Hozirgacha 11 mingga yaqin yer uchastkasi auksion savdosiga qo‘yildi – Adliya vazirligi

Jamiyat 13:45 / 04.09.2020 2001

3 sentabr kuni «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillari» mavzusida onlayn muloqot o‘tkazildi. Unda tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtirish, onlayn auksionda jismoniy va yuridik shaxslarning ishtirok etish shartlari va tartibi tushuntirildi.

Adliya vazirligi xabarida qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga berilishi, yer uchastkasini tanlash materiallari bo‘yicha kelishish va xulosalar berish faqat «YERELEKTRON» AAT orqali amalga oshiriladi. Auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega bo‘lib, ushbu yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksion g‘olibi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

Onlayn-auksion ishtirokchisiga aylanish uchun tadbirkor www.e-auksion.uz  saytidan ro‘yxatdan o‘tishi, o‘zlarini qiziqtirgan obektni (LOT) tanlashi va ariza berishi kerak bo‘ladi. To‘lovlarni tijorat banklari yoki elektron to‘lov tizimlari (Payme, Click va boshqalar) orqali amalga oshirish imkoniyati mavjud.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoniga asosan 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali berilishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: