Surxondaryo va Jizzaxda noqonuniy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yildi

Jamiyat 10:05 / 10.07.2020 14627

Ma'lumotlarga ko‘ra, guruhni tashkil etgan shaxs Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida mavsumiy ishlashi davomida ekstremistik va terroristik tashkilot tarafdorlari ta'siriga tushib qolgan. Keyinroq Boysun tumanidan borgan o‘z vatandoshlarini ham bu yo‘lga da'vat qilgan. 1986 yil hamda 2002 yil oralig‘ida tug‘ilgan guruh a'zolari 2016—2019 yillarda mehnat migranti sifatida Rossiyada ishlab yurganida o‘zaro yig‘inlar o‘tkazgan.

O‘zaro yig‘inlarda guruhlar a'zolari diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining, jumladan, Abu Saloh, Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiyning hijrat va jihod qilish to‘g‘risidagi audio, videoma'ruzalari hamda da'vatlarini tinglab, «Jihodchilar» oqimi g‘oyalarini o‘z atrofidagilarga targ‘ib qilib kelishgan. Shuningdek, Suriya davlatidagi «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shilish masalalari muhokama etilgan. Bundan tashqari, ular Suriyadagi safdoshlariga pul mablag‘larini ham yuborib turgan.

Guruh a'zolarining yashash manzillarida o‘tkazilgan tintuv tadbirlari davomida audio va videofayllar saqlangan 30ta mobil telefon, 55ta flesh-karta, 54ta DVD disk, kompyuter, planshet borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan ma'lumotlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun protsessual tarzda rasmiylashtirilib olingan.

Shuningdek, Jizzax shahrida ham bu kabi noqonuniy faoliyat kuzatilgan. Xususan, 1998 yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan fuqaro 2017-2019 yillarda Turkiyada ishlashi davomida diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar ta'siriga tushib, ularni o‘z atrfodagilarga targ‘ib qilib kelgan.

Dastlab u 2000 yilda tug‘ilgan ukasini o‘z ta'siri ostiga olgan. Aka-ukalar «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i orqali, keyinroq Telegram’dagi guruh orqali ekstremistik oqim g‘oyalarini faol qo‘llab-quvvatlagan. Guruhga 1983 yildan 1998 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 23 kishi a'zo bo‘lgan. Ulardan 250dan ortiq audio va videomateriallar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: