75 yoshli Husanboy ota 40 yildan ortiq Tekstil institutida o‘qituvchi bo‘lib ishlagani, yadro fizikasi mutaxassisi va fan nomzodi ekanini aytadi. U havoni tozalash borasida ilmiy ish olib borgani va bu boradagi ishlanmalari amaliyotda qo‘llanganini ma'lum qildi.
«So‘nggi paytlarda koronavirus pandemiyasi tufayli tibbiy niqoblar muammosi yuzaga keldi. Ularni tez-tez almashtirish kerak, samarasi past, taqib yurganda havoni to‘sib qolishi ortidan kislorod tanqisligi yuzaga keladi. Yana bir jihati, niqob ichida olinadigan havo bilan chiqariladigan havo aralashib ketadi.
Men taklif qilayotgan ishlanma ko‘p marta foydalanish bilan birga bu muammoni ham bartaraf qiladi. Bu ishlanmaning bir necha variantlarini o‘rganib chiqdim, ayrim klapanlar shovqin bilan ishladi, ayrimlarining o‘tkazishi past bo‘ldi. Va nihoyat oxirgi variantga keldim.
Bu moslamada havo maxsus defoliantlar orqali tozalab o‘tkaziladi, olinadigan nafas va chiqariladigan nafas umuman aralashib ketmaydi. Yana bir muhim jihati, chiqariladigan havo ham maxsus filtrdan o‘tadi va tozalanib, xavfsiz holda chiqariladi», – deydi Husanboy ota Qosimov.
Yoshi ulug‘ yurtdoshimiz taklif qilayotgan moslama qo‘lbolaligi uchun bir qarashda qo‘pol va noqulay tuyulsa-da, niqoblar bilan bog‘liq muhim muammolarni hal etgani bilan ahamiyatli. Qolaversa, bu tajriba nusxa va uni albatta takomillashtirib, chiroyli va qulay ko‘rinishga keltirish mumkin.
Pandemiya yaqin davr ichida dolzarbligini yo‘qotmasligi hisobga olinsa, Husanboy Qosimovning taklifi kerakli tashkilotlar tomonidan o‘ylab ko‘rilsa, arziydi.