Transfer bozori ochilganda u yoki bu futbolchining boshqa jamoaga o‘tishi haqidagi xabarlardan tashqari, moliyaviy fair play mavzusi ham dolzarb bo‘lib qoladi. «Barselona», «MYu», «Arsenal» kabi klublarning transfer bozorida faol bo‘lish uchun xalaqit beruvchi omil sifatida ham turli cheklovlar haqida o‘qib qolamiz. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nega «Chelsi» so‘nggi yillarda yuz millionlab pul sarflab futbolchilar sotib olayotgan bo‘lsa-da, bu borada muammoga uchramayapti? Oxirgi to‘rt yilda 1,4 milliard yevroga futbolchi sotib olgan londonliklar qanday qilib omon chiqmoqda?
Quyida transferlardagi raqamlar olamiga biroz sayr qilib, shu tarzdagi xabarlar ortida nimalar borligi ko‘rib chiqiladi.
Uzoq muddatli shartnomalar
Avvalo, biz futboldagi amortizatsiya tushunchasini anglab olishimiz kerak. Har qanday futbolchi sotib olinganda transfer uchun to‘langan summa u bilan tuzilgan shartnoma muddatiga teng taqsimlab yuboriladi. Futbolchining amortizatsiya summasi esa o‘sha sochib yuborilgan transfer summasining shartnoma muddatining o‘tgan qismida chegirilgan qismidir. Uning balans qiymati esa shartnoma muddatining o‘tmagan qismidagi xarajatlar, ya’ni amortizatsiya qilinmagan qismidir.
Tushunarli bo‘lish uchun aniq misolda ko‘rib chiqamiz. Romeo Laviyani olaylik. U 2023 yil yozida «Sauthempton»dan 62 million yevro evaziga o‘tdi. Shartnoma muddati 2030 yilgacha. Maoshi yiliga 2,5 million yevro deb belgilangan.
Demak, Laviya uchun sarflangan transfer xarajati birinchi yil uchun atigi 8,8 million yevroni tashkil etadi, xolos. Qog‘ozda katta summadagi xarid sifatida ko‘ringani bilan moliyaviy hisobotlarda «Chelsi» 2023 yilda Romeo Laviya uchun maoshlari bilan 8,8+2,5=11,3 million yevro sarflagan bo‘ladi.
Bu yerda Boulining uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha manyovrlari o‘rtaga chiqadi, masalan, 80 million yevroga sotib olingan futbolchi bilan 8 yillik shartnoma imzolansa («Chelsi» ko‘p yosh futbolchilar bilan shunaqa muddatga shartnomalar imzoladi), uning transfer xarajati – bir yil uchun 10 milliondan tushadi. Agar yangi futbolchi bilan 4 yillik shartnoma imzolanganda, har yil uchun 20 million xarajat qo‘shilardi. Bouli mana shunday shartnomalar orqali transfer summasini sochib yubormoqda, bu tushunarli.
Albatta, bu usulda tanganing boshqa tomoni bor. Futbolchining shartnoma muddati katta bo‘lgani uchun amortizatsiya summasi kichik, demak Laviyaning balansdagi narx pasayishi nisbatan sekin ro‘y beradi. Bu esa futbolchini sotish orqali foyda qilish imkoniyatini pasaytiradi. Yana misol keltiramiz.
Aytaylik, «Chelsi» Laviyani uch yil o‘tib sotishga qaror qildi. O‘sha paytda Laviyaning amortizatsiya chegirilgan balans qiymati 62-(8,8+8,8+8,8) = 35,6 million yevroni tashkil qiladi. «Chelsi» Laviyani sotishdan ziyon ko‘rmasligi uchun kamida shu narxga sotishga majbur. Agar Laviya bilan 4 yillik shartnoma imzolangan bo‘lganida, uning har yillik amortizatsiyasi 15,5 million yevro bo‘lar, uch yildan keyingi balans qiymati esa 62 – (15,5+15,5+15,5) = 16,1 millionga yevroga teng bo‘lardi. Klub taxminan 20 million yevroga sotib ham Laviya transferini foyda sifatida aks ettira olardi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, 2024 yildan bu usulni qo‘llash imkonsiz bo‘lib qoldi. «Chelsi» bilan bog‘liq shunday holatlardan tashvishga tushgan ba’zi top-klublar UYeFAga arz qilishdi. UYeFA bu masalani ko‘rib chiqib, ba’zi tuzatishlarni kiritdi: endi klub futbolchi bilan qancha muddatga shartnoma tuzishidan qat’i nazar amortizatsiyani maksimum 5 yilga taqsimlay oladi, xolos. Albatta, «Chelsi» eski lazeykadan 2023 yilda foydalanib ulgurgani tufayli, bu o‘zgarishdan ham faqat londonliklar yutadi. Chunki endi uning uslubidan boshqa klublar foydalana olmaydi.
Transfer orqali daromad qilish
Sezib turganingizdek, aslida umumiy olganda har bir futbolchi uchun xarajat ham, kirim-chiqimlar ham o‘zgarmaydi, bu yerda fokus xarajatlarni aks ettirishda keyingi yillarga bo‘lib yuborish, shu orqali transfer bozorida faollikka sharoit yaratish ko‘zda tutiladi. Ya’ni futbolchi sotuvidan tushgan tushum to‘lig‘icha o‘sha yil uchun daromad hisoblanishi, transfer xarajati esa, yillarga sochib yuborish imkoniyatiga ega ekanidan klublar foydalanishmoqda.
Yana bir muhim nuqta shuki, transfer xarajatlari besh yillik shartnoma muddatiga sochib yuborilsa, moliyaviy tekshiruvlar o‘z ichiga uch yilni qamrab oladi. Klublar aynan qaysi muddatlar alohida ko‘rib chiqilishini juda yaxshi biladi. Aytaylik, 2025 yil iyulda yopiladigan uch yillik uchun tekshiruv bor va «A» klubi 20 million yevro minusda turibdi. Shu muddat tugaguncha, 20 million yevro daromad qilishga majbur. Klub nima qiladi? 20 millionga biror futbolchisini sotib, vaziyatdan chiqib ketadi. Unda futbol nima bo‘ladi, axir sotilgan futbolchining o‘rnini qoplash kerak-ku?
Ikki yo‘l bor. Birinchisi, iyul oyida shoshilinch ravishda kimnidir sotib, o‘rniga yangi futbolchi olib kelishni avgustga ko‘chiradi. Bu endi boshqa davr xarajati. Yoki ikkinchi yo‘l ham bor. 50 millionga futbolchi sotib, xuddi shu pulga boshqa futbolchini sotib oladi.
Bir qaraganda, balans buzilgani yo‘q, kelgan summa chiqib ketyapti, ammo aynan moliyaviy fair play rakursida qaralsa, klub yopilayotgan yil uchun 50 million daromad qilib, atigi 10 million xarajat qilyapti, xolos. Nega? Topdingiz, sotib olingan futbolchi bilan besh yillik shartnoma tuzilsa, sarfning beshdan bir qismi e’tiborga olinadi, xolos. O‘sha beshdan bir qism ham aslida yangi moliyaviy yilga kiritilishini ham unutmaslik kerak.
Esingizda bo‘lsa, bir paytlar «Yuventus» va «Barselona» Pyanich va Arturni ayriboshlashga qaror qilishgan. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri almashuv emas, ikki alohida transfer sifatida amalga oshirilgan va eng qizig‘i, har ikki futbolchining narxi qariyb ikki barobarga ko‘paytirilgandi. Nega?
«Barselona» Arturni 60 million yevroga sotdik, deb hisobot qiladi va bu summani o‘sha yil uchun daromad sifatida qayd etadi. 60 millionga sotib olingan Pyanichning esa, faqat o‘sha yilgi shartnoma qismi, masalan, uch yilga bo‘lsa, 20 million yevro aks etadi. Natijada, shunchaki bir xil narxdagi futbolchini ayriboshlagan «Barselona» o‘sha yil uchun 40 million yevro foyda qilgandek ko‘rinadi. Bu yerda summa oshgani sari daromad ham oshib boradi. Xuddi shu shaklda «Yuventus» uchun ham shunday. Mana shu kichik «firib» yordamida «Barselona» ham, «Yuventus» ham moliyaviy fair play oldidagi holatini birmuncha yaxshilab olgandi. Shuning uchun biror klub o‘zidan o‘zi bir futbolchisini sotib, o‘rniga xuddi o‘sha saviya va narxda boshqasini olib kelsa, hayron bo‘lmang.
«Chelsi» nafaqat ko‘p futbolchi sotib olyapti, shu bilan birga sotyapti ham, buni bilamiz. Klub hatto yaxshi o‘ynab turgan va balki jamoaga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan futbolchini ham agar yaxshi taklif bo‘lsa, darhol rozi bo‘ladi. Bu aslida juda ratsional uslub – o‘sha futbolchi yoshi kattaroq yoki pasayish davrida bo‘lishi mumkin va agar vaqtida sotilmasa, keyingi mavsumlarda narxi pasayadi. Ikkinchidan, «Chelsi» ushbu futbolchidan keladigan transfer daromadi bilan qimmatroq narxga va yoshroq futbolchini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Misol uchun, Nemanya Matich 40 million yevroga «Manchester Yunayted»ga o‘tganidan keyin u yerda juda yaxshi o‘yin ko‘rsata boshladi. Tabiiyki, «Chelsi»ni shunday yaxshi futbolchisini sotib yuborgani uchun ayblaganlar ham ko‘p bo‘ldi. Ammo Matich keyingi mavsumlarda pasayishni boshlab, «MYu» uni 2022 yilda atigi 5 million yevroga sotgan bo‘lsa, «Chelsi» Matichni sotishdan bir yil oldin sotib olingan ancha yoshroq Kante bilan Chempionlar Ligasini yutdi va 2023 yilda 15 million yevroga sotishga muvaffaq bo‘ldi.
«Chelsi» so‘nggi yillarda mana shunday samarali sotishlar bilan ham balansni juda yaxshi ushlab turganini aytish lozim. Anjyelo, Hatchinson, Havers kabi futbolchilar sotib olingan narxidan balandroqqa sotib yuborilgan bo‘lsa, Kante, Ziyosh, Kulibali, Mendi kabi futbolchilar transfer sodir bo‘lgan paytdagi balans qiymatidan balandroq narxga sotilib, klubga daromad keltirdi.
Akademiya tarbiyalanuvchilari
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib, bu biznesning eng «qaymog‘i» akademiya tarbiyalanuvchilari ekanini tushungan bo‘lsangiz kerak. Akademiya futbolchilarini sotishdan olinadigan tushumning qadri balandroq va bu transferlar uchun ko‘proq imkoniyat beradi. Chunki akademiya futbolchisi pulga sotib olinmagan, demak uning balans qiymati 0 ga teng. Uni har qanday qiymatda sotuvi klubga sof foyda sifatida qabul qilinadi.
Endi tasavvur qiling, A ismli akademiya tarbiyalanuvchisi 40 millionga sotib yuborildi. Bu summa yordamida klub nech pullik transfer qilishi mumkin? Aytaylik, yuqoridagi misol kabi 80 millionga B futbolchi sotib olinib, 4 yilga shartnoma tuzilsa, uning joriy yildagi transfer xarajati atigi 20 millionni tashkil qiladi. Demak, bir akademiya tarbiyalanuvchisini 40 millionga sotib, klub o‘sha yilning o‘zida 2 nafar 80 millionlik futbolchini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
So‘nggi yilda ayniqsa «Manchester Siti» ham bu yo‘nalishda ancha muvaffaqiyat qozonmoqda. O‘tgan yili klub 10 nafar akademiya tarbiyalanuvchisini sotishga muvaffaq bo‘ldi. Albatta, Palmerga to‘langan summa alohida ajralib turadi, ammo agar o‘rtacha olganda ham, har bir futbolchi uchun o‘rtacha 10 million yevroga to‘g‘ri keladi. Bu akademiya futbolchilari uchun juda katta raqamdir.
Esingizda bo‘lsa, yozda «Manchester Yunayted»ning transfer budjeti 50 milliondan oshmasligi haqida xabarlar chiqqandi. Ammo INEOS shu yozning o‘zida Ugarte, Zirkze, Yoro, de Ligt va Mazraviy uchun 215 million yevro sarfladi. Agar sotuvlarga qarasak, Grinvud, Maktominey va van Bissaka uchun 74 million yevro olingan, demak sof transfer chiqimi 141 millionni tashkil qilyapti. Klub ortiqcha 91 millionni qayerdan oldi?
Albatta, maqolani boshidan o‘qib kelayotgan bo‘lsangiz, bunday savol sizda tug‘ilmasligi kerak. 74 million yevrolik daromad aslida ko‘proq xaridlar uchun yetishini allaqachon tushunib yetdingiz. Bu yerda yana bir e’tiborli nuqta – Maktominey va Grinvud «MYu» akademiyasi tarbiyalanuvchilari ekanidir. Yuqorida aytilganidek, nol qiymatga ega bo‘lgan futbolchilar sotuvi to‘liq sof daromad sifatida klubga ko‘proq samara keltiradi.
Ayni damda nega klub Reshford, Garnacho va hatto Maynu transferini ko‘rib chiqishga qarshi emasligini endi anglagandirsiz? Klubda mavsum o‘rtasida murabbiy almashdi. Bu shunchaki almashuv ham emas, Ruben Amorim tizim jihatidan ham, sxema jihatidan ham ten Hagdan tubdan farq qiladi. Uch yil Erik ten Hag uchun yig‘ilgan tarkib Amorimga u qadar to‘g‘ri kelmasligini maydonda ko‘rdik ham. Portugaliyalik murabbiyga umuman boshqa, ayni damda klubda mavjud bo‘lmagan profildagi kamida 2-3 futbolchi zarur. Sarflashga esa budjet qolmagan. Tabiiyki, bunday holatda ketishi aniq bo‘lgan Reshford, murabbiyga u qadar ham to‘g‘ri kelmayotgan Garnachoning transferi «MYu»ga yana faollashish imkoniyatini taqdim etadi. Zaxirada qolayotgan Garnachoni 50 millionga sotib, klub Amorimga mos bo‘lgan va og‘riqli pozitsiyalarni yopishi mumkin bo‘lgan uch nafar 50 millionlik futbolchini sotib olishi mumkin bo‘lib qoladi. Ha, agar hissiy jihatdan yondashilsa, klub tarbiyalanuvchilaridan oson voz kechmaslik kerak, balki to‘g‘ridir, ammo birinchidan, ushbu siyosat bilan klub juda ko‘p akademiya tarbiyalanuvchilaridan yakunda kerakli foydani ololmagani, ikkinchidan, «Chelsi» masalaga boshqacharoq yondashib, transfer bozorida xohlaganini qilayotganini ham ko‘rib turibmiz.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda klublarda o‘z tarbiyalanuvchilarini sotish tendensiyasi paydo bo‘lganining sababi shu yerda yotadi. Avvallari bu muxlislar tomonidan ham yomon qarshi olingan, klublarning o‘zi ham akademiya tarbiyalanuvchilari bilan sovrinlar yutishda o‘ziga xos romantika ko‘rgan. Sotib olingan futbolchilardan farqli ravishda mahalliy futbolchilarga alohida e’tibor qaratilar, klub o‘z imijini aynan shunday nomlar bilan ilgari surishga urinardi. Endi esa teskari holatni ko‘rib turibmiz.
Moliyaviy cheklovlar aslida ichki resurslardan ko‘proq foydalanishga undash uchun chiqarilgan bo‘lsa, teskari effekt davri boshlandi – endi klublar o‘zi tushib qolgan moliyaviy chuqurdan chiqishda aynan akademiya tarbiyalanuvchilarini qutqaruvchi has sifatida ko‘rmoqda. Tasavvur qilish mumkin, agar bugungi shartlar bo‘lganida, 90-yillar o‘rtalarida Aleks Fergyuson mashhur klass-92 dagi shogirdlaridan kimlarni avvalroq sotib yuborgan bo‘lardi? «Kamp Nou» oqshomida ikki Nevilldan qaysi birini biz umuman ko‘rmasligimiz ehtimoli bor edi? Yoki Gvardiolaning o‘sha buyuk «Barselona»sida Pedro ismli futbolchi bu qadar uzoq vaqt o‘ynab yurishi mumkinmidi? Asr boshlarida Peresning «Real» akademiyasi yoshlari va yulduzlarni birlashtirishni ko‘zda tutgan «Pavonlar va Zidanlar» siyosati «Pavonlar puliga Zidanlar» deb nomlanardi balki...
Ha, yana «Chelsi»ga qaytamiz. Klub so‘nggi 3-4 yilda akademiyaning bir qator tarbiyalanuvchilarini sotdi.
- Meyson Maunt «MYu»ga - 64 million
- Yan Matsen «Aston Villa»ga - 44 million
- Konor Gallaher «Atletiko» - 42 million
- Temmi Abraham «Roma»ga - 41 million
- Fikayo Tomori «Milan»ga - 35 million
- Luis Holl «Nyukasl»ga - 33 million
- Guehi «Kristal Pelas»ga - 23 million
- Loftus Chik «Milan»ga - 19 million
- Ampadu «Lids»ga - 9 million
- Billi Gilmor «Brayton»ga - 8 million.
Akademiya tarbiyalanuvchilarining o‘zidan «Chelsi» salkam 320 million yevro daromad qilgan. Ikki akademiya futbolchisini 56 million yevroga sotgan «Manchester Yunayted» buning yordamida transferlarga 200 milliondan ortiq sarflay olganini e’tiborga olsak, «Chelsi» olti barobar ko‘proq mablag‘ bilan nimalar qilib yuborishini mumkinligini tasavvur qilish mumkin. Tasavvur emas, ko‘ryapmiz ham.
Xulosa
Albatta 2020-2021 yillarda «Chelsi»ga bir muddat transfer cheklovi o‘rnatilgani bugungi holat uchun katta ahamiyat kasb etganini unutmaslik kerak. Bu cheklov birinchidan, 1,5 yil transferga pul sarflamagan klubda kelasi yillar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochdi. Ikkinchidan, majburan akademiya futbolchilariga imkoniyat berilib, bir qator nomlar kashf qilindi. Abraham, Maunt, Tomori kabi qator futbolchilar ayni damda jamoada qolmagan bo‘lishsa-da, aynan o‘sha davrda kashf etilib, futbolchi sifatida o‘sdi va narxi oshdi.
«Chelsi»ning Bouli davridagi xaridlariga zamin o‘sha yillardan qo‘yila boshlanganiga urg‘uni qaratsak, hech qanday klub doim shunday rejimda yashay olmaydi. «Chelsi» so‘nggi yillardagi xaridlarning o‘rnini to‘ldirish uchun baribir kelasi yillarda ham futbolchilarni sotib borishga majbur. Bu esa yana akademiyaga e’tibor berish orqali yosh futbolchilarni yetishtirishda davom etish, hamda maydonda muvaffaqiyatli o‘yinlar ko‘rsatish orqali mavjud tarkibning narxini oshirib borishi talab etiladi. Ya’ni baribir, bu biznes bo‘lsa-da, futbol biznesi, ya’ni foyda qilish uchun maydonda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatish talabi doim mavjud bo‘ladi.
Qahramon Aslanov