«Arsenal» jarohatlar girdobida, Italiya derbisida yangi yulduz porladi. Kun o‘yinlari

Sport 14:37 / 28.10.2024 6475

Angliya: Arteta jiddiy muammolar

«Arsenal» — «Liverpul» 2:2
Gollar:
Saka (9), Merino (43) — van Deyk (18), Saloh (81).
«Arsenal» – Rayya, Timber (Lyuis-Skelli, 76), Gabriel (Kivior, 54), Uayt, Parti, Martinelli (Nvaneri, 85), Merino, Rays, Saka (Jyezus, 85), Haverts, Trossar.
«Liverpul» – Kelleher, Roberson (Tsimikas, 63), van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold, Mak Allister (Soboslai, 63), Gravenberh, Dias (Gakpo, 63), Jons (Endo, 90+1), Saloh, Nunes.
Ogohlantirishlar: Mak Allister (33), Rayya (66), Nunes (90+4).

«Arsenal» markaziy himoyachilar juftligidagi o‘zgarish bilan o‘yinni boshladi — odatda o‘ng qanotda o‘ynaydigan Ben Uayt bu safar mudofaa markazida Gabriel bilan duet hosil qildi. Uilyam Saliba o‘tgan turda «Bornmut»ga qarshi kechgan o‘yinda qizil kartochka olgan va «Liverpul» bilan muhim o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘lgandi. O‘ng qanotda Uaytning o‘rnini tayanch yarimhimoyachisi Tomas Parti egalladi.

Ammo Uayt yangi pozitsiyada ham o‘zini yaxshi tutdi. 9-daqiqada u maydonning ikkinchi qismidan turib Bukayo Sakani to‘p bilan ta’minladi, u esa to‘pni qabul qilib olgach, bir harakat bilan Endryu Robersonni yo‘lidan oldi va to‘pni kuch bilan yaqin «to‘qqizlik»ka aniq yo‘lladi. 

O‘tkazib yuborilgan goldan keyin «Liverpul» jonlandi, «kanonirlar» esa qarshi hujum uchun imkoniyat qidira boshladi. Mersisaydliklar Luis Dias faol harakatlangan chap qanotdan bosim uyushtirishdi va uning hujumlaridan biri burchak to‘pi bilan yakunlandi. Trentning yaqin ustun oldiga uzatmasidan keyin Dias Havers bilan to‘p uchun kurashda ustun keldi va uni markazroqqa uzatdi, u yerda Virjiyl van Deyk bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Hisob tenglashishi mezbonlarning o‘yiniga ta’sir ko‘rsatmadi. Ular to‘pga ko‘proq vaqt davomida egalik qilishdi va darvoza tomon ko‘proq zarbalar yo‘llashdi. Natijada «Arsenal» yana hisobda oldinga chiqib oldi: Rays jarima zarbasidan to‘p uzatdi, Merino bosh bilan aniq zarba yo‘llab, jamoa safidagi ilk golini urdi. VAR uzoq vaqt davomida ofsayd bor-yo‘qligini aniqlash uchun mazkur epizodni tekshirdi, yakunda gol inobatga olindi.

Ikkinchi bo‘lim esa mezbonlar uchun noxushlik bilan boshlandi. Nunes bilan to‘qnashuvda «Arsenal» markaziy himoyachisi Gabriel jarohat oldi. Braziliyalik gazonga quladi va tibbiyot xodimlari yordamidan keyin o‘yinni davom ettirdi. Ammo bir necha daqiqa o‘tib yana gazonga o‘tirib oldi va almashtirildi. Natijada «Arsenal» himoyasi markazida odatdagi Gabriel – Saliba juftligi o‘rniga Uayt va Kivyor o‘ynaydigan bo‘ldi.

Majburiy almashtirishdan keyin «Liverpul» tashabbusni qo‘lga oldi, «Arsenal» himoyaga o‘tirishga qaror qildi. Arne Slot darhol uchtalik almashtirish qildi – maydonga Tsimikas, Soboslai va Gakpo chiqib keldi. Shusiz ham asosiy futbolchilari yo‘qligidan aziyat chekayotgan «Arsenal»da (Martin Edegor, Rikkardo Kalafiori, Kiran Tirni, Takehiro Tomiyasu) Gabriel ortidan chap qanot himoyachisi Yurriyen Timber ham safdan chiqdi. 76-daqiqada uning o‘rniga 18 yoshli Maylz Lyuis-Skelli tushirildi.

