Olmazor tumani IIO FMBdan xabar kelib tushgan, deyiladi Ichki ishlar vazirligi saytida.
Unga ko‘ra, 20 may kuni 34 yoshli O.S. 35 yoshli tanishi T.A.ga xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni taklif etib, navbatsiz va boshqa tashvishlarsiz bankdan 3.000.000.000 so‘m kredit olishda yordam berishini aytgan.
O‘zining “yordami” uchun O.S. tanishidan 21.000.000 so‘m olib, va'dasida turmasdan, pullarni o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan.
Mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.
“Hurmatli hamshaharlar va shahrimiz mehmonlari! Ehtiyot bo‘ling, o‘zingiz qonuniy hal qila oladigan masalangizni birovga ishonib, pulingizni yo‘qotmang”, - deyiladi ma'lumotda.