Suares «Yuventus» bilan kelishuvga erishdi. So‘nggi transfer xabarlari

Sport 18:39 / 04.09.2020 13586

«Barselona» forvardi Luis Suares «Yuventus»ga o‘tishga yaqin. Jurnalist Gilem Balagening yozishicha, urugvaylik futbolchi turinliklar bilan og‘zaki kelishuvga erishgan. Uning transferi «Barsa» bilan kelishuvga erishilmayotgani tufayli kechikmoqda. Suaresning kataloniyaliklar bilan amaldagi shartnomasi 2021 yilgacha tuzilgan, futbolchi 2020/21 yilgi mavsumda o‘yinlarning 60 foizida ishtirok etsa, shartnoma avtomatik ravishda uzaytirilishi ko‘zda tutilgan. Ammo jamoaning yangi bosh murabbiyi Suaresni o‘z rejalariga kiritmagan, 33 yoshli forvard «Barselona» bilan shartnomasini bekor qilishi va erkin agent sifatida yangi klubga o‘tishi ham mumkin. «Yuventus» uning transferi uchun ramziy narx to‘lashga ham tayyor.

Nihoyat «Real» ham transfer bozorida paydo bo‘lmoqda. Madridliklar «Leypsig» hujumkor yarimhimoyachisi Dani Olmo uchun 40 million yevrodan voz kechishga tayyor. Bu haqida Germaniyaning Bild nashri xabar tarqatdi. Nemis klubi Olmoni yanvarda 21 million yevroda Zagrebdan olib kelgandi. Futbolchi Bundesligada 12 o‘yinda qatnashib, 3 gol va 1 assistni amalga oshirdi.

«Chelsi» Kay Haverts tranferini yaqin vaqtlar ichida rasman e'lon qiladi, deb xabar bermoqda Angliyada ancha ishonchli sanalgan The Athletic. Transfer summasi 70 million funt va yana bir qator bonuslarni o‘z ichiga olgan. Shartnoma 2025 yilgacha tuzilgani aytilmoqda. Haverts tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Londonga jo‘nab ketganini shuningdek, Germaniya milliy jamoasi ham rasman ma'lum qildi. Futbolchi Ispaniya bilan o‘yinga milliy jamoaga chaqirilgandi, ammo zaxirada qoldirildi.

«Benevento» «Fiorentina» yarimhimoyachisi Brian Daboni qo‘lga kiritishga yaqin. SportItalia nashrining yozishicha, 28 yoshli havbek uchun 3 million yevro atrofida pul to‘lanadi. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini Dabo SPAL tarkibida ijaraga o‘tkazdi va 16 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol urgandi.

APLga qaytgan «Fulhem» tarkibini «Lion» vingeri Bertran Traore bilan kuchaytirmoqchi. Fransuzlar 24 yoshli futbolchini sotishga tayyor, ammo kamida 25 million yevro olishmoqchi, deb xabar beradi Foot Mercato. Burkina-Faso terma jamoasi a'zosi o‘tgan yili Fransiya chempionatida 23 o‘yinda ishtirok etdi va 1 gol muallifi bo‘ldi.

Sobiq mashhur futbolchi, hozirda «Barselona»da murabbiylar shtabiga kirgan Henrik Larssonning o‘g‘li Jordan Larsson bir qator Yevropa klublari – «Roma», «Latsio» va «Valensiya» kabi klublar nazariga tushdi, deb yozadi Voetbal International. 23 yoshli hujumchi o‘tgan yozda «Norrchyoping»dan «Spartak»ka 4 million yevroga transfer qilingandi. Joriy mavsumda u moskvaliklar tarkibida 6 uchrashuvda maydonga tushib, 3 gol va 2 assist amalga oshirishga ulgurdi.

«Real» himoyachisi Serxio Regilon uchun kurashda «Manchester Yunayted» ustunlik qilmoqda, deb yozadi Diario AS. 23 yoshli o‘ng qanot himoyachisi juda ko‘p jarohat oladigan Lyuk Shouga o‘rinbosar sifatida ko‘rilmoqda va inglizlar 25-30 million yevrodan voz kechishga tayyor. Regilon o‘tgan mavsumda «Sevilya»da ijara asosida to‘p surdi va yaxshi taassurot qoldirdi, ammo Zidan uni asosiy tarkibga qaytarmoqchi emas. Regilon bilan shuningdek, «Chelsi» va «Everton» qiziqayotgandi.

«Aston Villa» Serxio Romeroni sotib olishga yaqin turibdi. Bu haqda The Athletic nashri xabar tarqatdi. Ma'lumki, Din Henderson Manchesterga qaytgach, Romeroning «MYu»dagi o‘rni uchinchi pog‘onaga tushib qoldi. Shuning uchun 33 yoshli argentinalik posbon yangi jamoaga o‘tishga qarshi emasligini ma'lum qilgandi. Transfer summasi 10 million funt deb baholanmoqda. Shuningdek, agar «Yunayted» Jyek Grilishga qiziqishda davom ettirsa, darvozabon o‘sha kelishuvning bir qismi sifatida ham Birminhemga borishi mumkin.

«Roma» hujumchisi Patrik Shik rasman «Bayyer» a'zosiga aylanishga yaqin turibdi. Chexiyalik futbolchining narxi 26 million yevroga to‘xtadi va futbolchi Germaniyaga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun boradi. Patrik Shik o‘tgan mavsumni ham Bundesligada, «Leypsig» safida ijarada o‘tkazgandi. Leverkuzenliklar uni yaqinda «Monako»ga sotib yuborilgan Kevin Follandning o‘rinbosari sifatida ko‘rishmoqda.

«Roma» Edin Jyekoni ham «Yuventus» yoki boshqa klubga qo‘yib yuborishga yaqin bo‘lgani uchun, hujum chizig‘iga turli variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Asosiy nomzod sifatida «Yuventus» hujumchisi Arkadiush Milik tilga olinayotgan bo‘lsa, shuningdek, Olive Jiru va Dushan Tadich ham ro‘yxatda bor, deb xabar bermoqda Calciomercato.

«Shalke» klubi Vedad Ibishevichning transferini rasman e'lon qildi. 36 yoshli hujumchi bilan shartnoma bir yilga mo‘ljallangan. Avvalroq, bosniyalik futbolchi «Herta» bilan shartnomasini yakunlab, erkin agentga aylangandi.

O‘z vaqtida «Bayyer», «Shalke» va Germaniya terma jamoasidagi o‘yinlari orqali tanish bo‘lgan Sidni Sem Turkiya chempionatiga o‘tdi. «Antalyaspor» rasmiy sayti 32 yoshli futbolchi bilan bir yillik shartnoma imzolanganini ma'lum qildi. O‘tgan mavsumda Sem Avstriyaning «Rayndorf Altax» klubida ijara asosida to‘p surgandi, yozda esa, erkin agentga aylandi. 

«Barselona» Samyuel Umtiti bilan xayrlashmoqchi. Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, hozircha «Blaugrane» 26 yoshli fransuz bo‘yicha taklif olmagan, lekin u klubning yangi bosh murabbiy Ronald Kumanning rejalariga kirmayapti. Luis Suares va Arturo Vidal ortidan Umtiti ham «Barsa» safini erkin agent sifatida tark etishi mumkin. Umtitining «Barsa» bilan shartnomasi 2023 yil iyuniga qadar mo‘ljallangan.

«Sevilya» himoyachisi Diyego Karlos bilan bir qator ingliz grandlari qiziqishmoqda, deb yozadi Marsa. 27 yoshli braziliyalik himoyachi Manchesterning ikki klubi hamda «Liverpul» e'tiborida turibdi. Avvalroq, futbolchining transfer narxi 60 million yevro atrofida baholanayotgandi.

«Napoli» «Arsenal» markaziy himoyachisi Sokratis Papastatopulos transferi bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqida IlNapoliOnline xabar beryapti. 32 yoshli gretsiyalik futbolchi o‘tgan mavsum APLda 19 o‘yinda maydonga tushgan va 2 gol muallifi bo‘lgan. «Napoli» himoyasi yetakchisi Kalidu Kulibalini ushbu transfer oynasida ushlab qolishga ko‘zi yetmayotgani uchun zaxira variantlarni ko‘rib chiqalayotgani taxmin qilinayotgandi. Ma'lumki, Kulibali yuzasidan Manchesterning ikki klubi ham so‘rov yuborgan.

Sami Xedira yangi mavsumda «Zenit» libosini kiyishi mumkin, deb yozmoqda Nikolo Shira. Yaqin kunlarda «Yuventus» yarimhimoyachisi erkin agentga aylanadi va piterliklar u bilan shartnoma tuzmoqchi. 33 yoshli germaniyalik futbolchi o‘tgan mavsumda A Seriyada 12 o‘yinda maydonga tushdi va 1 golga hammualliflik qildi.

Ko‘proq yangiliklar: