O‘zbekiston | 10:42 / 01.02.2025
2851
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda har uchinchi YTH yuk va yo‘lovchi transporti ishtirokida sodir bo‘lgan

2024 yilda O‘zbekistonda 9364 ta YTH qayd etilgan bo‘lib, shundan 3045 tasi (32,5 foiz) yuk mashinalari va yo‘lovchi tashuvchi transportlar ishtirokida sodir bo‘ldi. YTHning deyarli yarmi Damas ishtirokida bo‘lgan. 

Foto: Kun.uz

2024 yil davomida O‘zbekistonda 9364 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan bo‘lib, shundan 3045 tasi (32,5 foiz) yuk va yo‘lovchi tashishni amalga oshiruvchi transport vositalari bilan bog‘liq. Bu haqda Qonunchilik palatasining majlisida transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.

Yuk va yo‘lovchi transporti ishtirokidagi YTHning umumiy sonidan:

  • eng ko‘p holatlar Damas mikrovenlari (jamoat transporti sifatida keng qo‘llaniladi) ulushiga to‘g‘ri keldi — 1592 (52,3 foiz);
  • yuk transportlari — 558 ta holat (18,3 foiz);
  • avtobuslar — 137 ta holat (4,5 foiz);
  • mikroavtobuslar — 29 ta holat (0,95 foiz).

Hisobotda alohida ta’kidlanishicha, 351 ta YTH (3,7 foiz) haydovchilar ish va dam olish rejimiga rioya qilmagani sababli rulda uxlab qolgani ortidan sodir bo‘lgan. Bunday avariyalar oqibatida 189 kishi halok bo‘lgan, 285 kishi jarohat olgan.

Avtomobilni boshqarish paytida uxlab qolish dunyodagi yo‘l-transport hodisalarining eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biridir. Haydovchilarga fojiali oqibatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, ayniqsa, uzoq safarlarda dam olish tartibiga rioya qilish tavsiya etiladi.

Mavzuga oid