Farg‘onada mingdan ortiq telefon, Nukusda virus blokatorlari noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi - bojxona xabarlari

Jamiyat 17:30 / 14.08.2020 4452

Nukus shahrida bojxonachilar va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda fuqaro A.N. shartli xaridorga jami 99 dona sifati kafolatlanmagan virus blokator tibbiy vositalari hamda 100 dona sifatini kafolatlovchi hech qanday hujjatlarga ega bo‘lmagan virus aniqlovchi testlarni jami 23,4 million so‘mga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatib qolindi.

Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi avtoturargohlarning birida dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi

Tezkor tadbir davomida fuqaro M.A. o‘z boshqaruvidagi «Neksiya-2» rusumli avtotransport vositasida shartli xaridorga 278 quti «Midokalm», 33 quti «Tenvir», 100 quti «Ursosan» va 71 quti «Dyufaston» nomli dori vositalarini noqonuniy tarzda sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Qonunbuzardan umumiy qiymati 50 million so‘mlik 482 quti dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Farg‘onada mingdan ortiq uyali aloqa vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

 Bojxonachilar va DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro T.E. boshqaruvida chegaradosh hududda harakatlanib ketayotgan «Damas» kuzatuvga olinib, Farg‘ona shahrida to‘xtatiladi.

Avtomashina xolislar ishtirokida va belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, uning salonida muqaddam qo‘shni davlatdan bojxona nazoratini chetlab, aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 2 turdagi 41 dona smartfonlar borligi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu aloqa vositalarining umumiy qiymati 106 mln 500 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, viloyatda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida chegaradosh hududdan harakatlanib kelgan fuqaro X.D. boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtotransport vositasi kuzatuvga olinadi.

Haydovchi Dang‘ara tumanida fuqaro R.M.ning xonadoniga yetib kelgan vaqtida kuzatuvga olinganini sezib qoladi va voqea joyidan yashirinishga urinadi.

Mazkur avtotransport vositasi esa belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina saloni va yukxonasida qiymati salkam 13 turdagi jami 580 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, fuqaro R.M.ning xonadoni ham amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganida, bu yerda ham 2 turdagi 542 dona uyali aloqa vositalari noqonuniy ravishda saqlanayotgani aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbir davomida qonunbuzarlardan ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yilgan 1122 dona uyali aloqa vositalari xorijda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatlari mavjud emasligi aniqlandi.

Mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati esa 200 mln. 495 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Navoiyda kurerlik jo‘natmalari orasida yashirincha 200 mln so‘mdan ortiq qiymatdagi dori-darmonlar yuborilgani fosh bo‘ldi

Navoiy viloyatida dori vositalarini kurerlik jo‘natmalari orqali noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishlarning oldi olindi.

Tezkor tadbirda kurerlik tashkilotlaridan birining nomiga chetdan keltirilgan jo‘natmalar belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Mazkur jarayonda jo‘natmalar orasiga yashirilgan holda 13 turdagi sifati kafolatlanmagan dori-darmonlar yuborilgani aniqlandi.

Saqlash va tashish qoidalariga zid ravishda keltirilgan 300 donadan ziyod mazkur dori-darmonlarning umumiy qiymati 95 mln 210 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, viloyat bojxonachilari yana bir holatda yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan holda qiymati 12,6 mln so‘mlik 105 dona «Oksapar» dori vositalarini kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirilishining oldini olishdi.

Yana bir holatda esa kurerlik jo‘natmalaridagi sochiq va choyshablar qutilari ichiga dori vositalari ustalik bilan yashirilib, qayta qadoqlangani ma'lum bo‘ldi.

Bojxona xodimlarini chalg‘itish orqali soxta tadbirkorlar 23 turdagi 10 ming donadan ziyod dori vositalarini yashirin ravishda olib kirishmoqchi bo‘lishgan.

Mazkur dorilarning umumiy qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 97 mln 190 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: