Srechko Katanets O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi.
«O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik bilan bekor qilishga qaror qildi.
Sloveniyalik murabbiy o‘z murojaatida hozirgi holatida vazifalarini to‘laqonli, professional tarzda bajara olmasligini afsus bilan qayd etdi. Doimiy qo‘llab-quvvatlagani va samarali hamkorlik uchun assotsiatsiyaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Terma jamoamizga Jahon chempionati saralash bahslarida omad tiladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Srechko Katanetsga terma jamoamiz boshqaruvidagi mehnatlarini uchun minnatdorchilik bildiradi. Salomatligini tiklab, murabbiylik faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirishini tilaydi», — deyiladi xabarda.
Shu tariqa, O‘FA va 62 yoshli mutaxassis o‘rtasidagi shartnoma o‘zaro do‘stona munosabatlarni saqlagan holda bekor qilingan.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoa bosh murabbiyi lavozimiga munosib nomzod tayinlash borasida ish olib borayotgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Srechko Katanets bilan 2021 yil avgustida 2025 yilga qadar mo‘ljallangan shartnoma tuzilgandi. U O‘zbekistonga kelguniga qadar Makedoniya, Birlashgan Arab Amirligi, Sloveniya va Iroq milliy jamoalarini boshqargan, Sloveniya milliy jamoasini tarixda ilk bor Jahon va Yevropa chempionatlariga olib chiqqandi.
Katanets 2024 yil oktyabrida salomatligi yomonlashgani bois JCh-2026 saralashi doirasida Eron va BAA bilan o‘yinlarda jamoani boshqara olmagandi. U noyabr oyida Qatar va KXDRga qarshi keyingi o‘yinlarda jamoaga qaytgandi, ammo 2025 yil 20 yanvar kuni jamoa Dohadagi yig‘inga usiz yo‘l oldi. Manbalarga ko‘ra, u saraton xastaligiga chalingan.
Ma’lumot uchun, ayni vaqtda O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 saralashining 3-bosqichida A guruhida 6 turdan keyin 13 ochko to‘plab ikkinchi o‘rinda joylashgan. Jamoa birinchi davrada KXDR (1:0), Qirg‘iziston (3:2), BAA (1:0) bilan o‘yinlarda g‘alaba qozonib, Eron bilan durang o‘ynadi (0:0), Qatarga esa safarda yutqazdi (2:3), ikkinchi davra doirasida KXDRga qarshi javob o‘yinida ham g‘alaba qozondi (1:0).
Milliy jamoa 27 yanvar kuni Iordaniyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi rejalashtirilgan. Mart oyida esa saralash bahslari davom ettiriladi. 20 mart kuni Toshkentda Qirg‘iziston mehmon bo‘ladi, 25 mart kuni Eron bilan safar o‘yini o‘tkaziladi (uchrashuv joyi hozircha belgilanmagan, eronliklar Yaqin Sharqdagi tang vaziyat tufayli o‘z maydonida o‘ynay olmayapti). Shuningdek, 5 iyunda BAAga qarshi safarda, 10 iyunda Qatar bilan uy uchrashuvi o‘tkaziladi va saralash bosqichi yakunlanadi. Guruhdagi dastlabki ikki o‘yin mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma taqdim etadi.
Katanets boshqaruvida milliy jamoa jami 20 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazib, 13 g‘alabaga erishdi, 5 bor durang o‘ynadi va 2 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi.