15 avgustdan e'tiboran O‘zbekistonda karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinishi e'lon qilindi. 17 avgustdan esa, mamlakatdagi barcha masjidlarda besh vaqt namozni jamoat bilan ado etish yo‘lga qo‘yiladi. Shu munosabat bilan Toshkent shahar vakilligi masjidlarga kirish tartibi, bunda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, sunnat va farz namozlarda safda turish bo‘yicha tartibni eslatuvchi videoqo‘llanmani e'lon qildi.
Jumladan, barcha namozxonlar masjidlarda joriy etilgan sanitariya-epidemiologik qoidalar quyidagilardan iborat:
- masjidlarning kirish joyini dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlanib, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari, pirometrlar (kontaksiz harorat o‘lchagich) bilan ta'minlanadi;
- har bir fuqaro masjid ichida tibbiy niqobda bo‘lishi, hududga kirishda qo‘llarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi kerak;
- masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish (harorat o‘lchash va tashqi alomatlar), tana harorati 37ºC va undan yuqori bo‘lgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish zarur;
- ibodat vaqtida ijtimoiy masofalanishni saqlash, fuqarolar orasidagi masofani 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda) talab etiladi;
- har bir masjidning kirish qismiga kasallikdan saqlanish, hududda karantin talablariga qat'iy amal qilish, xususan, 65 yoshdan katta fuqarolarni masjidlarga vaqtincha tashrif buyurmay turishlari tavsiya etilishi to‘g‘risidagi axborot lavhalari o‘rnatiladi;
- masjid ma'muriyati tomonida ish faoliyatni karantin davrida tashkil etish bo‘yicha tegishli buyruq va ichki tartiblarni ishlab chiqish (bunda yoshi 65 yoshdan ulug‘ fuqarolarni vaqtincha tashrif buyurmay turishlarini tavsiya etish) yo‘lga qo‘yiladi;
- masjidlarda juma namozi vaqtincha ado etilmaydi;
- hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan masjidlarning barcha xodimlari bilan tushuntirish ishlarini tashkil etiladi;
- ushbu xizmat tomonidan belgilangan muddatda (har 3 kunda yoki haftada bir marotaba) masjidlardagi sanitariya-epidemiologik holatni o‘rganish va tavsiyalar berish amalga oshiriladi;
- masjidlar binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish ishlari bajariladi;
- masjidga kirish va chiqish joylarida aholining to‘planishiga qat'iy yo‘l qo‘ymaslik ta'minlanadi;
- tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovunlar bilan ta'minlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda foydalanish kabi tartib-intizomlar alohida qayd etilgan.