«Xalqimizga foydamiz tegsa bas» - savob umidida kislorod uskunalari berayotgan tadbirkor bilan suhbat

Jamiyat 16:38 / 03.08.2020 23430

– O‘zim toshkentlikman, 40 yoshdaman, tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, – deya so‘z boshladi suhbatdoshimiz Alisher Hakimxo‘jayev. – Yaqinda yon qo‘shnim shu kasallikdan og‘irlashib qoldi. Rosa qidirib, kerakli uskunalarni topa olmadik. Keyin do‘stimning onalari shu muammoga duch kelib vafot etdi. Shunda bu uskunalarga katta zarurat borligini his qilib, mana shu tashabbusga qo‘l urdik.

– Ayni paytda qanday turdagi nechta apparatingiz bor, ya'ni necha kishiga bunday yordam ko‘rsata olasiz?

– O‘zimda 6ta, do‘stlarimizda 4-5ta, jami 10tadan ortiq oksigenerator apparati, bir necha pulsoksimetrlar bor. Bu ishga savobtalab o‘rtoqlarim ham bosh qo‘shishgan va shukrki, ularning safi kengayib borayapti.

– Zarur uskunalarni bepul berasizmi yoki ijara asosidami? Ijara asosida bo‘lsa, narxlari qanaqa?

– Asosan bepul beramiz. Lekin ijaraga beriladigan holatlar ham bo‘ladi. Agar bemorning moliyaviy imkoniyati yaxshi bo‘lsa, sharoitiga qarab, o‘zi istagancha ijara haqi olamiz. Va ijara haqi olayotgan odamimizga ham tushgan pullar yana yangi uskunalar olishga sarflanishini tushuntiramiz. Lekin 95 foizdan ortiq odamlarga bepul beramiz.

Bir raqamni aytsam tushunib olasiz – shu paytgacha ijaradan 1 mln so‘m pul oldim. Chunki asosan muhtojlar murojaat qiladi, badavlat odam esa o‘zi xarid qilib olaveradi. Ya'ni bu uskunalarni ijaraga berib tirikchilik qilish niyatimiz aslo yo‘q. Maqsadimiz – xalqimizga og‘ir paytda ozmi-ko‘pmi ko‘mak berish.

Uskunalar bo‘sh qolsa, «axir qayerdadir kimdir nafas olishga qiynalib yotgandir» deb ozgina diqqat bo‘laman. Shuning uchun muhtojlar +998998845515 raqamiga, do‘stimiz Alisherga qo‘ng‘iroq qilsalar, bo‘sh-bandligiga qarab imkon qadar olib borib o‘rnatib beramiz. Hozircha faqat Toshkent shahriga yetkazib bera olamiz.

– Uskunalarni qayerdan, qaysi mablag‘ hisobiga olib kelgansiz, narxlari qanaqa? Buning uchun homiylar yordam berishganmi?

– O‘zimizning o‘rtoqlarimiz bilan, shaxsiy mablag‘imizga olib kelganmiz. Faoliyatim ham chet eldan mahsulot olib kelish bilan bog‘liq. Bu yerda biror homiyning ko‘magi bo‘lmagan.

Xitoydan olgan uskunalarimiz narxi 800-1000 dollar atrofida tursa, Yevropadan keltirilganining qiymati 2,5 ming dollar. Qimmatga xarid qilganimiz og‘ir ahvoldagi ikki bemorni bemalol kislorod bilan ta'minlab tura oladi.

– Siz kabi faoliyatni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lganlarga nima degan bo‘lardingiz?

– Albatta, har kim o‘z savob-gunohiga o‘zi javobgar, oxirat uchun o‘zi zaxira qiladi. Umid qilardikki, imkoni borlar hozir yordam berishlari har qachongidan ham zarurroq.

Biz nima qilsak, o‘zimiz uchun qilamiz, Alloh uchun deganimiz bilan yaratgan bizning biror yaxshiligimizga muhtoj emas. Aksincha, biz Allohdan savob umididamiz. Agar kimdir safimizga qo‘shilmoqchi bo‘lsa, yoki o‘zi shunday ish qilsa, biz bundan faqat xursand bo‘lamiz.

– Xayrli amallaringiz savobini ko‘paytirib bersin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: