Vazirlik Baliqchida bog‘cha mudirasi o‘limi bilan bog‘liq voqeani o‘rgandi. Tuman MTB mudiri ishdan olindi

Jamiyat 13:40 / 11.07.2020 48380

Maktabgacha ta'lim vazirligi Andijon viloyati, Baliqchi tumanidagi 11-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotining sobiq rahbari o‘z joniga qasd qilishi voqeasi yuzasidan rasmiy munosabatini e'lon qildi.

Ma'lum qilinishicha, Maktabgacha ta'lim vaziri buyrug‘iga ko‘ra tuzilgan ishchi guruh Baliqchi tumani maktabgacha ta'lim boshqarmasi (MTB) faoliyati hamda ushbu tumandagi 11-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti (MTT) rahbari G.Xo‘jaqulovaning o‘z joniga qasd qilishi tufayli o‘limi holatini o‘rgangan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, bog‘chada qurilish-ta'mirlash ishlari vaqtida budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlangan, tuman mudiri ishdan olingan.

«Joriy yil 4 may kuni soat 15:00da 1967 yil tug‘ilgan G. Xo‘jaqulova yashab turgan manzilida o‘z joniga qasd qilgan, tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan uning hayotini saqlab qolish uchun qilingan harakatlarga qaramay, 17 may kuni shifoxonada vafot etgan.

G.Xo‘jaqulova Baliqchi tumanidagi 11-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida 11.11.2010 yildan buyon mudira lavozimida ishlab kelgan.

Baliqchi tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvga ko‘ra, marhuma G.Xo‘jaqulova sog‘lig‘i hamda ishi bilan bog‘liq muammolar tufayli ruhiy holatidagi o‘zgarishlar natijasida o‘z joniga qasd qilgani aniqlangan. Tuman prokuraturasi tomonidan tayinlangan sud psixiatrik-psixologik ekspertizasi xulosasida ko‘rsatilishicha, bu salbiy holatga ichki qalbiy ziddiyatlar natijasidagi hissiy hayajon turtki bo‘lgan, uning natijasida yuzaga kelgan hissiy beqarorlik joniga qasd qilish holatiga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ekspertiza xulosasi asosida tuman prokuraturasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha tegishli qaror qabul qilingan.

Maktabgacha ta'lim vazirligi ishchi guruhi tomonidan olib borilgan tekshiruv xulosasiga ko‘ra, Baliqchi tumani MTB rahbari S.Xonkeldiyevaning o‘z xizmat vazifasiga mas'uliyat bilan yondashmaganligi natijasida MTBda nosog‘lom muhit yuzaga kelgan.

Shuningdek, tekshiruv davomida Baliqchi tumanidagi 11-sonli davlat MTTda qurilish-ta'mirlash ishlarini olib borgan «Milano qurilish» MChJ rahbari N.Rasulov tomonidan rasmiy hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritilib, qalbaki hujjatlardan foydalanish orqali budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani, qurilish-ta'mirlash ishlarining o‘zi sifatsiz bajarilgani aniqlandi.

Aniqlangan ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, ishchi guruh, Baliqchi tumani MTBsida ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagani, rahbar xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani, idoraviy nazorat susaytirib yuborilgani va natijada aholi orasida maktabgacha ta'lim tizimiga nisbatan norozilik kayfiyati paydo bo‘lganini aniqladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Andijon viloyati, Baliqchi tumani MTBsi mudiri S.Xonkeldiyeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2020 yil 26 iyun kuni bekor qilindi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi marhum G.Xo‘jaqulovaning qizi va oila a'zolariga uning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildiradi», deyiladi vazirlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, 15 may kuni Kun.uz'da «Andijon viloyatida ishini yo‘qotgan bog‘cha mudirasi o‘z joniga qasd qildi» sarlavhali surishtiruv e'lon qilingan va unda Baliqchi tumani 11-maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi Gulchehra Xo‘jaqulova yashash xonadonida o‘zini osgani haqida xabar qilingandi. Keyinchalik 17 may kuni Gulchehra Xo‘jaqulova kasalxonada vafot etgani ma'lum bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: