Yangi Zelandiya parlamenti Taranaki tog‘ini rasman yuridik shaxs sifatida tan oldi. The Guardian xabar berishicha, bu -mamlakatda insonlar bilan bir xil huquqlarga ega bo‘lgan uchinchi tabiiy obekt hisoblanadi.
Taranaki Yangi Zelandiyaning Shimoliy orolidagi ikkinchi eng baland tog‘. U mamlakatdagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan cho‘qqi hisoblanib, xorijlik sayyohlar orasida ancha mashhur.
Tog‘ga shaxs maqomini berish Taranakini o‘z ajdodi deb biladigan maori qabilalari uchun nihoyatda muhim. Parlament 2017 yilda bu obektga qonuniy huquqlar berishni va’da qilgandi. 2025 yil 30 yanvarda ushbu qonun bir ovozdan qabul qilindi.
Hujjatda, shuningdek, maori xalqiga mustamlakachilik davrida yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi qoida ham mavjud, unda Taranaki tog‘i qabilalardan “o‘g‘irlangani” tan olingan. Qonunda tog‘ va unga yaqin hududlarga tashrif buyuruvchilar tabiatga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi kerakligi belgilangan.
Hujjat yerni mahalliy xalqlar mulkiga qaytarmasa-da, tog‘ga shaxs maqomining berilishi maorilar uchun muhim voqeaga aylandi. Qonun loyihasining so‘nggi o‘qilishini kuzatish uchun Vellingtonda yuzlab qabila a’zolari yig‘ildi.