Aynan majburan almashtirilgan futbolchilar o‘rniga tushgan Kivyor va Skelli 81-daqiqada Salohni qo‘riqlay olishmadi va hisob tenglashdi – 2:2.

Mikel Arteta «Siti» bilan o‘yindagi kabi «Liverpul»ga qarshi o‘yinda ham g‘alabani saqlab qololmadi va qolgan daqiqalarni hujumda o‘tkazishga qaror qildi. 87-daqiqada mezbonlar xavfli vaziyatga ega bo‘lishdi. Havers dribling ishlatib, hujum qildi va to‘pni jarima maydoni tashqarisidan olis ustun tomon yetkazib berdi, u yerda zaxiradan maydonga tushgan Gabriel Jyezus hujumga qo‘shildi. Braziliyalik bir teginishda zarba yo‘lladi, ammo Kertis Jons bo‘sh burchakka ketayotgan to‘pni to‘sib qoldi.

90-daqiqada esa «kanonirlar» gol ham urishdi. Havers to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi, to‘p to‘sindan qaytdi va unga birinchi bo‘lib Jyezus yetib keldi. Ammo hujum vaqtida bosh hakam Entoni Teylor germaniyalik hujumchi Trentga qo‘pollik ishlatgan deb topib hushtagini chalgandi.

Durang «Liverpul»ni birinchi o‘rindan pastga tushirdi — endi Slot jamoasi «Manchester Siti»dan bir ochkoga ortda qolmoqda. «Arsenal» esa qatorasiga ikkinchi turda ochko yo‘qotib, uchinchi o‘ringa tushdi: mersisaydliklar bilan farq to‘rt, «shaharliklar» bilan — besh ochko. Tarkibda jiddiy muammolarga uchragan londonliklarning keyingi raqiblari — «Nyukasl» va «Chelsi».

«Vest Hem» — «Manchester Yunayted» 2:1
Gollar:
Sammervill (74), Bouen (90+2, penalti) — Kazemiro (81). 
«Vest Hem» – Fabianski, Emerson, Kilmen, Mavropanos (Todibo, 46), Uan-Bissaka, Rodriges (Kressuell, 90+4), Alvares, Soler (Sammervill, 46), Lukas Paketa (Souchek, 46), Bouen, Antonio (Ingz, 71).
«Manchester Yunayted» – Onana, Mazraui (Lindelyof, 84), Martines, de Ligt, Dalot, Kazemiro, Eriksen (Zirkze, 79), Garnacho, Fernandesh, Reshford (Diallo, 59), Hoylund.
Ogohlantirishlar: Paketa (25), Mavropanos (30), de Ligt (59), Sammervill (74), Emerson (90+5), Kressuell (90+6).

«MYu» Londondagi o‘yinni kuchli boshladi. «Qizil iblislar» safida 100-o‘yinida maydonga tushgan Garnacho ilk hujumda darvoza to‘sinini poyladi, keyin esa Hoylund va Brunu Fernandesh qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi. Diogu Dalot esa yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, darvozabonni aldab o‘tdi, ammo shundan keyin bo‘sh darvozaga to‘g‘ri zarba berolmadi. Bu gol urishdan gol urolmaslik qiyinroq bo‘lgan vaziyat edi.

Ikkinchi bo‘limda mehmonlarda bu qadar ko‘p golli vaziyatlar bo‘lmadi, Garnacho esa uzatma berishda xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni yo‘qotdi, Bouen to‘pni jarima maydoniga yetkazib berdi, u yerda Ingsning o‘xshamagan zarbasi olis ustun oldida to‘pga yetib borgan Sammervillga golli uzatmaga aylandi. Ko‘p o‘tmay Dalot, Zirkze va Kazemironing sa’y-harakatlari bilan hisob tenglashganida, «MYu» mag‘lubiyatdan qutulib qolgandek ko‘ringandi.

Ammo 90-daqiqada VAR va monitorga taklif etilgan arbitr de Ligt jarima maydoni ichida fol qayd etgan deb topdi. «MYu» futbolchilari bir necha daqiqa davomida bahslashishdi, ammo hech narsa o‘zgarmadi, Onana zarba yo‘nalishini topgan bo‘lsa-da, Bouen tepgan to‘pga yeta olmadi. Qo‘shib berilgan 12 daqiqa davomida hisob boshqa o‘zgarmadi. O‘yin yakunlangani to‘g‘risidagi hushtakdan keyin ten Hag joriy mavsumning o‘zida uchinchi bor hakamlar qarori jamoaning turnir jadvalidagi o‘rniga ta’sir ko‘rsatgani to‘g‘risida gapirdi. Ammo 14-o‘ringa jamoa vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha APLdagi eng yomon ko‘rsatkichni qayd etayotgani ham sabab bo‘lmoqda — xG (kutilgan gollar) bo‘yicha 14,6 ko‘rsatkichi qayd etilgani holda 8 gol urilgan.

«Chelsi» — «Nyukasl» 2:1
Gollar:
Jyekson (18), Palmer (47) — Isak (32). 
«Chelsi» – Sanches, Jyeyms, Koluill, Fofana, Gyusto (Kukurelya, 78), Laviya (Fernandes, 72), Kaysedo, Palmer, Netu, Madueke (Mudrik, 67), Jyekson (Nkunku, 78).
«Nyukasl» – Poup, Holl (Kelli, 89), Bern, Sher, Livramento, Gimaraes, Tonali (Longstaff, 68), Joelinton (Osula, 89), Barns (Uillok, 68), Almiron (Merfi, 68), Isak.
Ogohlantirishlar: Fofana (11), Sher (22), Laviya (54), Tonali (64), Madueke (66), Sanches (84), Netu (88), Longstaff (90), Mareska (90+4), Nkunku (90+4).

«Chelsi»ning tezkor goli bekor qilindi, ammo bu mezbonlarni tushkunlikka tushirmadi. Ularning hisobga olingan keyingi golida — himoyadan chiqishda namuna ko‘rsatildi. Palmer to‘pni o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida raqib hududiga orqa turgan holda qabul qilib, o‘girildi va qaramasdan chap qanotga diagonal uzatma berdi, tezlik olgan Pedru Netu to‘pga yetib bordi va jarima maydoni ichida ochilgan Jyeksonni golli pas bilan ta’minladi. O‘tgan mavsum davomida tanqidga uchragan forvard APLdagi 44 o‘yinida 20 gol urishga ulgurdi. Bu bilan klub tarixida 20-goliga eng qisqa muddatda erishgan beshinchi futbolchiga aylandi.

Ammo bo‘lim davomida londonliklar muammosida xatolik kuzatildi va «Chelsi» tarbiyalanuvchisi Holl qadrdon klubini ranjitib, to‘pni bo‘sh darvoza qarshisida yolg‘iz turgan Isakning oyog‘iga qo‘ndirib berdi. Ikkinchi bo‘limdagi ikkita hal qiluvchi vaziyat ham xuddi shu futbolchilar ishtirokida kechdi. Palmer o‘z golini urdi, Isak esa — darvozabonni aldab o‘tganidan keyin — optimal yechim topa olmasdan, himoyachilar to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuborishiga yo‘l qo‘ydi. «Nyukasl»ning «Stemford Brij»dagi noxush seriyasi davom etadi — «qarg‘alar» bu stadiondagi so‘nggi 12 o‘yindan 11 tasida yutqazib, bir bor durang o‘ynagan.

Ispaniya: «Atletiko»ning ilk mag‘lubiyati

«Betis» — «Atletiko» 1:0
Gol:
Ximenes (4, avtogol).
«Betis» – Ruy Silva, Perro, Lorente, Bartra, Ruibal (Sabali, 90+1), Altimira, Kardozo, Fornals, Ezzalzuli (Losada, 90+1), Chimi Avila (Diao, 77), Roke.
«Atletiko» – Oblak, Reynildu (Galan, 46), Ximenes, Vitsel, Molina, Lino (Simeone, 70), Gallaher (Syorlot, 46), Koke, De Paul (Lemar, 84), Alvares, Grizmann (Korrea, 70).
Ogohlantirishlar: Mandava (7), Koke (66), Perro (75), Ruibal (83).

Shanba kuni klasikoda tor-mor etilgan «Real» mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib olgandi, bir kun o‘tib esa turnir jadvalida bu grafadagi so‘nggi nol ham g‘oyib bo‘ldi. Lekin «Atletiko»ning mag‘lubiyati kutilmagan voqea, Ximenesning o‘yin taqdirini hal qilgan avtogolini — yoqimsiz tasodif deb bo‘lmaydi. Birinchidan, Manuel Pellegrini «Betis»ni ajoyib jamoaga aylantirgan. Ikkinchidan, mezbonlar birinchi bo‘lim davomida mezbonlar darvozasini qamal qilishdi. La liga o‘yinlarida 20 yildan ortiq vaqt davomida «matraschilar» ushbu raqibga qarshi ilk 45 daqiqalikda zarbalar berish borasida ortda qolmagandi. 3:14 — esa umuman Diyego Simeone uchun yarashmaydigan ko‘rsatkich.

Italiya: Turin yoshlari va yulduzlarning o‘g‘illari

«Inter» — «Yuventus» 4:4
Gollar:
Zelinski (15 penalti, 37 penalti), Mxitaryan (35), Dumfris (53) — Vlahovich (20), Vea (26), Yildiz (71, 82).
«Inter» – Zommer, Bastoni, de Vrey, Pavar (Bissek, 63), Dimarko (Darmian, 77), Dumfris, Mxitaryan, Zelinski (Frattezi, 63), Barella, Martines, Tyuram (Torimiy, 87).
«Yuventus» – Di Gregorio, Kabal, Danilo (Gatti, 77), Kalulu, Kambiyazo, Lokatelli, Makkenni (Tyuram, 83), Vea (Yildiz, 62), Fajoli (Savona, 61), Konseysau, Vlahovich (Mbangula, 77).
Ogohlantirishlar: Danilo (52), Pavar (59), Dumfris (75).

Turnir jadvali peshqadami «Napoli» 1:0 hisobidagi g‘alabalar rejimiga o‘tganida, uning tanqidchilari birinchi bo‘limning o‘zidayoq birgalikda besh gol urishdi. Jamoalar hisobda quvlashmachoq o‘ynab, Italiya derbisi uchun rekord o‘rnatishdi. Hoqon Chalxono‘g‘li yo‘qligida Zelinski penaltidan urgan gollardan birinchisiga «Yuventus» yetti daqiqa ichidagi ikki ajoyib hujum bilan javob qaytardi. Makkenni jarima maydoni ichiga yetkazib berilgan to‘pni qulay vaziyatda turgan Vlahovichga yetkazib berdi, Fransishku Konseysau qanotdan yorib kirishi bilan amalga oshirilgan hujum yakunida Vea darvozani ishg‘ol etdi.

Ammo shundan keyin «Inter» turborejimni yoqdi. Mxitaryan Tyuram bilan devor uslubida o‘ynab, ichkariga kirib bordi va ustun yoniga aniq zarba yo‘llab, muvozanatni tikladi. Keyin shu kuni ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Zelinski yana bir 11 metrlik jarima zarbasini aniq ijro etdi, ikkinchi bo‘lim boshida Dyumfris hisobdagi farqni ikkitaga oshirdi.  Di Gregorio Dimarko va Barellaning xavfli zarbalarini qaytarib, hisob yanada yirik bo‘lib ketishining oldini oldi. Amalda darvozabon intrigani saqlab qoldi, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Kenan Yildyz uzoqdan yo‘llagan zarbasi bilan uni jonlantirdi. Va uning o‘zi, yana Dyumfris qarshiligini yengib o‘tib, dublni rasmiylashtirdi va tabloda 4:4 hisobi paydo bo‘ldi.

Turkiyalik yarimhimoyachi 19 yoshu 176 kunligida ushbu derbi tarixiga eng yosh dubl muallifi sifatida kirdi. Uni zaxirada qoldirganiga qaramay, Tiagu Motta «Inter»ga qarshi o‘yinlardagi eng yosh boshlang‘ich tarkibni tushirdi (o‘rtacha yosh 25 yoshu 212 kun). Yildiz va o‘yin oxirida o‘z akasi Markusga qarshi o‘ynash uchun maydonga chiqqan Kefren Tyuram ham ilk daqiqalardan maydonda bo‘lganida, bu raqam yanada kichikroq bo‘lishi mumkin edi. Ular chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtidayoq iliq ko‘rishishgan, o‘yin yakuni esa — ularning taniqli otasi Lilianga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi. G‘alaba yo‘qligidan faqat boshqa yulduz otalar ranjishi mumkin, chunki Jorj Vea va Serjiu Konseysauning farzandlari «Keksa siniora»da o‘ynaydi.

