A Seriya yakunlari: Boshqacha «Yuventus», Gasperini «bolalari», eng yaxshi Dibala va boshqa voqealar

Sport 18:02 / 04.08.2020 11016

Boshqacha «Yuventus»

26 iyul. Turin. Futbolchilar chempionlikni nishonlamoqda. Foto: «Yuventus»

«Yuventus» qatorasiga to‘qqizinchi bor chempionga aylangan bo‘lsa-da, bu safar jamoa o‘yinini u qadar ishonchli deb bo‘lmaydi. Hatto Turin jamoasi muxlislari ham, ba'zida, g‘alabali o‘yinlardan norozi bo‘lishdi, Chempionlar Ligasi oldidan qarashlarni optimistik deb bo‘lmaydi.

Sarrining baxtiga, aytaylik, ikki yil oldingi «Napoli» kabi 90 ochko to‘playdigan barqaror jamoalar bo‘lmadi, aks holda, bemalol «Yuventus» ortda qoldirilishi mumkin edi. Hatto karantindan keyingi davrda ham, «Latsio» yoki «Inter» barqarorroq o‘yin ko‘rsatganda raqobat jiddiyroq kechishi turgan gap edi. «Yuventus» tanaffusdan so‘ng to chempion bo‘lguncha ham, 9 o‘yindan 4tasida ochko yo‘qotdi.

Boshqa raqamlar ham «Yuventus»ning so‘nggi yillardagi eng kuchsiz chempion ekanini tasdiqlaydi:

  • «Yuventus» 43 gol o‘tkazdi. Bu so‘nggi 62 yildagi Italiya chempionlari ichida ikkinchi yomon natijadir.
  • So‘nggi 18 yilda birinchi marta birinchi va ikkinchi o‘rinlar o‘rtasidagi farq atigi 1 ochkoni tashkil qildi. Albatta, «Yuventus» 2 tur qolganda chempion bo‘lgach, so‘nggi o‘yinlarni yutqazganini ham e'tiborga olish kerak.
  • So‘nggi 16 yilda A Seriya chempionlari turnirda eng ko‘p gol urgan va eng kam o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘lardi. Bu safar «Yuventus» urilgan gollar soni bo‘yicha 5-o‘rinni oldi, Ronaldu hamda jamoa «Atalanta», «Inter», «Latsio» va «Roma»dan kamroq gol urdi. «Inter» va «Latsio»dan ko‘proq gol o‘tkazdi.
  • «Yuventus» 39 o‘yinda birinchi marta o‘z maydonidagi o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. 38-turda «Roma» Turindagi o‘yinda 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

«Milan» qaytyaptimi?

Foto: Getty Images

Karantindan keyingi davr chempioni shubhasiz «Milan» klubi bo‘ldi. Tanaffusgacha davrni mag‘lubiyat bilan tugatgan «Milan»da Stefano Piolining ishlari shubha ostiga olinayotgan bir pallada, hammasi teskari tus oldi – jamoa qatorasiga 13 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkaza oldi. Atigi 4 durang bu ham «Yuventus», «Napoli» va «Atalanta» bilan o‘yinlarda. SPALga qarshi o‘yin ham omadsiz kechdi, so‘nggi daqiqalardagi gol evaziga hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Murabbiydan tashqari, «Milan»dagi bu muvaffaqiyatli yurishni, ayniqsa oldingi chiziqdagi uch ustun – futbolchiga bog‘lash mumkin. Hoqon Chalxono‘g‘li, Zlatan Ibrahimovich va Ante Rebich. Ushbu futbolchilar harakatlari bilan «Milan» so‘nggi 12 yilda ilk marta qatorasiga 20 o‘yinda raqib darvozasini ishg‘ol qila oldi. Chalxono‘g‘lida gol+pas tizimida 9+10, Ibrahimovichda 10+5 va Rebichda 11+3. Zlatan Italiya chempionatida 10ta gol urishning uddasidan chiqqan eng yoshi katta futbolchiga aylandi – 38 yil 302 kun.

«Milan»ning mavsum so‘ngida ko‘rsatgan o‘yini kelasi mavsum uchun qay darajada poydevor bo‘lishi mumkinligini ayniqsa, yozgi transferlar hal qiladi. Karantindan keyingi o‘yinlar «Milan»ga Yevropa Ligasi yo‘llanmasidan tashqari, o‘ziga bo‘lgan ishonchni taqdim etdi, deyish mumkin. Pioli qoladigan bo‘ldi, demak, klub hech narsani o‘zgartirmasdan, bugungi ishlar ustiga sifatni, barqarorlikni oshiruvchi xaridlar qilishi kutiladi. Buning ustiga ayniqsa emotsional jihatdan jamoaga ancha yordam bergan Zlatan Ibrahimovich omili yangi mavsumda bu qadar bo‘lmaydi.

Chiro Immobile – «Oltin butsa» sohibi

Foto: instagram.com/official_sslazio

Fransiya chempionati erta tugatilgani, Ispaniyada Messi va Ronaldu raqobati poyoniga yetgani munosabati bilan «Oltin butsa» sohibi Italiyadan chiqdi. A Seriyada haddan tashqari ko‘p penalti belgilangani, masalan, Chironing o‘zi mavsumda 13 bor nuqtadan raqib darvozasini ishg‘ol qilgani katta gap, ammo «Latsio» hujumchisi rostan ham mavsumni o‘ta yuqori saviyada o‘tkazganini inkor qila olmaymiz.

Chironing 36 goli A Seriyada italiyalik futbolchilar uchun rekord ko‘rsatkichdir, shuningdek, bir mavsumda gollar soni bilan chempionat rekordi sohibi Gonsalo Iguain ko‘rsatkichi takrorlandi. Immobile safar o‘yinlarida 17 gol muallifi bo‘ldi – bu ham A Seriya tarixidagi eng yaxshi natija.

Bundan tashqari, faoliyatidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazgan 30 yoshli hujumchi 9 golga hammualliflik qildi, ya'ni gol+pas ko‘rsatkichi bo‘yicha 45 ochkoni qo‘lga kiritdi. Bu natija bo‘yicha u Yevropada, aniqrog‘i, «kuchli beshlik»da faqat Leo Messidan ortda, xolos.

Gasperini «mo‘jiza»si

Foto: Getty Images

Albatta, bergamoliklarning bu mavsumda ko‘rsatgan o‘yinlarini mo‘jizaga tenglashtirish Gasperini mehnatlariga nisbatan adolatsizlik, shuning uchun qo‘shtirnoqqa olindi. «Atalanta» namoyish qilgan o‘yin nafaqat Italiyada, balki Yevropada ham katta e'tibor qozondi. Bu natijalar bir – cheklangan tarkib imkoniyatlari, ikki – asosan yoshi kattaroq bo‘lgan futbolchilar bilan, uch – ikki frontda ham birdek muvaffaqiyat bilan qayd etilgani yanada ko‘proq e'tirofga arziydi.

«Atalanta» chempionatda 98 gol urdi – eng yaqin ko‘rsatkichdan 17 golga ko‘p. Shuningdek, raqib darvozasiga berilgan aniq zarbalar, yaratilgan xavfli vaziyatlar bo‘yicha ham «Atalanta» ligada yetakchi. Birato‘la 3 futbolchi mavsumda 15tadan ko‘p gol urishning uddasidan chiqdi. 7 futbolchi gol+pas ko‘rsatkichi bo‘yicha 10tadan ko‘proq ochkoga ega bo‘ldi – bu butun Yevropa uchun eng yaxshi ko‘rsatkich. 6 o‘yinda «Atalanta» 5 va undan ko‘proq gol urishga muvaffaq bo‘ldi, 3 o‘yinda esa raqiblar darvozasi 7 martadan ishg‘ol qilindi.

Jamoaning alohida top-o‘yinlardagi natijalari ham diqqatga sazovor, ayniqsa, «Yuventus»ga qarshi o‘yinda qariyb 8 daqiqa raqibga to‘pni nazorat qilishga imkon bermagani ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. Gasperini shogirdlari Yevropa Chempionlar Ligasida ham ishonchli o‘yin ko‘rsatib, chorak final ishtirokchisiga aylanib ulgurishgan.

Bularning hammasi «Napoli»ga sig‘may ijarama-ijara yurgan Duvan Sapata, «Sevilya»da asosiy tarkib futbolchisiga aylanaa olmagan Luis Muriel, 32 yoshga kirib, yorqin yillari «Fiorentina»da qolgan deb hisoblangan Ilichich, Ukrainada o‘ynab keta olmagan Ruslan Malinovskiy, «Chelsi» tarbiyasini ko‘rib, lekin «Spartak»da ham o‘ynab keta olmagan Pashalich kabi futbolchilar bilan erishilgani, aynan, yuqorida tilga olingan «mo‘jiza» ta'rifiga mos keladi.  

E'tiborli statistika

Foto: Emilio Andreoli/Getty Images
  • Danilo D’Ambrozioning «Atalanta» darvozasiga 50-soniyada urgan goli mavsumning eng tezkor goli bo‘ldi.
  • So‘nggi 25 yilda ilk marta «Inter» 79 ochkodan ko‘p to‘plagan holda chempion bo‘lolmadi. 
  • «Bolonya» qatorasiga 33 o‘yinda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. Bu A Seriyaning antirekordi sanaladi, shuningdek, bu o‘yinlarda o‘tkazilgan 65 gol – «Bolonya» tarixidagi eng yomon natija.
  • «Lechche» so‘nggi 25 yillikda 52ta gol urib ham A Seriyani tark etgan ilk jamoa.
  • SPAL 28 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. 2017/18 yilgi mavsumdagi «Benevento»da yomonroq ko‘rsatkich bo‘lgan xolos – 29 mag‘lubiyat.
  • Eng ko‘p muxlis tushgan o‘yin – «Inter» – «Yuventus». 7-tur. 75 923 tomoshabin.
  • Eng kam muxlis (karantindan oldingi davr) «Atalanta» – «Torino» o‘yinida – 8182. Ammo bu o‘yin neytral maydonda, Parmada bo‘lib o‘tganini ham ta'kidlash kerak.
  • Eng uzoq g‘alabali seriya «Latsio»da – 11 o‘yin. Mag‘lubiyatsiz seriya ham rimliklarda – 21 o‘yin. «Breshiya» qatorasiga 14 o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmagan. SPAL va «Kalyari» ketma-ket 4 o‘yinda raqib darvozasiga yo‘l topa olmagan.
  • Raqiblar darvozasiga eng ko‘p zarba bergan futbolchi – Krishtianu Ronaldu. 208 zarbadan 80tasi aniq yetib borgan. Aniq zarbalar bo‘yicha ham Ronaldu ligada peshqadam bo‘ldi.
  • Eng ko‘p qoida buzgan futbolchi «Latsio» yarim himoyachisi Sergey Milinkovich-Savich (71) bo‘lsa, raqiblar eng ko‘p marta (103) Andrea Belottiga qarshi qo‘pollik qilishgan.
  • Eng zo‘r dribler – Jyeremi Boga (Sassuolo). U 132 marta raqiblarni aldab o‘tib, bu borada yaqin ta'qibchisi Kastrovillidan («Fiorentina») 40taga o‘zib ketgan. 
  • Eng ko‘p seyv amalga oshirgan darvozabon – Gabriel («Lechchi») – 155ta. «Udineze» posboni Xuan Musso esa eng ko‘p – 14 o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini ta'minlay olgan.

Eng yaxshi o‘yinchilar

26 iyul. Turin. «Yuventus» futbolchilari chempionlikni nishonlamoqda. Foto Reuters

Italiyaning eng nufuzli nashri La Gazzetta dello Sport mavsumning eng yaxshi o‘yinchilaridan iborat yuztalikni aniqladi. Bunda kriteriyalar sifatida futbolchining o‘yinlarda qo‘lga kiritgan o‘rtacha bahosi, gollari, barqarorligi, jamoasi o‘yiniga ta'siri e'tiborga olindi.

Bu ro‘yxatda eng yaxshi futbolchi sifatida «Yuventus» hujumchisi Paulo Dibala e'tirof etildi. Qizig‘i, ilk yigirmatalikda chempion klubdan atigi ikki futbolchi bor – Dibala va Ronaldu. Portugaliyalik yulduz uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

«Atalanta» tarkibidan esa, bira to‘la 4 futbolchi ushbu ro‘yxatga kirgan – Gomes (4), Ilichich (10), Sapata (13) va Gosens (17). Umuman, yuztalikda bergamoliklar va «Inter» futbolchilari eng ko‘p – 10tadan. «Atalanta»ning 8 futbolchisi 40talikda ekanini ham alohida ta'kidlash kerak.

Qizig‘i, bir qator tushunish qiyin holatlar ham bor. Masalan, Pyanich, Romanoli, Pashalich va Orsolini kabi futbolchilar hatto yuztalikka ham kira olishmagan. Sofyan Amrabat esa, Ilichich, Kulusevskidan ham yuqorida, 8-o‘rindan joy olgan. «MYu»ga sig‘magan Kris Smolling «Barselona» «sovchi qo‘ygan» Lautaro Martinesdan tepada. OPTA o‘lchovlarida chempionatning ramziy terma jamoasidan joy olgan Fabian Ruis esa, umuman yuztalikda yo‘q.

Quyida jamoalar bo‘yicha yuztalikka kirgan futbolchilar ro‘yxati:
«Yuventus» (9): Dibala (1), Ronaldu (3), Shchensni (24), Bonuchchi (36), Kuadrado (47), De Ligt (51), Bentankur (61), Iguain (68), Buffon (100)
«Inter» (10): Lukaku (5), De Vrey (25), Martines (29), Kandreva (42), Brozovich (59), Sanches (66), Barella (72), Yang (76), Handanovich (79), Bastoni (85)
«Atalanta» (10): Gomes (4), Ilichich (10), Sapata (13), Gosens (17), Muriel (23), Froyler (30), De Ron (31), Malinovskiy (38), Toloy (57), Kastan (84)
«Latsio» (8): Immobile (2), Luis Alberto (6), Milinkovich-Savich (14), Ladzarri (41), Acherbi (45), Kaysedo (58), Leyva (71), Strakosha (73)
«Roma» (7): Jyeko (21), Smolling (27), Dzanolo (33), Pellegrini (48), Mxitaryan (52), Veretu (54), Kolarov (91)
«Milan» (7): Ibrahimovich (7), Ernandes (18), Rebich (26), Donnarumma (44), Bennaser (63), Chalxono‘g‘li  (69), Ker (90)
«Napoli» (4): Mertens (46), Demme (65), Insine (74), Milik (87)
«Sassuolo» (5): Berardi (11), Kaputo (19), Lokatelli (22), Boga (32), Myuldyur (86)
«Verona» (8): Amrabat (8), Pessina (40), Kumbulla (50), Velozu (53), Lazovich (70), Dzakkani (77), Faraoni (83), Di Karmine (99)
«Fiorentina» (4): Riberi (16), Milenkovich (28), Kastrovilli (49), Keza (81)
«Parma» (3): Kulusevski (9), Kornelius (60), Jyervino (82)
«Bolonya» (3): Barrou (56), Palasio (62), Soriano (80)
«Udineze» (4): De Pol (35), Musso (39), Fofana (43), Lazanya (93)
«Kalyari» (6): Nainggolan (15), Joao Pedro (34), Krano (37), Nandes (55), Simeone (67), Rog (78)
«Sampdoriya» (2): Kvalyarella (92), Gabbyadini (95)
«Torino» (3): Sirigu (12), Belotti (20), Ansaldi (98)
«Jyenoa» (1): Pandev (94)
«Lechche» (3): Falko (64), Lapadula (88), Mankozu (89)
«Breshiya» (2): Tonali (75), Torregrossa (96)
SPAL (1): Petanya (97)

Qahramon Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: