Toshkent shahridagi 59-maktab o‘quvchisi sil kasalini otasidan yuqtirib olgan. Bu haqda 31 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sanepidqo‘mita direktori o‘rinbosari Otabek Nurmatov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, o‘quvchining oilasida kasallik o‘chog‘i bo‘lgan, u otasidan kasallikni yuqtirib olgan, ota 2 yil oldin shu kasallikdan vafot etgan.
Mas’ul bu haqda Kun.uz muxbirining 59-maktabdagi holat va 2023 yilda silga moyil bolalar maktab-internatlar yopib yuborilgani o‘rtasidagi bog‘liqlik ehtimoli haqidagi savoliga javob berish asnosida gapirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, qiz 1-sinfdan beri 59-maktabda o‘qib kelgan.
«Silga moyil bolalar uchun ta’lim muassasalari faoliyat yuritishi uchun shunga yarasha kontingent bo‘lishi kerak. Bir bola uchun bir maktab, bir o‘qituvchi bitta dastur yoki bitta bino qurilmaydi. Shuning uchun vaziyatdan kelib chiqiladi», – deydi Otabekov.
U sil «davolasa bo‘ladigan» kasallik ekanini aytib, bundan fojia yasash kerak emasligini ta’kidladi.
«Sil kasali hozir to‘liq davolab yuboriladigan kasallik. Faqat kasallikning ba’zi bir shtammlari antibiotiklarga juda ham chidamli bo‘lgani uchun ular statsionar sharoitida huquqiy idoralarning qarori bilan davolanadi va ular aholi orasiga chiqarib yuborilmaydi. O‘ylaymanki, bemorlar hech qanaqa asoratlarsiz tuzalib ketadi», – deya mas’ulning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qo‘mita vakiliga ko‘ra, bunday vaziyatlarda maktablarda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari surunkali kasalligi bor o‘quvchilar ro‘yxatini tuzib, kasalikka chalingan yoki chalinmaganini erta aniqlash choralarini ko‘rish kerak.
Eslatib o‘tamiz, 24 yanvar kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 59-maktabning silga chalingan 11-sinf o‘quvchisi kasallikni sinfdoshiga yuqtirgani xabar qilingandi. Yana to‘rt kishida kasallikka moyillik aniqlangan va ular ham davolanishga yotqizilgan.
Oldinroq Kun.uz saytida respublikadagi silga moyil va skolioz bo‘lgan bolalar maktablari yopib yuborilayotgani va silga moyil o‘quvchilar oddiy maktab o‘quvchilariga qo‘shib o‘qitilishi mumkinligi haqida surishtiruv e’lon qilingandi.