Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 59-maktabning 11-sinf o‘quvchisida sil kasalligi aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
O‘quvchi qiz 2024 yil 26 dekabrda Toshkent shahar 3-sonli ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.
“Bemor opasining so‘zlariga ko‘ra, singlisi so‘nggi oylarda tez-tez betob bo‘lgan. Davolanish uchun faqat xususiy klinikaga murojaat qilgan. Oxirgi marta LOR-shifokor ko‘rigidan keyin 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Aniqlanishicha, dispanserda o‘tkazilgan rentgenografiya tekshiruvida qizga “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi yallig‘langan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qo‘yilgan va u Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.
Vazirlik o‘quvchi qiz bilan uyda muloqotda bo‘lgan 6 kishi (2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024 yil 27 dekabrda 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan o‘tkazilgani va ularda faol sil kasalligi aniqlanmaganini ma’lum qilgan.
Bemor bilan muloqotda bo‘lgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud 59- maktabning, shuningdek, bemor qo‘shimcha darsga qatnagan xususiy o‘quv maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.
Tekshiruvlarda qizning yaqin dugonasi bo‘lgan sinfdoshida ham sil aniqlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Bundan tashqari, 3 nafar o‘quvchi va 1 nafar o‘qituvchida kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.
Holat bo‘yicha 59-maktab direktoriga nisbatan Sanepid Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, hozir 59-maktabda kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sabab bu maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 115-umumta’lim maktabida, yuqori sinf o‘quvchilari esa tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabida o‘qishni davom ettiryapti.
SSVga ko‘ra, 2025 yilning 21 yanvarida 82-sonli umumta’lim maktabida takroriy zararsizlantirish va dimlash tadbirlari, 2025 yil 22 yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari o‘tkazilgan. 115-maktabda esa zararsizlantirish 23 yanvarda tashkil qilingan.
Oldinroq, Kun.uz respublikadagi silga moyil va skolioz bo‘lgan bolalar maktablari yopib yuborilayotgani va silga moyil o‘quvchilar oddiy maktab o‘quvchilariga qo‘shib o‘qitilishi mumkinligi haqida surishtiruv e’lon qilgan edi.