YuVeNTUS – LATsIO (19 oktyabr, 23:45)
«Yuventus» Chempionlar Ligasida ancha ishonchli va sermahsul o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, Italiya chempionatida biroz teskari. Motta shogirdlari 7 o‘yinda atigi 10 gol urishdi xolos – peshqadam jamoa uchun juda kam. Shu bilan birga himoyadagi ishonchli o‘yinni ham qayd etish kerak – «Yuventus» nafaqat Italiya, umuman Yevropada eng kam gol o‘tkazgan jamoa bo‘lib turibdi. Shu paytgacha faqat 7-turga kelibgina «Yuventus» o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. U ham penaltidan urildi. Jamoaning ayni paytda «Napoli»dan atigi 3 ochko kam jamg‘argani holda 3-o‘rinda borayotgani ham aynan himoyadagi o‘yinning samarasi deb ham bemalol aytish mumkin. Zero, kuchliroq raqiblarga qarshi hozircha turinliklar yetarlicha ishonchli emas – «Roma» bilan ham, «Napoli» o‘z maydonida golsiz durang qayd etildi.
Lekin «Latsio» bilan o‘yinlar golsiz o‘tishiga ishonish qiyin. Jamoa ishtirokidagi 7 o‘yinda jami 25 gol urilgan. Faqat «Atalanta»ning bu boradagi ko‘rsatkichi «Latsio»dan ko‘proq xolos. Rimliklar gol urish bo‘yicha ligada 3-ko‘rsatkichni qayd etayotgan bo‘lishsa-da, himoyada savollar bor – Italiyada 12 jamoa «Latsio»dan kamroq gol o‘tkazishni uddalay olgan. Demak, hujumkor, ammo himoyada mukammal bo‘lmagan raqibga qarshi «Yuventus»ning o‘yini har tomonlama qiziqarli bo‘lishi shubhasiz. «Latsio»hisobida ham xuddi «Yuventus» kabi 13 ochko borligini, g‘alaba rimliklarni ham deyarli peshqadamga aylantirishini ta’kidlash lozim. Barcha musobaqalarda 4 o‘yindan beri faqat g‘alaba qozonib kelayotgan «Latsio» «Yuventus»ning ushbu mavsumdagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ya oladimi?
So‘nggi yillarda o‘zaro o‘yinlarda maydon egalari bo‘lgan jamoaning qo‘li baland kelmoqda. «Latsio» oxirgi marta Turindan ikki yil oldin bir ochko olib ketgan. Oxirgi g‘alaba esa, 2017 yilda sodir bo‘lgan edi. Ammo rimliklarning oxirgi safar o‘yini aynan Turinda g‘alaba bilan yakunlanganini ham aytib ketish kerak. Ikki tur oldin Marko Baroni shogirdlari «Torino» ustidan safarda ustun kelgandi.
Jarohatlar borasida «Yuventus»da muammolar yetarli. Niko Gonsales, Korminers, Makkenilarda jarohat bor, Bremer deyarli butun mavsumga safdan chiqqan. Konsensau esa, «Kalyari» qarshi durang bo‘lgan o‘yinning oxirida hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi.
BAVARIYa – ShTUTGART (19 oktyabr, 21:30)
Kompanining murabbiylik faoliyatidagi eng mas’uliyatli palla boshlandi deb bemalol aytish mumkin. Uning qo‘l ostida «Bavariya» juda yaxshi boshladi, agar o‘rtoqlik o‘yinlarini ham qo‘shsa, qatorasiga 10 uchrashuvni g‘alaba bilan yakunladi. Eng cho‘qqi esa so‘nggi o‘yinlarda sodir bo‘ldi – jamoa qatorasiga uch o‘yinni 6:1, 9:2 va 5:0 hisobida yakunladi va to‘xtatib bo‘lmaydigan mashinaga aylangandek edi. Ammo keyingi uch o‘yin aslida yetarlicha muammo borligini ham ko‘rsatib qo‘ydi. So‘nggi raqiblar ancha kuchli ekanini e’tiborga olsak, bu «Bavariya»dagi shunchaki pasayish emas, demak kuchliroq raqiblarga qarshi hali Kompanida muammolar yo‘q emas. Dastlab «Bayyer» bilan durang, keyin Berminhemda mag‘lubiyat, o‘tgan turda esa Frankfurtdagi bahsda 3:3 hisobi qayd etildi.
Agar qandaydir yaqqol muammoni ko‘rsatish kerak bo‘lsa, avvalo realizatsiyani aytish mumkin. Mana shu uch o‘yinda myunxenliklar raqib darvozasiga 60 ta zarba berishdi, ammo atigi 4 gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Raqiblarda 14 zarba bor – 5 gol. Ayniqsa, «Ayntraxt» 6 zarbadan 3 tasini, «Bayyer» 2 zarbadan birini golga aylantirgani ham ikkinchi muammoni qayd etadi – Manuel Noyyer ham u qadar yaxshi sport formasida emas. Kompanining mas’uliyatli davri deganda, «Bavariya» uchun og‘irroq taqvim davom etayotgani, ancha kuchli «Shtutgart»dan so‘ng, jamoa «Barselona» mehmoni bo‘lishi nazarda tutilgan edi. Mana shu ikki o‘yin natijasi, qay sur’atda borishi «Bavariya»ning keyingi, ayniqsa, katta o‘yinlarida o‘ziga bo‘lgan ishonch borasida yetarlicha asos sifatida hizmat qilishi mumkin.
Darvoqe, mana shu so‘nggi uch o‘yinda odatda sermahsul ko‘rsatkichlar qayd etayotgan Xarri Keyn maydonni golsiz tark etayotganini ham ta’kidlash kerak. Frankfurtdagi gollardan ikkitasini markaziy himoyachilar urgan bo‘lsa, «Bayyer» darvozasiga tayanch zonasida to‘p suradigan Pavlovich uzoq masofadan urgan edi.
«Shtutgart» haqida ham ikki og‘iz to‘xtaladigan bo‘lsak, jamoa hozircha ikki frontda jang qilishda muammolarga duch kelmoqda. Chempionlar Ligasida Madriddagi mag‘lubiyatni tushunish mumkin, ammo o‘z maydonida «Sparta» bilan durang albatta, nemislarning muvaffaqiyatsizligi sifatida baholanadi. Umuman «Shtutgart» oxirgi uch o‘yinni durang bilan yakunladi va ham ChL da, ham Bundesligada o‘z ahvolini ancha yomonlashtirib qo‘ydi.
LIVeRPUL – CheLSI (20 oktyabr, 20:30)
«Liverpul»ning peshqadamlik qilayotgani, murabbiy almashgani ham sezilmayotganini ba’zilar nisbatan oson taqvim bilan izohlashmoqda. Bir tomondan mantiqli bo‘lishi mumkin, «Liverpul» Milanda va «Old Trafford»da g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, bu ikki klubdan hozircha nomi qolgani va o‘z muammolari girdobida ekani ma’lum. Ancha dadil to‘p suradigan «Bolonya» bilan o‘yinda garchi liverpulliklar g‘alaba qozongan bo‘lishsa-da, ancha qiynalishdi. Shu jihatdan «Chelsi»ga qarshi o‘yin jiddiy imtihonlarning boshlanishi o‘laroq baholanishi mumkin. Ha faqat boshlanishi, zero keyingi tanaffusgacha bo‘lgan bir oydan kamroq vaqt mobaynida «Liverpul» «Chelsi»dan tashqari, «Leypsig», «Arsenal», «Bayyer», «Aston Villa» va ikki marta «Brayton» bilan o‘ynaydi. Birortayam oddiy o‘yin emas, hammasi murabbiy qo‘li bo‘lgan ancha kuchli jamoalar. Slot haqiqatan ham «Liverpul»ni o‘tgan yilgi darajasida saqlab qola oldimi yoki yangi murabbiy dastlabki sinovlarni yoki balkim ilk muvaffaqiyatsizliklarni qay tariqa yengib o‘tishi juda ahamiyatli masala bo‘lib turibdi.
«Chelsi» haqiqatan ham jiddiy raqib. Mareska jamoasida ojiz nuqtani topish mushkul. Londonliklar har qanday ssenariyda, qarshi hujumda ham, pressingda ham, pozitsion o‘yinda ham samarali bo‘la olishlarini isbotlab ulgurishdi. Hatto doim tanqid ostiga olinadigan Jyeksonning ham gol+pas bo‘yicha ko‘rsatkichlari ancha joyida. «Chelsi» ayni paytda APL da faqat «Manchester Siti»dan kamroq gol urgan xolos. Shu bilan birga safar o‘yinlarida yuz foizlik natija qayd etib turibdi.
Jarohatlar borasida «Chelsi»dan muammo yo‘q. Aksincha, Mareska matbuo anjumanida Ris Jyeymsning ham qaytayotganini tasdiqladi. Ammo «Notingem Forest»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqasida ham Foffana, ham Kukurelya hakam tomonidan ogohlantirilishgandi. Bu futbolchilar uchun beshinchi sariq kartochka bo‘lib, «Enfild»dagi bahsni o‘tkazib yuborishadi. Slot jamoasida esa, Alison va Endoda jarohatlar bor. Slot matbuot anjumanida shuningdek, Makalisterning holati shubha ostida ekanini bildirib o‘tdi.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, «Liverpul» qatorasiga 9 o‘yindan beri «Chelsi»ga yutqazmayapti. To‘g‘ri, bu o‘yinlarning yarmidan ko‘pi durang bilan yakunlangan. Agar faqat «Enfild»dagi uchrashuvlarni olsak, o‘tgan mavsumdagi 4:1 hisobidagi yirik g‘alabadan oldin «Chelsi» ancha noqulay hisoblanayotgandi. Avvalgi uch mavsumda qatorasiga «Liverpul» g‘alaba nimaligini bilmagan – «Chelsi» hisobida bir g‘alaba va ikki durang bor edi.
BARSeLONA – SeVILYa (20 oktyabr, 23:55)
«Barselona»ning ayni paytdagi holatini «Liverpul»ga qiyoslash ham mumkin. Yangi murabbiy, juda ishonchli va sermahsul start, ammo muvaffaqiyatlarning taqvim bilan qisman bog‘liqligi. Xuddi liverpulliklar kabi «Barselona» ham mas’uliyatli davrga kirib kelmoqda . «Sevilya» nisbatan olganda chigalyozdi, zero Flik shogirdlari uch kun o‘tib «Bavariya» bilan, kelasi hafta esa «Real» bilan to‘qnash kelishadi. Turnir borasida ham shu ikki o‘yin muhim – Monakodagi mag‘lubiyat tufayli Chempionlar Ligasida vaziyat nazorat ostida emas, «Real»dan mag‘lubiyat esa, La Ligadagi peshqadamlikka xavf solishi mumkin. Bu uchrashuvlardagi ijobiy natija ayniqsa, Flikning yosh jamoasiga o‘ziga bo‘lgan ishonch uchun juda ahamiyatli.
Aslini olganda «Sevilya» u qadar xavfli bo‘lmasligi kerakdek. O‘zaro o‘yinlarni olganda ham oxirgi 40 o‘yindan atigi 4 tasida andaluslar g‘alabasi qayd etilgan, turnir jadvalida ham qariyb uch yildan beri «Sevilya»ni yuqori o‘rinlarda ko‘rmayapmiz. Ammo yana shuni bilamizki, «Sevilya» alohida o‘yinlarda doim kuchli jamoalarga muammo tug‘dirib kelgan. Tarkibdagi Navas, Suso, Saul, Gudel kabi tajribali futbolchilarni sindirish qiyin. Shuningdek, so‘nggi yillarda «Sevilya»ning tarkibi ancha yoshardi, avlodlar almashinuvini boshdan kechirmoqda. Fernandes, Agum, Karmona kabi yosh futbolchilar asta sekin asosiy futbolchilarga aylanib borishmoqda. Tabiiyki, bu uyg‘unlik «Barselona»ga yetarlicha muammo tug‘dirishi turgan gap.
Buning ustiga jarohatlar «Barselona»ning ajralmas qismi bo‘lib qoldi. Jarohatlangan futbolchilar tiklanib ulgurmay, boshqalar lazaretni to‘ldirishmoqda. Pedri, de Yong kabi yarimhimoyachilar safga qaytib, jamoa tarkibi ancha kengayadi deb o‘ylab turganimizda, Ferran Torres, Kristiansen, Bernal kabilar jarohatlanishdi. Flikning Osasunadagi bemavrid rotatsiyasi aslida asosga ega edi, zero murabbiyning o‘zi ta’kidlaganidek, ko‘p futbolchilar mavsum boshidan beri katta xajmda mehnat qilishlariga to‘g‘ri kelmoqda, ularni almashtirish uchun esa futbolchilar kam. Ter Stegenning jarohati esa nafaqat darvozabon pozitsiyasi uchun, balkim butun himoyaga ta’sir qiladigan yo‘qotish hisoblanadi. «Sevilya»ga qarshi o‘yinda katta ehtimol bilan Voysex Shesni debyut qilsa kerak. Klub nemis darvozabonining uzoq muddatga safdan chiqqanini inobatga olib, erkin agent bo‘lgan Shesni bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘ldi.
Mehmonlar safida esa, Saul kamida yana ikki hafta sheriklariga yordam bera olmaydi. Markaziy himoyachi Nyanzu Kuassi esa «Betis»ga qarshi derbida hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi. U diskvalifikatsiya tufayli muhim bahsni o‘tkazib yuborishga majbur.
BOShQA O‘YINLAR
19 oktyabr. TOTTeNHEM – Vest Hem (16:30), BAYYeR – Ayntraxt (18:30), Fulhem – ASTON VILLA (19:00), NYuKASL – Brayton (19:00), MILAN – Udineze (21:00), Bornmut – ARSeNAL(21:30), Sent Eten – LANS (22:00), Selta – ReAL MADRID (23:55), PSJ – Strasbur (23:55)
20 oktyabr. Empoli – NAPOLI (15:30), Venetsiya – ATALANTA (18:00), Vulverhempton – MANCheSTeR SITI (18:30), ATLeTIKO – Leganes (19:15), Roma – INTeR (23:45).