Germaniya: «Bavariya» yetakchilikni bermayapti

«Bohum» — «Bavariya» 0:5
Gollar:
Olise (16), Musiala (26), Keyn (57), Sane (65), Koman (71).
«Bohum» – Dreves, Medich, Ordets, Ermann (Dashner, 61), de Vit (Miyosi, 72), Vittek, Passlak (Gamboa, 46), Losilla, Sissoko, Mashovich, Broshinski (Hofmann, 72).
«Bavariya» – Noyyer, Devis, Kim Min Je, Upamekano, Laymer, Palinya (Goretska, 61), Kimmih, Olise (Sane, 61), Koman, Musiala (Myuller, 61), Keyn (Tel, 69).
Ogohlantirishlar: Passlak (12), Musiala (45+1).

«Bavariya» Bohumdagi o‘yinning birinchi bo‘limi o‘rtalaridayoq ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib oldi va yakunda birinchi o‘ringa qaytdi. Olisening jarima zarbasidan keyin darvozabon to‘p yo‘nalishini tomosha qilishdan boshqa chora topa olmadi. Ikkinchi golni urgan Musiala esa «Barselona»ga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushishi kerak bo‘lganini eslatdi. Ammo Vensan Kompani mantiqiy yo‘l tutgan va jarohatdan keyingi ilk o‘yinida yosh yulduzga katta yuklama berishni istamagandi. Yakshanba kuni Musiala o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda gol urdi, u Kimmih jarima zarbasidan keyin uzatib bergan to‘pni boshi bilan darvoza to‘riga yo‘lladi.

Shundan keyin ko‘pchilik 7:0 hisobini esga oldi — 2021 yildan buyon «Bavariya» va «Bohum» o‘rtasidagi o‘yinlarda uch bor shunday natija qayd etilgan. Ammo myunxenliklar yakshanba kuni u qadar qonga tashna emasligi ma’lum bo‘ldi va faqat beshta gol bilan kifoyalandi. Jamoa mavsum boshidan buyon sakkiz turda jami 29 gol urgan. Hozircha YeChLda Kompanining ishlari o‘xshamayapti, «Barselona»ga yirik hisobda mag‘lub bo‘lishdan oldin «Aston Villa»dan ham mag‘lubiyatga uchralgandi. Ammo  bundesligada ayni vaqtda uning boshqaruvidagi jamoa sakkiz tur yakunlariga ko‘ra butun turnir tarixidagi eng yaxshi sermahsullik namoyish etmoqda. Aynan shu ko‘rsatkich ochkolar teng kelgan holatda turnir jadvalida «Leypsig»dan yuqorida turishga imkon bermoqda.

Fransiya: fransuz klasikosidagi kaltaklash

«Marsel» — «PSJ» 0:3
Gollar:
Nevesh (7), Balerdi (29, avtogol), Barkolya (40). 
«Marsel» – Rulli, Brassiye, Kondogbia, Balerdi, Murillo, Hyoyberg, Rabio, Harit, Luis Enrike (Lirola, 85), Grinvud (Rou, 46), Vai (Kone, 46).
«PSJ» – Donnarumma, Mendesh (Beraldo, 50), Pacho, Markinos, Hakimi, Joau Nevesh (Asensio, 78), Vitinya, Zair-Emeri (Fabian Ruis, 67), Li Kan In (Meyulyu, 78), Barkolya (Due, 67), Dembele.
Ogohlantirish: Hyoyberg (18).
Chetlatish: Harit (20).

«Velodrom»da 50-marta o‘tkazilgan fransuz klasikosida «Marsel» ilojsiz holatga tushib qolib, hafsalani pir qildi, bu jamoa 1998 yildan buyon birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra uch to‘p farqi bilan ortda qolmagandi. Bo‘lim oxirida provansalliklar yetakchisi Grinvudning xatosidan keyin Barkolya masxaromuz gol urib hisobni yiriklashtirdi, bu vaqtda translatsiya rejissyori mezbonlarning hafsalasi pir bo‘lgan muxlislari stadion hududini tark etishga tushganiga e’tibor qaratdi. «PSJ» esa shu kuni yuqori saviya namoyish etdi, buni birinchi gol urilgan hujumda Zair-Emeri to‘pni raqib boshi ustidan qanday o‘tkazganida ham ko‘rish mumkin edi. Qolaversa, Roberto de Dzerbi jamoasida muhim ijrochilar uyaltirdi. Xususan, Harit Fransiya chempionatidagi yubiley 100-o‘yinida Markinosning ko‘kragiga oyoq bilan zarba berib, 20-daqiqadayoq jamoadoshlarini bir kishi kam qoldirdi. «Marsel» futbolchilari so‘nggi olti o‘yinda to‘rt bor qizil kartochka olishgan! Keyin esa mezbonlar sardori Balerdi o‘z darvozasiga ahmoqona gol urdi.

Parijdagilar nafaqat g‘alabani, balki navbatdagi qator rekord natijalarni ham nishonlashdi. Masalan, Dembele qatorasiga uchinchi o‘yinda golli uzatma bermoqda, bunaqasi oxirgi bor 10 yil muqaddam Ibrahimovich bilan bo‘lgandi. Barkolya mavsum startidagi samaradorlik bo‘yicha (9 turda 8 gol) fransuz futbolchilar orasida faqat Jinyak va Benzemadan ortda qolmoqda. Marselga o‘tgan «PSJ» tarbiyalanuvchisi Rabio faoliyatida ilk bor klasikoda yutqazdi. Luis Enrike jamoasi «Monako»ning mavsumdagi ilk mag‘lubiyatidan foydalanib, turnir jadvalida yakkapeshqadamga aylandi.

Kun statistikasi

  • «Inter» va «Yuventus»ning A seriya doirasidagi o‘zaro o‘yinlarida 3-bor kamida sakkizta gol urildi. Ammo bunday sermahsul kechgan oxirgi o‘yinlarda turinliklar yirik g‘alabalarga erishgandi (1932 yilda 6:2 va 1961 yilda — 9:1).
  • Edin Jyeko «Fenerbahche»ning so‘nggi 5 uy uchrashuvini golsiz tark etmayapti. Bu «kanareykalar» futbolchilarining 2007 yildan (Opta kompaniyasi bu borada hisob yuritishni boshlagan) buyon eng yaxshi natijasi takrorlanishi bo‘ldi.
  • «Latsio» himoyachisi Nunu Tavaresh bu mavsumda 7 bor golli uzatma berdi. Portugaliyalik futbolchi bu borada sobiq jamoadoshi Saka bilan birgalikda — top-5 ligalarda eng yaxshi assistent bo‘lib turibdi.
  • «Benfika» hujumchisi Karim Oqturko‘g‘li yetti o‘yinda 8 gol urdi, bungacha 59 yil mobaynida lissabonliklarning yangi futbolchisi bilan mavsum startida bunday sermahsullik kuzatilmagandi.
  • «Liverpul» hujumchisi Saloh «Arsenal»ga urgan gollari sonini 11 taga yetkazdi. «Kanonirlar»ni bundan ko‘proq faqat Keyn (14) va Ueyn Runi (12) xafa qilgan.
  • 17 yoshu 77 kunlik — «Tottenhem» futbolchisi Mur shu yoshda. «Shporlar»da 1993 yildan buyon bunday yosh futbolchi Angliya chempionati o‘yinida boshlang‘ich tarkibda tushmagandi.
  • «Feyyenoord» barcha turnirlar doirasida qatorasiga 20 safar o‘yinida yutqazmasdan, klub rekordini takrorladi. Bungacha rotterdamliklar bunday seriyani 1961/62 va 1978/79 yilgi mavsumlarda ham qayd etgandi.
  • Saka 22 yoshu 52 kunligida APLda 50 gol urib ulgurdi va «Arsenal»ning bu ko‘rsatkichga erishgan eng yosh futbolchisi bo‘ldi.
Ko‘proq yangiliklar: