Xitoy koronavirus Uhan laboratoriyasida yaratilganini rad etdi

Jahon 15:04 / 10.12.2024 1906

Uhan virusologiya instituti olimlari COVID-19 pandemiyasiga sabab bo‘lgan mikroorganizmlarni ilgari hech qachon o‘rganmagan. Institutning koronavirus tadqiqotlari rahbari Shi Jyengli bu haqda Yaponiyada o‘tkazilgan konferensiyada ma’lum qildi, deb yozmoqda Nature.

Dekabr oyi boshida AQSh hukumati koronavirus tarqalishining sabablari bo‘yicha ikki yillik tekshiruvlarga bag‘ishlangan hisobot e’lon qilgandi. Unda COVID-19 katta ehtimol bilan Uhan laboratoriyasida paydo bo‘lgani aytilgan. Hujjat mualliflarining ta’kidlashicha, virusda tabiatda uchramaydigan xususiyatlar aniqlangan.

Bunga javoban Jyengli Uhan laboratoriyasi pandemiyaga olib kelgan SARS-CoV-2 ni o‘rganish bilan shug‘ullanmaganini aytdi. Uhan virusologiya instituti vakili Xitoy janubidagi ko‘rshapalaklardan olingan o‘nlab yangi koronavirus turlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Institut muzlatkichlarida saqlanayotgan viruslarning hech biri COVID-19 ning so‘nggi ajdodlari qatoriga kirmaydi. Jyengli ta’kidlashicha, olimlar SARS-CoV-1 va SARS-CoV-2 ga chambarchas bog‘liq viruslar haqida ilmiy adabiyotlarda tasvirlangan ma’lumotlardan ortiq narsa topmagan.

Xitoylik mutaxassislarning bayonotiga Edinburg universiteti munosabat bildirdi. Evolyutsion biolog Jonatan Pekarning aytishicha, yangi ma’lumotlar Uhandagi olimlar COVID-19 ustida ishlamaganini ko‘rsatmoqda. Tadqiqotchilar xavfli virus qayerdan kelib chiqqanini sinchkovlik bilan o‘rganishda davom etishi kerak.

SARS-CoV-2 ga chalinish bo‘yicha birinchi holat bundan besh yil oldin, 2019 yil dekabr oyida Uhan shahrida tasdiqlangan. Koronavirus butun dunyo bo‘ylab tez sur’atda tarqala boshladi, natijada 2020 yil 11 martda pandemiya e’lon qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 770 milliondan ortiq odam COVID-19 ga chalindi, taxminan 7 million kishi kasallikdan vafot etdi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, haqiqiy ko‘rsatkichlar bundan ancha yuqori bo‘lishi kerak. Eng keng tarqalgan taxminlardan biriga ko‘ra, kasallikni birinchi bo‘lib yuqtirgan odam Uhandagi hayvonlar bozori sotuvchisi bo‘lgan. Biroq koronavirusning kelib chiqish manbasi haligacha aniqlangani yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: