AQSh davlat kotibi: odamlarni Ukraina barcha hududlarini qaytarib olishiga ishontirish noto‘g‘ri edi

Jahon 21:23 / 31.01.2025 5512

AQSh davlat kotibi Marko Rubio tinchlik bitimi tuzishda Rossiya ham, Ukraina ham yon berishi lozimligini yana bir bor ta’kidladi. U bu haqda jurnalist Megin Kelliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Rubio Vladimir Putin qilgan ishlarning barchasi qo‘rqinchli bo‘lsa-da, hozirda yuzaga kelgan reallik — urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgani hamda tinchlik muzokaralariga urinmasdan Ukrainani moliyalashtirishda davom ettirish faqat yangi vayrongarchiliklarga va qurbonlarga olib kelishida ekanini aytgan.

«Ukraina 100 yil ortga uloqtirildi, uning energetikasi yakson etildi. Buni tiklash uchun kimdir to‘lashi kerak bo‘ladi. Ko‘plab ukrainlar boshqa mamlakatlarga ketishdi va hech qachon qaytmasliklari mumkin.  Bu borada mamlakat kelajagi xavf ostida. Prezident nuqtayi nazaridan, bu uzoqqa cho‘zilgan mojaro va unga barham berish kerak. Muzokaralar kerak va muzokaralarda ikki tomon ham nimadandir voz kechishi kerak.

Biz qandaydir tarzda odamlar Ukraina nafaqat Rossiyani mag‘lub etishga qodirligi, balki barchasini 2012 yil yoki Rossiya Qrimni egallab olgan 2014 yilgacha bo‘lgan holatga qaytara olishiga ishonishiga yo‘l qo‘yishimiz noto‘g‘ri bo‘lgan», deydi u.

Rubio Donald Tramp barqaror tinchlikka erishishni o‘zining asosiy vazifasi sifatida bilishini ta’kidlagan. U Putin va Volodimir Zelenskiydan qaysi birining pozitsiyasi buni amalga oshirishda katta to‘siq hisoblanishi haqidagi savolga aniq javob bermagan. U faqat keskin bayonotlar ko‘pincha ichki siyosiy maqsadlar uchun qilinishi, tomonlarning real pozitsiyalari esa boshqacha bo‘lishi mumkinligini bildirgan. «Hatto Putin, mediani nazorat qiladigan shaxs ham Rossiyadagi jamoatchilik fikridan xavotirlanadi», — deydi Rubio.

Davlat kotibi kelishuvga faqat Tramp rahbarligidagi AQSh vositachiligida erishish mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirib, buning uchun hali «ko‘p mehnat qilinishi» lozimligini ta’kidlagan. «Bu oson bo‘lmaydi va ma’lum vaqt talab etadi», — degan u.

Urushning dastlabki yillarida izchil ravishda urush faqat Ukrainaning xalqaro tan olingan barcha hududlari (shu jumladan Qrim) ustidan nazoratni tiklash bilan tugashi kerakligini ta’kidlagan Zelenskiy 2024 yilning kuzidan boshlab ritorikani yumshatdi va Ukraina hududlarining bir qismi de-fakto Rossiya Federatsiyasi nazorati ostida qolishi ehtimoliga ko‘na boshladi. Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina yuridik jihatdan o‘z hududlarini topshirishini tan olmasligini ta’kidlaydi.

Putin esa 2022 yil kuzida Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan to‘rt oblasti (Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya) to‘lig‘icha Moskva nazoratiga o‘tishi kerakligini ta’kidlab keladi. U muzokaralarga tayyorligini bildirgan, lekin Zelenskiyni «nolegitim» prezident deb atagan va tinchlik shartnomasini u imzolashiga rozi bo‘lmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: