikr – shtab a'zosi

Jamiyat 17:04 / 07.09.2020 4198

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Rustam Ikromov AOKAda o‘tkazilgan brifingda aholidan kelib tushgan savollarga javob berdi. U dezinfeksion tunnellarning umuman foydasi bo‘lmadi, deyish ham to‘g‘ri emasligi haqida gapirgan.

«Birgina o‘tkir ichak yuqumli kasalliklarini 2019 yil 6 oyligiga nisbatan, joriy yil shu davrida 61 foizga kamaygani, virusli gepatit A turi 76 foizga kamayganining o‘zi ushbu dezinfeksiya choralarining yuqumli kasalliklar tarqalishida o‘rin tutganligini bildiradi.

Bugungi kunga qadar dezinfeksiya tunnellarining koronavirusga qarshi ta'sir samarasi qaysidir mamlakat tomonidan o‘rganilgani to‘g‘risida rasmiy maqolalar chop etilmagan», deydi shtab a'zosi.

  • Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi dezinfeksiya tunnellarining koronavirusga qarshi kurashda eng foydasiz vosita ekanligi haqida bayonot bergan edi.

Ikromovning ma'lumot berishicha, kuniga 30-40 mingta test tahlili o‘tkazilyapti, shundan 200-250tagacha musbat natija aniqlanyapti.

Brifingda Qirg‘iziston bilan yangi tartib kelishilgani bo‘yicha to‘liqroq ma'lumot berish so‘ralgan.

«Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan so‘nggi 14 kun Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib turgan yoki so‘ngi 72 soat davomidagi koronavirus infeksiyasiga PZR test tekshiruvining manfiy natijalari to‘g‘risida ma'lumotnomasi mavjud bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelganda karantin nazoratiga olinmaydi.

Qirg‘iziston Respublikasiga chiqqan hamda faqatgina ushbu mamlakat hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari respublikaga qaytib kirgandan so‘ng karantin nazoratiga olinmaydi, belgilangan holatlardan tashqari barcha vaziyatlarda O‘zbekiston Respublikasiga kirib keluvchi shaxslar o‘rnatilgan tartibda karantin nazoratiga olinadi», dedi shtab a'zosi.

Ko‘proq yangiliklar: