Yunusobod hokimi va sektor rahbarlari karantin yumshatilishi masalasi bo‘yicha tumandagi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
Respublika maxsus komissiyasi karantin cheklovlarini 15 avgustdan bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha qaror qabul qildi. Qarorga muvofiq, 15 avgustdan sanatoriylar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlilar ijarasi, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, ochiq havoda xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish obektlari faoliyati tiklanadi.
Shu munosabat bilan bugun, 13 avgust kuni Yunusobod tuman hokimi R.Usmanov, tuman prokurori H.Mirsoatov, IIO FMB boshlig‘i M.Saydazimov hamda DSI boshlig‘i J.Maxmado‘stov bilan birgalikda tumandagi tadbirkorlik sub'yektlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma'lum qilinishicha, uchrashuvdan asosiy maqsad – 15 avgustdan boshlab faoliyati tiklanayotgan obektlarda karantin qoidalari asosida ishlarni tashkil etilishini nazorat qilish.
Dastlab tumanda joylashgan Oloy bozori avtoturargohida umumiy ovqatlanish obektlari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi tadbirkorlarga ishni tashkil etishda sanitariya-gigiyena qoidalarini unutmaslik kerakligini eslatdi.
Bundan tashqari, hokim tadbirkorlarga ishchi xodimlarni ixtiyoriy ravishda haftada bir marta testdan o‘tkazib turish taklifini berdi.
Shundan so‘ng «Hyatt Regency» mehmonxonasi avtoturargohida tumandagi mehmonxonalar rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu yerda ham karantindan keyin mehmonxonaga tashrif buyuruvchilar va ishchi xodimlar xavfsizligini ta'minlash, ularni testdan o‘tkazib turish borasida fikr almashildi.
Ko‘ngilochar maskanlar rahbarlari bilan Toshkent hayvonot bog‘ida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ishga tayyorgarlik jarayoni, ushbu maskanlarga tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta'minlash, ishchi xodimlarning sanitariya-gigiyena talablariga rioya etgan holda ishlashini nazorat qilish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, tuman hokimi «Oloy» bozori avtoturargoh hududida aholidan koronavirusga test olish va inson salomatligi hamda immunitetini tekshirish bo‘yicha tibbiyot punktlari tashkil etilayotgani va tez orada ishlar yakuniga yetkazilishini ham ma'lum qildi.