Yakkabog‘lik tadbirkorning 650 million so‘mlik muzlatkichi joylashgan yer maydoni sotib yuborilganmi?

Jamiyat 17:27 / 04.09.2020 13263

«Menga 2017 yil tuman hokimi qarori bilan 10 sotixdan ziyodroq yer muzlatkich qurish uchun doimiy foydalanishga ajratilgan edi. Loyiham 2018 yil davlat dasturiga ham kiritilgan bo‘lib, sig‘imi 300 tonnalik muzlatkichni o‘sha yili ishga tushirdim. Buning uchun o‘g‘illarim, boshqa qarindoshlarim bilan birga yillar davomida xorijda ishlab pul to‘plagandik.

Shu tarzda 650 million so‘m sarflab qurgan, bir necha yil ishlatgan muzlatkichim o‘rni to‘satdan sotilib ketibdi. Yaqinda boshqa bir tadbirkor kelib: «Endi bu yerlar meniki», deya ma'lum qildi.

Aytishicha, u muzlatkichim o‘rnini, unga kiradigan yo‘llarni, atrofdagi yerlar bilan qo‘shib auksionda sotib olgan ekan. Qo‘limda shuncha hujjatim bo‘la turib, qonunni buzmasdan ham bor-bisotimdan ayrilishim mumkin ekan-da?» – deydi Sayfulla Hayitov.

muzxona

Darvoqe, biz tadbirkor bilan uning muzlatkichi binosida suhbatlashish uchun uning qo‘shnisi hovlisidan o‘tishga majbur bo‘ldik. Chunki haqiqatan ham bu binoga boriladigan yo‘l sotib yuborilgani uchun yangi egasi yo‘l ustidan devor va darvoza qo‘yib qulflab tashlagan. Biz hatto mazkur yo‘lni suratga olish jarayonida ham uni sotib olgan tadbirkorning e'tiroziga duch keldik.

Shu yerda sodir bo‘lgan bir kichik holat e'tiborimizni tortdi. Yuqorida yo‘ldan ham ayrilgan muzlatkich egasining o‘z binosiga kirish uchun qo‘shnisining yeridan kesib o‘tishini aytgandik. Mutlatkich hududi va atroflarining yangi egasi ekanini aytayotgan tadbirkorning ana o‘sha qo‘shni bilan suhbatiga guvoh bo‘ldik: «Men sizga nima degandim? Nima uchun bularni hovlingizdan o‘tkazyapsiz?!»

Anglashiladiki, bu hududlarni sotib olgan «Shohrux Abdurashid Hamkor» ishlab chiqarish ta'minot korxonasi endi Sayfulla Hayitovni nainki asosiy yo‘ldan muzlatkichiga o‘tgani qo‘ymaydi. Shu bilan birga, boshqa – uchinchi, begona odamning yeridan bo‘lsa ham o‘z binosiga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi...

Bu bilan nima maqsad ko‘zlanganini biz tushunishga ojizlik qildik. Harholda, binosiga kira olmayotgan Sayfulla Hayitovning 650 million so‘mlik muzlatkichiga kira olmay, oxir-oqibat uni arzon garovga sotib ketishini ko‘zlamagandir?

O‘zi aslida qanday qilib, barcha hujjatlarga ega bo‘lgani holda tadbirkorning yeri sotuvga qo‘yilgan? Bu holat tegishli idoralarning e'tiborini tortmaganmi? Sayfulla Hayitovning aytishicha, u mazkur holat yuzasidan ikki marta Yakkabog‘ tuman prokuraturasiga murojaat qilgan, ammo hozircha javob ololmagan.

Tuman hokimligiga qilgan murojaatlariga javob xati yo‘llangan. Yuborilgan javob xatida Sayfulla Hayitovning yerga egalik huquqi mavjudligi e'tirof etilgan. Shu bilan birga, bu yerlarni «Shohrux Abdurashid Hamkor» ishlab chiqarish ta'minot korxonasi ham elektron-onlayn auksion savdosida jami besh gektar yerga qo‘shib yutib olganini ma'lum qiladi. Xullas, ikki tomon ham haq ekani e'tirof etiladi (!) va tadbirkor Sayfulla Hayitov sudga murojaat qilishi lozimligi aytiladi.

Holatga aniqlik kiritish maqsadida hokimlikda bo‘ldik. Tuman hokimi Lutfulla Abdullayev biz bilan suhbatda bu tumanga yaqinda kelgani, ammo shunda ham bunday holat yuz berishi mumkin emasligini aytib, voqeani yana bir bor birgalikda joyida o‘rganishni taklif qildi.

hokimning voqea joyidagi rasmlari

 Biz bilan birgalikda soha bo‘yicha tumandagi mutasaddilar ham hududga taklif qilindi. Tuman hokimi so‘rovi bilan auksionga kiritilgan yerning chizmasi olib kelindi. Ma'lum bo‘ldiki, auksionga chiqarilgan yerda muzlatkich binosi ko‘rsatilmagan ekan! Muammoga sabab bo‘lgan jihatlardan biri mana shu.

Ikkinchidan, muzlatkich joylashgan hudud 2017 yilda o‘z vaqtida hokim qarori bilan tadbirkorga berilayotgan vaqtda avval zaxiraga olinmagan. Ya'ni muzlatkich qurish uchun yer ajratilgan, hokim qarori chiqqan, bu muzlatkich davlat dasturiga kiritilgan, ammo avval zaxiraga qaytarilmagani sabab, bu yerlar 2017 yildan oldin foydalangan korxona nomida ham qolib ketgan. Ana o‘sha korxonaning qarzlari uchun mazkur hudud yerlari auksionga chiqib ketgan.

Shu o‘rinda alohida ta'kidlash lozimki, yerga egalik huquqini berishdan oldin uni zaxiraga olish tadbirkorning emas, to‘liq hokimlikning vazifasi edi. Buni hozirgi tuman hokimi ham biz bilan suhbatda ma'lum qildi.

Masalaning uchinchi tomoni esa, umumfoydalanuvdagi yo‘llar ham sotuvga qo‘yilishi mumkin emas. Ammo qo‘yilgan va sotilgan.

Xullas, hokimlik ishtirokida bir necha soat davom etgan o‘rganish natijalari ana shunday. Shu tarzda muammoni keltirib chiqargan sabablar yuzaga chiqdi. Bir so‘z bilan aytganda, xatoni aslida tadbirkor emas, mas'ul idoralar qilgan. Oqibatni esa ko‘rib turibsiz.

Muammoga oydinlik kiritilgach, tuman hokimi tez orada unga yechim topishi, har ikki tadbirkor ham Yakkabog‘ uchun kerakligini ta'kidladi. Darhaqiqat, tadbirkor nafaqat Yakkabog‘ga balki barchaga kerak, ammo muammoga yechim ham zarur. Umid qilamizki, yechim sifatida yana jabrlangan tadbirkorning o‘zi tovon to‘lamaydi.

Muammo qanday bartaraf etilgani yoki yo‘qligi haqda esa yaqin orada ma'lum qilamiz.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: