Sil kasalligiga chalingan bemorlar uchun COVID-19 qanchalik xavfli? - Bosh ftiziatr bilan suhbat

O‘zbekiston 18:34 / 09.08.2020 20085
Nargiza Parpiyeva

– Nargiza Nusratovna, sizning asosiy faoliyatingiz o‘pka patologiyasi, xususan sil kasalligi bilan bog‘liq. Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganiga ham olti oy bo‘ldi, shu vaqt oralig‘ida sil kasalligi va COVID-19 birgalikda kelishi qay darajada kuzatilmoqda?

– Albatta, koronavirus infeksiyasi O‘zbekistonga kirib kelgan vaqtdan shu kunga qadar sil kasalligi va COVID-19'ning birgalikda kelishi statistikasi mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Bizning Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi misolida aytadigan bo‘lsak, 15 mart kunidan bugungi kungacha sil kasalligi va COVID-19 bilan kasallangan bemorlar aniqlanib, ularda silning klinik kechishi COVID-19 bo‘lmagan sil bemorlaridan hech qanday farq qilmadi, deyish mumkin.

Umuman, respublikada sil kasalligi bilan bog‘liq vaziyat qanday? Karantin holatining bu kasallik tarqalishiga ta'siri o‘rganilyaptimi?

– O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligiga qarshi oldindan olib borilayotgan barcha tadbirlar: silni aniqlash va davolash ishlari davom etmoqda. Davlat tomonidan bunga hozirgi kunda katta e'tibor berilmoqda. Ammo viloyatlarda vaziyat talab qilganda viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazlaridagi ba'zi binolarda COVID-19 aniqlangan bemorlar uchun alohida bo‘limlar tashkillashtirilgan.

– Fikringizcha, pandemiya kuz-qish oylarida ham susaymasa, kasallik qanday klinik kartina hosil qiladi va mavsum o‘lim ko‘rsatkichiga qay darajada ta'sir qilishi mumkin?

– Bu prognozni faqatgina epidemiologlar berishi mumkin.

– Siz faoliyat olib borayotgan tibbiyot markazida ham COVID-19'ga chalingan bemorlar davolanmoqdami? Ular boshqa bemorlar bilan qanday ajratilgan?

– Yuqorida aytib o‘tganimdek, bizning markazimizda sil kasalligi va COVID-19'ga chalingan bemorlar davolanmoqda. Bunday bemorlar aniqlanganda biz ularni barcha sanitar-gigiyena qoidalarga rioya qilgan holda alohida davolash bo‘limiga izolyatsiya qilib ham silni, ham COVID-19'ni davolash protokoli asosida davo ishlari olib bormoqdamiz.

– Bu kasallikni davolashda o‘pka mashqlari va tanaga suyuqlik jo‘natish bo‘yicha turlicha fikrlar bildirilmoqda. Siz COVID-19'ni davolashda bu ikki muolajaga qanday qaraysiz?

– COVID-19 kasalligini har bir bosqichidan kelib chiqib davolashda o‘ziga xos o‘pka mashqlari tavsiya qilinib, ularning ijobiy samarasi kuzatilmoqda. Biroq, ma'lum bo‘lishicha, COVID-19 bemorlariga ortiqcha suyuqlikni vena tomiriga tomchilab yuborish kasallikning asoratli kechishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun vena tomiriga suyuqlik yuborish tavsiya qilinmaydi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: